Payshanba, 12-noyabr, 2026 Toshkent +1° USD 11 964,27 EUR 13 323,41 RUB 144,49

YoShLAR TOMONIDAN SODIR ETILAYoTGAN JINOYaTLAR HAMDA HUQUQBUZARLIKLARNI OLDINI OLISh DAVR TALABI

Farzand niholga oʻxshaydi. Uni yoshligidan qanday tarbiyalasak, shunday voyaga yetadi. Bunda albatta oila, mahalla, jamiyatdagi muhit muhim ahamiyatga ega. Oʻzi, oilasi, xalqi, maʼnaviy ildizlari haqida yetarli tushunchaga ega boʻlgan…

YoShLAR TOMONIDAN SODIR ETILAYoTGAN JINOYaTLAR HAMDA HUQUQBUZARLIKLARNI OLDINI OLISh DAVR TALABI

Farzand niholga oʻxshaydi. Uni yoshligidan qanday tarbiyalasak, shunday voyaga yetadi. Bunda albatta oila, mahalla, jamiyatdagi muhit muhim ahamiyatga ega. Oʻzi, oilasi, xalqi, maʼnaviy ildizlari haqida yetarli tushunchaga ega boʻlgan bola jinoyat koʻchasiga qadam bosmaydi. Bunga erishish uchun jamiyatning har bir aʼzosi zimmasidagi masʼuliyatni chuqur his etishi, burchini sidqidildan bajarishi lozim

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda “Bolalarni ularning sogʻligʻiga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonunlar qabul qilindi. Bundan tashqari, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish boʻyicha faoliyatni muvofiqlashtirishning taʼsirchan tizimini yaratish, qonun buzilishlarining oldini olish va ularni bartaraf etishning zamonaviy tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini joriy etish maqsadida Prezidentimizning “Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida koʻplab muhim masalalar qatori yoshlar oʻrtasida jinoyatchilikning oldini olishga ham alohida eʼtibor qaratilgan.

Ichki ishlar vazirligi tomonidan berib borilayotgan axborotlardan xulosa qiladigan boʻlsak, bugun yoshlar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlar sirasiga – oʻgʻirlik, talonchilik, bosqinchilik kiradi. Bularning esa tag-zaminida mulkiy manfaatdorlik yotadi. Mulkiy muammolarni – birovlarning burnini qonatish hisobiga hal etishga intilish esa kishining maʼnaviy qashshoqligini anglatadi.

Mamlakatimizda jinoyatchilik va uni keltirib chiqaruvchi shart-sharoitlarni bartaraf etishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bu yoʻnalishda yoshlarning jinoyatchilik yoʻliga oʻtishlarining oldini olishga katta eʼtibor qaratilyapti.

Tadqiqotlar natijasida yoshlar huquqbuzarliklarining oldini olishning tashkiliy va huquqiy choralarini belgilash va hal etishda bir qator muammolar mavjudligi aniqlandi. Xususan, ota-onalar tomonidan farzandlarining taʼlim muassasalarida taʼlim olishini pedagogik nazorat qilish darajasi juda sust. Shu bilan birga qishloq joylarida taʼlim muassasalarining yetarli emasligi, yoshlar (18-30 yosh) bilan shugʻullanuvchi davlat va nodavlat tashkilotlarining masʼullik darajasini belgilovchi va ularga majburiyat yuklovchi qonun normalarining yagona tizimi mavjud emasligi shular jumlasidandir.

Jamiyatdagi barcha nojoʻya holatlar, jumladan, oiladagi notinchlik, taʼlim muassasalari ishidagi va boshqa sohalardagi kamchiliklar yoshlarning normal rivojlanishiga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Huquqbuzarlik sodir etgan yoshlarning 62,2 foizi boʻsh vaqtlarini koʻchada oʻtkazishadi.

Bunday salbiy holatlarning oldini olish uchun, avvalambor, axborot-tahlil ishlarini yoʻlga qoʻyish lozim. Bu bilan yoshlar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatchilikning umumiy holati, miqyosi, tarkibi, tabiati va dinamikasi toʻgʻrisida maʼlumotga ega boʻlish mumkin.

Shuningdek, yoshlar huquqbuzarliklarini baholashda ularning yuzaga kelishiga taʼsir etuvchi omillarni inobatga olish, u yoki bu hududda maʼlum bir turdagi, ayniqsa, ogʻir oqibatlarni keltirib chiqaruvchi jinoyatlarning sabablarini tahlil etish muhim ahamiyatga ega.

Yoshlar oʻrtasida jinoyatchilikning oldini olish – butun jamiyatning vazifasi. Tadqiqotlar aksariyat jinoyatchilarning shaxsi dastlab tarbiyasizlik oqibatida shakllanishini koʻrsatmoqda. Tarbiyasi ogʻir oʻsmir – axloqan tuzatish va qayta tarbiyalashga muhtoj boʻlgan shaxsdir. Uni axloqan tuzatish va tarbiyalash jinoyatchiga aylanishining oldini olish, shuningdek, jamiyat bilan normal aloqalarini tiklash, unda faol hayotiy pozitsiyani shakllantirish maqsadida amalga oshiriladi.

Agar jinoyatlarni profilaktika qilishning ixtisoslashmagan subʼektlari zararli taʼsir manbalarini bartaraf etish choralarini oʻz vaqtida koʻrmasalar, tarbiyasi ogʻir oʻsmirlar pedagogik va ijtimoiy beqarorlikning navbatdagi bosqichiga oʻtadilar. Agar oʻsmir birinchi nooʻrin harakati (huquqbuzarligi) uchun jazo olmasa, unda qonun talablariga bepisandlik, atrofdagilar fikri bilan hisoblashmaslik odati rivojlanadi.

Yoshlarning huquqni muhofaza qiluvchi organlar va jamoat tashkilotlarining profilaktik taʼsiri doirasiga asosan huquqbuzarlik sodir etganidan keyin tushishlari ular oʻrtasida jinoyatchilikning oldini olish borasidagi muhim muammolardan biridir. Yoshlarning gʻayriijtimoiy moyilligini dastlabki bosqichda profilaktika qilishga nisbatan yuzaki yondashish hollari ham uchrab turadi.

Oʻziga xos profilaktika choralaridan biri huquqbuzarlik sodir etayotgan yoshlarning ota-onalarini (homiy yoki vasiylarini) gʻayriqonuniy xatti-harakatlar sodir etilishiga yoʻl qoʻymaslik yuzasidan rasman ogohlantirishdir.

Ota-onalarning bolalar tarbiyasiga masʼulligi Konstitutsiyamizning 64-moddasida qayd etilgan. Unga koʻra ota-onalar oʻz farzandlarini voyaga yetgunga qadar boqish va tarbiyalashga majburdirlar. Biroq soʻnggi paytda ota-onalar orasida farzandning tarbiyasiga oʻquv muassasasi javobgar degan fikr avj olmoqda. Vaholanki, farzandning tarbiyasi birinchi oʻrinda ota-onasi uchun muhim. Voyaga yetmaganlar va yoshlar huquqbuzarliklarining oldini olishda ota-onalarning ishtiroki tahlil qilinganda, ota-onalarning 42,8 foizi farzandlari tarbiyasiga eʼtiborsiz ekanligi, 48,7 foizi bolalarini yetarli darajada tarbiyalayolmasliklari aniqlandi.

Jinoyat ishlari boʻyicha Qumqoʻrgʻon tuman sudining devonxona mudiri    Taxir Tajiyev

Jinoyat ishlari boʻyicha Qumqoʻrgʻon tuman sudining sudya yordamchisi        Malika Qurbonova

Mavzuga oid