Mehnat nizolari bilan bogʻliq ishlarni sudda koʻrish tartibi
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 37-moddasida har bir shaxs mehnat qilish, erkin kasb tanlash, adolatli mehnat sharoitlarida ishlash va qonunda koʻrsatilgan tartibda ishsizlikdan himoyalanish huquqiga egadir. Sud hukmi…
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 37-moddasida har bir shaxs mehnat qilish, erkin kasb tanlash, adolatli mehnat sharoitlarida ishlash va qonunda koʻrsatilgan tartibda ishsizlikdan himoyalanish huquqiga egadir. Sud hukmi bilan tayinlangan jazoni oʻtash tartibidan yoki qonunda koʻrsatilgan boshqa hollardan tashqari majburiy mehnat taqiqlanadi deb qayd etilgan.
Fuqarolik ishlari boʻyicha Surxondaryo viloyat sudi hamda tumanlararo sudlari tomonidan mehnat nizolari bilan bogʻliq fuqarolik ishlarini amaldagi Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi hamda Oliy sud Plenumining 1998 yil 17 apreldagi “Sudlar tomonidan mehnat shartnomasi (kontrakt)ni bekor qilishni tartibga soluvchi qonunlarning qoʻllanishi haqida”gi qarori talablariga rioya qilgan holda, ishlarni koʻrib chiqilmoqda.
Mazkur toifadagi ishlarni koʻrishda fuqaroning mehnat qilish bilan bogʻliq huquqlari buzilgan yoki buzilmaganligini har tomonlama oʻrganib, atroflicha yondoshib, nizo yuzasidan xulosaga kelish lozim boʻladi.
Sud amaliyotida mehnat nizolari asosan ishga tiklash, majburiy progul kunlari uchun ish haqi undirish, xodimga nisbatan qoʻllanilgan intizomiy jazoni gʻayriqonuniy deb topish va uni bekor qilish, mehnat daftarchasi vaqtida berilmaganligi sababli ish haqi undirish, mehnat shartnomasini bekor qilish sababining taʼrifini oʻzgartirish, foydalanilmagan taʼtillar uchun xodimga tegishli pul kompensatsiyasini undirish kabi daʼvo arizalarni tashkil etadi.
Shu oʻrinda, sudyalar tomonidan mehnat nizolari bilan bogʻliq ishlarni qonuniy muddatida koʻrish va asosli xulosaga kelishlik uchun ishni sudda koʻrishga yetarli darajada tayyorlashi muhim ahamiyat kasb etadi.
Daʼvogar J.T. javobgar Qumqoʻrgʻon tuman Xalq taʼlimi boʻlimiga nisbatan sudga daʼvo ariza bilan murojaat qilib, oʻzining daʼvo arizasida ishga tiklashni, majburiy progul uchun ish haqi va maʼnaviy zararni undirishni soʻragan.
Fuqarolik ishlari boʻyicha tumanlararo sudining 2020 yil 23 iyundagi hal qiluv qaroriga koʻra, daʼvogar J.T.ning daʼvo talabi rad etilgan.
Apellyatsiya sudlov hayʼatining 2020 yil 18 avgustdagi ajrimi bilan birinchi instantsiya sudining hal qiluv qarori bekor qilinib, daʼvogarning daʼvo arizasini qanoatlantirish haqida yangi hal qiluv qarori qabul qilingan.
Aniqlanishicha, Qumqoʻrgʻon tuman Xalq taʼlimi boʻlimining 2020 yil 5 fevraldagi 49-k-sonli buyrugʻi bilan daʼvogar J.T. Qumqoʻrgʻon tumanidagi 31-son umumiy oʻrta taʼlim maktabining oʻquv ishlari boʻyicha direktor oʻrinbosari lavozimiga tayinlangan.
Ish beruvchining 2020 yil 21 fevraldagi 70-k-sonli buyrugʻi bilan daʼvogar J.T. bilan tuzilgan mehnat shartnomasi Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 100-moddasi, ikkinchi qismi, 4-bandiga asosan bekor qilingan.
Birinchi instantsiya sudi ishni koʻrish davomida ish beruvchi va xodim oʻrtasida mehnat shartnomasini bekor qilishda kasaba uyushmasi qoʻmitasi yigʻilishiga daʼvogarni shaxsan ishtiroki taʼminlanmaganligiga, shu bilan birga kasaba uyushmasi vakillik organi daʼvogar bilan ish beruvchi oʻrtasida mehnat shartnomasini bekor qilishga rozilik bergan yoki bermaganligiga eʼtibor qaratmagan.
Daʼvogar J.T. bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilish haqida ish beruvchi 3 kun oldin ogohlantirmagan va u yozma ravishda xabardor qilinmagan, undan tushuntirish xati olinmagan.
Apellyatsiya sudlov hayʼati ish hujjatlarini muhokama qilib, ish beruvchi tomonidan vakolatli boʻlgan kasaba uyushmasi qoʻmitasiga J.T. bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilishdan oldin rozilik berish haqida taqdimnoma bermaganligi, kasaba uyushmasi qoʻmitasining yigʻilishi oʻtmaganligi hamda J.T. bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilish haqida rozilik berilmaganligi sababli daʼvoni arizasini qnoatlantirish haqida xulosaga kelgan.
Xulosa qilib aytganda, xodim ham, ish beruvchi ham mehnat munosabatlariga kirishishlaridan oldin mehnat qonunchiligi, ichki mehnat tartibi qoidalari va mehnat shartnomasining shartlari bilan batafsil tanishib chiqsalar, mehnat qonunchiligida belgilangan huquq va majburiyatlarga tomonlar toʻliq rioya etsalar, maqsadga muvofiq boʻlar edi.
Surxondaryo viloyat sudi sudyasi Sherzod Eliyev
1 comment