Surxondaryo viloyatining Termiz tumanida viloyat soliq boshqarmasi boshlig‘i kichik va o‘rta biznes vakillari bilan navbatdagi ochiq muloqotini o‘tkazdi.

Samimiy ruhda o‘tgan uchrashuvda soliq siyosatidagi yangiliklar, amaldagi stavkalar va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan imtiyozlar haqida ma’lumot berildi.
Xususan, joriy yil 26-iyunda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun bilan kiritilgan o‘zgarishlar va qo‘shimchalar tadbirkorlarga tushuntirib o‘tildi.

Uchrashuvning muhim jihatlaridan biri — tadbirkorlar o‘z faoliyatlarida uchrayotgan muammolar va takliflarini bevosita soliq boshqarmasi rahbariga yetkazish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Muloqot chog‘ida soliq imtiyozlaridan foydalanish, qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarish hamda hisobotlarni taqdim etish kabi masalalar tinglanib, muhokama qilindi.

Tadbir davomida bildirilgan murojaatlarning aksariyati joyida hal etildi. Muddat talab qiladigan masalalar esa belgilangan tartibda nazoratga olindi.
Davlat rahbari topshirig‘i asosida Surxondaryoda o‘tkazilayotgan bunday ochiq muloqotlar tizimli ravishda davom etmoqda.