Daʼvo muddati va turlari
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida inson huquqlari va erkinliklarining kafolatlari mustahkamlangan boʻlib, unga koʻra, “Davlat fuqarolarning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlangan huquqlari va erkinliklarini…
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida inson huquqlari va erkinliklarining kafolatlari mustahkamlangan boʻlib, unga koʻra, “Davlat fuqarolarning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlangan huquqlari va erkinliklarini taʼminlaydi. Har bir shaxsga oʻz huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlari va mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalarining gʻayriqonuniy xatti-harakatlari (qarorlari) ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanadi” deb belgilangan.
Fuqarolik huquqlarini amalga oshirish va majburiyatlarni bajarish muddatlari mulkiy va shaxsiy-nomulkiy munosabatlarning alohida turlarini tartibga soluvchi tegishli huquq meʼyorlari bilan belgilanadi. Xuddi shunday meʼyorlar bilan baʼzan subʼektiv fuqarolik huquqlari buzilganda amalga oshiriladigan himoya choralari qoʻllanilishi mumkin boʻlgan muddatlar ham aniqlanadi. Bunday muddatlar fuqarolik huquqida daʼvo muddatlari deb yuritiladi. Umumiy qoidaga koʻra, fuqarolik huquqlarini himoya qilish muddatlarining bir turi hisoblangan daʼvo muddatining asosiy va toʻliq holati uning barcha fuqarolik huquqiy munosabatlarida qoʻllanilishi bilan ifodalanadi.
Daʼvo muddati deb, shaxs oʻzining buzilgan huquqini daʼvo qoʻzgʻatish yoʻli bilan himoya qilishi mumkin boʻladigan muddatga aytiladi. Daʼvo muddati subʼektiv huquq va majburiyatlarini himoya etishi uchun shaxsga beriladigan soʻnggi imkoniyatdir. Bu vaqt oraligʻida shaxs oʻz huquqlarining amalga oshirilishini talab qilmasa, ularni yoʻqotadi.
Fuqarolik protsessual huquqida mavjud boʻlgan huquqni oʻzgartirish yoki bekor qilish toʻgʻrisidagi daʼvo hanuzgacha bahsli boʻlib, bu daʼvo oʻzining yechimini toʻla maʼnoda topmagan. Daʼvolarni turlarga boʻlish asoslaridan biri – sudga murojaat qilgan shaxsning protsessual maqsadidir. Sudga daʼvo arizasi bilan murojaat qilgan daʼvogarning protsessual maqsadlariga koʻra, barcha daʼvolar undirish (ijro qilinadigan) va tan olish toʻgʻrisidagi daʼvolarga boʻlinadi.
Daʼvo turlaridan biri boʻlgan undirish toʻgʻrisidagi daʼvo xususida shuni aytish kerakki, bunday daʼvo boʻyicha sudga murojaat qilgan daʼvogar, birinchidan, nizoli huquqni, uning foydasiga hal qilib berishni soʻrasa, ikkinchidan, huquqni tiklashni yoki yoʻl qoʻyilgan qonun buzilishini bartaraf qilish uchun javobgarni maʼlum harakatlarni qilishga majbur etishni soʻraydi. Bunday daʼvolar boʻyicha daʼvogar javobgarni maʼlum harakatlarni bajarishga majbur etishni suddan soʻraydi, bunga misol qilib, mulkni qaytarib berish, qarzni toʻlash, turar- joyni boʻshatish toʻgʻrisidagi daʼvolarni koʻrsatishimiz mumkin.
Tan olish haqidagi daʼvolarda, odatda, daʼvogar nizo huquqiy munosabatning mavjudligini yoki yoʻqligini tasdiqlashni yoki nizoli huquqning oʻziga tegishli ekanligini tan olishni soʻraydi. Daʼvo faqatgina protsessual maqsadiga koʻra turlarga boʻlinmasdan, moddiy-huquqiy tabiatiga koʻra ham turlarga boʻlinadi. Aksariyat yuridik adabiyotlarda daʼvolarni moddiy-huquqiy tabiatiga qarab ajratishadi. turli munosabatlardan kelib chiqadigan nizoli daʼvolar mavjud va ularning har biri muhim xususiyatlarga ega. Ular nizoli huquqiy munosabatlar xarakterini belgilaydi. Shuning uchun daʼvolarni faqatgina ularning protsessual maqsadlariga (belgilariga) qarab boʻlishning oʻzi yetarli emas. Buzilgan huquqni himoya qilish talabi daʼvo muddatining oʻtganligidan qatʼi nazar, sudda koʻrib chiqish uchun qabul qilinadi. Daʼvo muddati subʼektiv huquq va majburiyatlarini himoya etishi uchun shaxsga beriladigan soʻnggi imkoniyatdir. Bu vaqt oraligʻida shaxs oʻz huquqlarining amalga oshirilishini talab qilmasa, ularni yoʻqotadi. Buzilgan huquqni himoya qilish talabi daʼvo muddatining oʻtganligidan qatʼi nazar, sudda koʻrib chiqish uchun qabul qilinadi.
Agar daʼvo arizasi qonun bilan belgilangan muddat davomida berilgan boʻlsa, sud, iqtisodiy sudi yoki hakamlik sudi tomoni daʼvo ishini koʻrib, ishning mazmuni boʻyicha daʼvoni qondirish yoki qondirmaslik toʻgʻrisida qaror chiqaradi. Agar daʼvo arizasi qonun bilan belgilangan muddatni oʻtkazib berilgan boʻlsa, sud, xoʻjalik sudi, yoki xolislar sudi muddatning oʻtkazilish sababini muhokama qiladi, agar daʼvo muddati uzrsiz sabablar bilan oʻtkazilganligi aniqlansa, oʻtkazilgan muddat tiklanishi va ishning mazmuni boʻyicha qaror chiqarilishi mumkin.
Mulkiy munosabatlarni tartibga solishda daʼvo muddatlari qonun bilan belgilanishi muhim ahamiyatga ega. Daʼvo muddatining belgilanishi fuqarolik-huquqiy munosabatlarni mustahkamlashga, qarzning undirilishi, majburiyatning bajarilishi toʻgʻrisidagi talablar oʻz vaqtida bajarilishini taʼminlashga, tashkilotlar oʻrtasidagi hisob-kitoblar qilinishini tezlatishga, shartnoma va moliya intizomiga rioya etilishini taʼminlashga, xoʻjalik hisobini mustahkamlashga yordam beradi. Daʼvo muddatlarining belgilanishi fuqarolar oʻrtasidagi huquqiy munosabatlarni mustahkamlash uchun ham katta ahamiyatga ega.
Huquqi buzilgan shaxslarning daʼvolari yuzasidan ularning huquqini himoya qilish qonun bilan belgilangan daʼvo muddatlari huquqiy munosabatning ishtirokchilariga va mazmuniga qarab, umumiy va maxsus (qisqartirilgan yoki uzaytirilgan) muddatlarga boʻlinadi.
Umumiy daʼvo muddati – huquqiy munosabatlarda qatnashuvchi shaxslarning barchasi uchun uch yil qilib belgilangan. Yagona umumiy daʼvo muddatini joriy qilish uchun asos sifatida mulk shakllarining teng huquqliligi, fuqarolik-huquqiy munosabat ishtirokchilarining tengligi va ularning har biri oʻz huquqlarini oʻz xohishlari bilan amalga oshirishi, himoya qilishi tamoyillarining belgilanishi hisobga olinadi.
Umumiy daʼvo muddati deganda, qonun hujjatlarida oldindan belgilab qoʻyilgan va alohida tartibni nazarda tutuvchi muddatlar qoʻllanilmaydigan tegishli fuqarolik-huquqiy munosabatga nisbatan tatbiq etiladigan vaqt davri tushuniladi. Odatda, umumiy daʼvo muddati qoʻllaniladigan fuqarolik-huquqiy munosabatlari fuqarolik huquqi subʼektlari oʻrtasidagi turli holatlarda namoyon boʻladi. Umumiy daʼvo muddatlari yuridik shaxslar bilan fuqarolar oʻrtasida ham, fuqaro bilan davlat oʻrtasida ham yuridik shaxs bilan davlat oʻrtasida ham yoki bu subʼektlarning oʻzaro munosabatlarida tatbiq etiladi.
Daʼvo muddatining ikkinchi turi maxsus daʼvo muddatlaridir. Bu muddat umumiy daʼvo muddatidan farqli ravishda uch yil emas, balki bu muddatdan koʻp yoki kam belgilanishi mumkin. Maxsus daʼvo muddatlari qonun hujjatlarida toʻgʻridan-toʻgʻri koʻrsatilgan talablarga nisbatan qoʻllaniladi.
Maxsus daʼvo muddati ikki turga: qisqartirilgan yoki uzaytirilgan maxsus daʼvo muddatlariga boʻlinadi.
Umumiy qoidaga muvofiq, qisqartirilgan maxsus daʼvo muddatlari shaxsning oʻz huquqlarini himoya qilish yuzasidan talabni tezroq amalga oshirishi lozimligini anglatishi bilan birga, muayyan nizoli ishni toʻgʻri hal etish yuzasidan daʼvoni tezroq bildirishga ham xizmat qiladi. Masalan, olti oy davom etadigan qisqartirilgan daʼvolarga:
1) neustoyka (jarima, penya) undirish toʻgʻrisidagi daʼvolar;
2) sotilgan ashyoning kamchiliklari toʻgʻrisidagi daʼvolar;
3) sifati lozim darajada boʻlmagan mahsulotlarni yetkazishdan kelib chiqadigan daʼvolarga misol boʻla oladi.
Daʼvo muddatlari imperativ, yaʼni qatʼiy belgilanganligi sababli, bu muddatlar va ularni hisoblash tartibi taraflarning kelishuvi bilan oʻzgartirilishi mumkin emas.
Xulosa qilib aytsak, daʼvo muddatlarining belgilanishi tashkilot va fuqarolarning huquq va manfaatlarini qoʻriqlashga, fuqarolik-huquqiy munosabatlarni mustahkamlashga, sudlar tomonidan esa fuqaroviy nizolarni qonuniy va adolatli hal etish, ish yuzasidan haqiqatni aniqlash, xolislikni taʼminlash hamda asosli qarorlar qabul qilishda muhim oʻrin tutadi va katta yordam beradi.
Sherzod Qodirov, Surxondaryo viloyat sudining sudya katta yordamchisi
1 comment