Mamlakatimizda aholini uy-joy bilan ta’minlash, turmush darajasini yanada yaxshilash, qulay va xavfsiz sharoit yaratish maqsadida keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda. Surxondaryo viloyatida ham so‘nggi yillarda yangi turar-joy massivlari barpo etilayotgani, minglab oilalar uchun zamonaviy uy-joylar taqdim etilayotgani buning amaliy ifodasidir.

2025-yil davomida viloyatning turli hududlarida jami “Yangi O’zbekiston” massivlarida 17 ta ko‘p qavatli uy foydalanishga topshirildi. Ushbu uylar 552 ta xonadondan iborat bo‘lib, yuzlab oilalarning uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini qondirishga xizmat qildi.

Jumladan, Termiz tumanida ana shunday yirik loyiha amalga oshirildi. “Yangiobod” mahallasida qurilgan 5 qavatli, 256 xonadonli turar-joy binosi nafaqat hajmi, balki qurilish sifati va zamonaviy talablarga javob berishi bilan ham alohida ahamiyatga ega.
Xuddi shuningdek, Angor tumanida bir nechta qurilish kompaniyalari tomonidan 46 xonadonli turar-joy binolari barpo etilib, foydalanishga topshirildi. Jarqo‘rg‘on tumanida esa har biri 20 xonadondan iborat uylar qurilib, aholiga taqdim etildi. Sariosiyo tumanida ham 1 152 xonadonli ko‘p qavatli turar-joylar barpo etildi.


Umumiy hisobda, yil davomida barpo etilgan ushbu uylar Surxondaryo viloyatining uy-joy fondini sezilarli darajada kengaytirib, yuzlab oilalarga yangi hayot boshlash imkonini berdi. Bunyod etilayotgan yangi turar joylar zamonaviy talablarga mos, xavfsizlik me’yorlariga rioya qilingan va aholining qulay yashashi uchun barcha sharoitlar yaratilgan holda barpo etilmoqda. Qurilish inspeksiyasi tomonidan mazkur jarayonlar doimiy nazoratga olinib, sifatsiz qurilishlarga chek ko‘yilmoqda. Kelgusida ham Surxondaryoda yangi uy-joy massivlarini barpo etish, zamonaviy shaharsozlik loyihalarini amalga oshirish, aholining farovon hayotini ta’minlash yo‘lida izchil ishlar davom ettiriladi.
Sh. Normo‘minov,
Surxondaryo viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi rahbari