Moskvalik yigit sevgilisiga turmush qurishni taklif qilgani ortidan panjara ortiga tushdi. “Hech kimga xalal bermagandik, shunchaki ijtimoiy tarmoqda koʻrib qolgan videoni oʻzimizda takrorlab koʻrishni istagandik”, degan oshiq yigit jurnalistlarga.
Ismi Yevgeniy ekani aytilayotgan ushbu shaxs Moskva metro bekatiga sevgilisini olib kelib, vestibyul oʻrtasiga stol-stul qoʻygan, stol ustiga mevalarni chiroyli qilib terib chiqqan, oxirida esa qadahlarni alkogolsiz shampan ichimliligi bilan toʻldirgan. Holatni juftlikning doʻstlari tasvirga olishgan, keyinchalik ushbu video internetga joylangan.
“Ijtimoiy tarmoqlarda shunga oʻxshash videoni koʻrib qolgandik. Oʻsha kuni katta koʻrgazma oʻtkazilayotgani sababli Moskva metroda odam koʻp. Biz bundan foydalanishga qaror qildik, chunki atrofda odamlar oqimi qanchalik koʻp boʻlsa jarayon shunchalik chiroyli chiqardi”, deya hikoya qilgan Yevgeniy.
Video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalganidan ikki kun oʻtib qiz va yigitning ishxonalariga politsiya xodimlari borishadi va ulardan tushuntirish xati olishadi. Ish vaqti tugaganidan soʻng esa politsiya uchastkasiga kelishlari soʻraladi. Biroq yoshlar aytilgan joyga bormaslikka qaror qilishadi.
“Ertasi kuni odatdagidek ertalab ishga borganimizda ular yetib kelib telefonlarimizni qoʻlimizdan tortib olishdi hamda politsiya uchastkasiga olib borishdi. Sudga qadar u yerda bir sutka oʻtirdik”, — deb aytadi kuyovbola.
Metrodagi “tomosha” uchun yigit besh sutkaga qamalgan boʻlsa, uning qalligʻi ming rubl miqdorida jarimaga tortilgan.
“Birinchidan, shu paytgacha men jiddiy qonunbuzarlik sodir etmagandim, yaʼni jinoiy oʻtmishga ega boʻlmaganman. Ikkinchidan esa bunday ish uchun qamoqqa tushish…
U yerda spirtli ichimlik yoʻq edi, biz hammamiz alkogolsiz ichimlik sotib olganimizni isbotladik. Metro bekatida ushbu jarayonni uyushtirarkanmiz, hech kimga xalaqit bermadik. Aytmoqchimanki, jazoga tortish uchun hech qanday jinoiy qilmish sodir etmagandik” – degan Yevgeniy sud qaroridan norozi boʻlib.
Yigitga “mayda bezorilik” moddasi boʻyicha maʼmuriy ish ochishgan. OAVga koʻra, u sudda aybiga iqror boʻlgan.