Yangi tashkil etilayotgan restoranga bosh oshpaz, nonvoy va boshqa xodimlarni Oʻzbekistondan jalb etishga kelishib olindi.
Oʻzbekistonning Jiddadagi Bosh konsulligida Saudiya Arabistonida tadbirkorlik bilan shugʻullanayotgan vatandoshimiz Xayrullo Ikromov bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Muloqot chogʻida Oʻzbekistonda ijtimoiy-iqtisodiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, xorijda yashayotgan vatandoshlar bilan munosabatlarni mustahkamlash, investitsiyaviy va sayyohlik muhitining jozibadorligini oshirish boʻyicha qilinayotgan ishlar haqida batafsil maʼlumot berildi.
Oʻz navbatida, Xayrullo Ikromov Oʻzbekistonda kechayotgan yangiliklarni doim kuzatib borishini, jumladan, ilm-fan, madaniyat va sport sohalarida erishilgan yuksak natijalar bilan faxrlanishini taʼkidladi.
“Xorijda uzoq yillardan beri restoran biznesi bilan shugʻullanib kelaman. Makkada oʻzbek milliy taomlariga boʻlgan ehtiyojdan kelib chiqib, ushbu shaharning markaziy qismida yangi tamaddixona ochayapmiz. Ushbu restoranga «Oʻzbekiston” deb nom qoʻydik», dedi u.
Yangi tashkil etilayotgan restoranga bosh oshpaz, nonvoy va boshqa xodimlarni Oʻzbekistondan jalb etishga kelishib olindi.
Makka shahridagi “Oʻzbekiston” birinchi milliy taomlar restoranining rasmiy ochilish marosimi 28-noyabr kuni boʻlib oʻtadi.