Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentda “Yutong CNG” rusumli avtobus odam urib yuborgani aytilgangan videoxabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan “Toshshahartransxizmat” rasmiy maʼlumot berdi.
Unga koʻra, joriy yilning 20-noyabr kuni soat 17:37 larda “8-Avtobus saroyi” filialiga qarashli 82-sonli “Ibn Sino dahasi 1 – Yunusobod dahasi 17” yoʻnalishidagi “Yutong CNG” rusumli, davlat raqami 01|239 QKA boʻlgan avtobus (haydovchi Sh.P 1988-y.t. staji 13 yil) Olmazor tumani Gulsaroy koʻchasidan harakatlanib kelib Qorasaroy koʻchasiga qayrilib olish vaqtida yoʻlning belgilanmagan qismidan toʻsatdan yugurib kelgan mast holatdagi fuqaro (H.B 1976-y.t) avtobusning oʻng tomon oʻrta yon qismiga urilishi natijasidan yoʻl-transport hodisasi sodir boʻlgan. Hodisa oqibatida fuqaro tan jarohati olgani sababli voqea joyiga tez tibbiy yordam chaqirilgan va fuqaroga tibbiy yordam koʻrsatilgan. Hozirda ushbu yoʻl-transport hodisasi Toshkent shahar IIBB YHXB xodimlari tomonidan oʻrnatilgan tartibda rasmiylashtirilgan.
“Hurmatli piyodalar! Yoʻllarda harakatlanayotganingizda yoʻl-harakati qoidalariga rioya qilishingizni va yoʻllarda eʼtiborli boʻlishingizni soʻraymiz!”, deyiladi xabarda.