Eksportyor korxonalar uchun soliq imtiyozlari

Surxondaryo viloyati soliq boshqarmasida eksport operatsiyalari va O‘zbekiston Respublikasining bojxona hududida tovarlarni qayta ishlash bo‘yicha xizmatlarga soliq solish tartibi yuzasidan o‘quv-seminar tashkil etildi.

Unda tadbirkorlarga sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish hamda tadbirkorlik subyektlari tomonidan mavjud ishlab chiqarish quvvatlaridan to‘liq foydalanishni ta’minlash, eksportni qo‘llab-quvvatlash uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, tovarlarni bojxona hududida qayta ishlash rejimiga joylashtirish tartiblarini soddalashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, xususan qo‘llanilayotgan soliq imtiyozlari to‘g‘risida atroflicha ma’lumot berildi.

Soliq kodeksining 260-, 262-moddalariga muvofiq, ilgari O‘zbekiston Respublikasi bojxona hududida qayta ishlash bojxona tartib-taomiliga joylashtirilgan, O‘zbekiston Respublikasi hududidan olib chiqilgan tovarlar va (yoki) O‘zbekiston Respublikasi hududidan bojxona hududida qayta ishlash bojxona tartib-taomiliga joylashtirilgan tovarlarni qayta ishlash natijasida olingan (hosil bo‘lgan) tovarlar (qayta ishlash mahsulotlari, chiqindilar va (yoki) qoldiqlar)ga, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining bojxona hududida tovarlarni qayta ishlash bo‘yicha xizmatlarga qo‘shilgan qiymat solig‘ining nol darajali stavkasini qo‘llash tartibi tushuntirildi.

Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, bugungi kunda viloyatda faoliyat yuritayotgan qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilarining umumiy soni 10 058 ta bo‘lib, shundan 140 dan ortig‘i eksportyor korxonalardir.

Joriy yil boshidan bugungi kunga qadar 19 ta eksportyor korxonalarning arizasiga asosan 5 mlrd 963 mln so‘mlik qo‘shilgan qiymat solig‘idan hosil bo‘lgan salbiy farq summalari bank hisob raqamlariga qaytarib berildi.

Seminar yakunida ishtirokchilarning eksport operatsiyalariga soliq solishga doir barcha savollariga batafsil javoblar berildi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan