Xohish, qat’iyat va harakat muvaffaqiyat garovidir

Joriy yilning yanvar-may oylarida Angor tumanining “Qo‘shtegirmon” va “Madaniyat” mahallalarida istiqomat qiluvchi fuqarolar tomonidan 522,9 mln so‘m mol-mulk va yer solig‘i to‘lanib, yig‘ilgan soliqlarning 10 foizi, ya’ni 52,3 million so‘mi mahallalar rivoji uchun yo‘naltirildi.

    “Menga biriktirilgan hududda 1059 nafar mol-mulk va 1087 nafar yer solig‘i to‘lovchilari bor” – deydi biz bilan suhbatda “Qo‘shtegirmon” va “Madaniyat” mahallalari soliq inspektori Malika Raximova.

    Aholi bilan bevosita muloqotlarda har doim soliqlarning davlatimiz, xususan mahalla rivojidagi muhim o‘rni, to‘lov muddatlari va hisoblanish tartibi to‘g‘risida tushuntirish berib boraman. Muntazam tarzdagi targ‘ibot va tashviqot ishlarimiz o‘z samarasini bermoqda. Yil boshidan buyon kadastr hujjatlari bo‘lmagan 12 nafar turar joy va yer egalari o‘z mulkini belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi. Natijada davlat budjetiga 5,2 mln so‘m qo‘shimcha mablag‘ yo‘naltirildi.

    Shuningdek mahallalardagi tadbirkorlik subyektlari soni ham o‘tgan yilning mos davriga nisbatan ortdi. 12 ta korxonadagi 19 nafar norasmiy ishlayotgan fuqarolarning faoliyati qonuniylashtirildi. 7 nafar hech qanday hujjatlarsiz tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan fuqarolarning belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tishi ta’minlandi. 9 nafar vaqtincha moliyaviy qiyinchilikga duch kelgan tadbirkorlik subyektlarining faoliyati tiklandi. 164 nafar fuqarolar o‘zini o‘zi band qildi.

    Ahamiyatlisi, tadbirkorlar ham fuqarolar ham soliq majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarishga harakat qilishayapti. Aholi o‘rtasida soliq madaniyatining oshishi soliqlarni ixtiyoriy to‘lash darajasi ortishiga xizmat qilmoqda.

    Darhaqiqat, soliq inspektori Malika Raximovaning sa’y-harakatlari besamar ketmayapti. May oyi davomida unga biriktirilgan mahallalarda belgilangan prognoz rejasi 170,7 foizga bajarildi. 2024-yilning may oyida “Mahallalarda soliq organlari faoliyati” axborot tizimida baholash natijalariga ko‘ra ham, qahramonimiz viloyatdagi eng yuqori samaradorlik ko‘rsatkichi (KPI) 98,2 ballni qayd etdi. Shunga aytishsa kerak, xohish, qat’iyat va harakat muvaffaqiyat garovi deb!

    Ma’lumot uchun, viloyatimizdagi 724 ta mahallaga biriktirilgan 266 nafar soliq inspektorining 9 nafari xotin-qizlardir.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan