Haydovchi piyoda ayolni urib yuborgan, u shifoxonada vafot etgan edi.
12-oktyabr kuni Jinoyat ishlari boʻyicha Toshkent shahri, Yangihayot tumani sudi piyodani urib yuborib, uning oʻlimiga sababchi boʻlgan haydovchiga nisbatan hukm chiqardi.
Ish materiallariga koʻra, sudlanuvchi Sh.P. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi huzuridagi Maktabgacha taʼlim agentligining Moliya, iqtisodiyot va davlat-xususiy sheriklik boshqarmasi boshligʻi lavozimida ishlagan. U 18-iyul kuni hibsga olingan.
Baxtsiz hodisa 4-iyun kuni sodir boʻlgan. Haydovchi mast holatda Nexia rusumli avtomashinasini Yangihayot tumani, Davlatobod koʻchasi boʻylab “50−60 km/soat tezlikda” haydab ketayotib, yoʻlni kesib oʻtayotgan piyodani urib yuborgan. Ayol shifoxonaga yetkazilgan, biroq jonlantirish boʻlimida vafot etgan.
Erkak oʻz aybiga qisman iqror boʻlgan, biroq avariyada piyodaning oʻzi ham aybdor ekanini aytgan. U yetkazilgan zararni qoplash uchun marhumning qarindoshlariga 100 mln soʻm bermoqchi boʻlgan. Shuningdek, voyaga yetmagan farzandlari borligini, bundan tashqari, oyiga 10 mln soʻm toʻlanadigan ipoteka krediti borligini inobatga olib, jazoni yengillashtirishni soʻragan.
Sud majlisida marhumning qizi soʻzga chiqib, onasidan boshqa yaqin qarindoshi yoʻqligini, agar sudlanuvchi haqiqatan ham 50−60 km/soat tezlikda harakatlansa, onasi bunchalik ogʻir tan jarohati olmagan boʻlishini aytgan. U 100 mln soʻmni olishdan bosh tortib, sudlanuvchini qonun doirasida jazolashni soʻragan.
Ayblanuvchi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi “a” bandi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish oqibatida odam oʻlimiga sabab boʻlish) bilan aybdor deb topilib, 3 yil muddatga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilish bilan 4 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.