Bugun Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari Azlar A’limjonovich tomonidan hududlarda olib borilayotgan qurilish va boshqaruv servis tizimlari faoliyati o‘rganildi.

Tashrif Termiz shahridan boshlandi. “Nurli kelajak” mahallasida aholi bilan ochiq muloqot o‘tkazilib, fuqarolarning murojaatlari, taklif va shikoyatlari tinglandi. Muloqot davomida boshqaruv servis kompaniyalarining mahalladagi faoliyati, xususan, ichimlik suvi, chiqindilarni tashish, elektr ta’minoti va kommunal xizmatlar sifati yuzasidan fuqarolar bildirgan fikrlarga alohida e’tibor qaratildi. Boshqaruv servis kompaniyasining amaldagi ishlari joyida ko‘zdan kechirildi va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Shundan so‘ng Termiz tumani hududidagi “Yangi O‘zbekiston” massivida bo‘lib, ayni paytda barpo etilayotgan ko‘p qavatli turar-joy obyektlari holati bilan tanishildi. Qurilish ishlari, loyihalarning amaliy ijrosi, texnik sifati va xavfsizlik talablari doirasida olib borilayotgan chora-tadbirlar o‘rganildi. Qurilish obyektlari rahbarlari va mutaxassislar bilan suhbat davomida jarayonlarni jadallashtirish, sifatni oshirish va kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha zarur ko‘rsatmalar berildi.


Tashrifning keyingi manzili Angor tumani bo‘lib, bu yerda ham “Yangi O‘zbekiston” nomli massivda olib borilayotgan qurilish ishlari bevosita joyiga chiqib o‘rganildi. Azlar A’limjonovich quruvchilar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi, ularning faoliyatida duch kelayotgan muammolari va ehtiyojlari tinglandi. Aniqlangan muammolarga joyida yechim topish yuzasidan tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda chora-tadbirlar belgilandi.


Ushbu tashriflar inspeksiyaning joylardagi holatni bevosita o‘rganish, mavjud muammolarni aniqlash va ularni tezkor hal etish, shuningdek, aholi bilan ochiq muloqot qilishga yo‘naltirilgan amaliy ishlari doirasida tashkil etildi.
Surxondaryo viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi Matbuot xizmati