Afgʻonistonga ishga joʻnataman…
28.02.2022 45 ming dollarni oʻz ehtiyojlariga ishlatib yuborgan zamonaviy “xamelion” ning ajabtovur “sarguzashtlari” haqida Pul topishning yoʻllari koʻp, kimdir tadbirkorlik bilan roʻzgʻor tebratsa, boshqa bir yurtdoshimiz…
28.02.2022
45 ming dollarni oʻz ehtiyojlariga ishlatib yuborgan zamonaviy “xamelion” ning ajabtovur “sarguzashtlari” haqida
Pul topishning yoʻllari koʻp, kimdir tadbirkorlik bilan roʻzgʻor tebratsa, boshqa bir yurtdoshimiz tomorqadan unumli foydalanadi, baliqchilik, chorvachilik, parrandachilik va boshqa sohalarni rivojlantirayotganlarni ham istagancha topish mumkin.
Afsuski, oson pul topishni maqsad qilganlar ham uchrab turibdi, Jarqoʻrgʻon tumanining “Zartepa” mahallasida yashovchi Raxmatullo Qodirov (ism, shariflar oʻzgartirilgan) ham ana shunday ustamonlar toifasidan ekan, u oʻrta-maxsus maʼlumotga ega, oilali, 3 nafar farzandi bor, jinoyat ishlari boʻyicha Angor tuman sudining 2020 yil 20 iyuldagi hukmiga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining
168-moddasi 1-qismi va 28,211-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganligi uchun bazaviy hisoblash miqdorining 60 baravari, yaʼni 13 million 380 ming soʻm jarima toʻlagan.
Bundan toʻgʻri xulosa chiqarmagan “qahramonimiz” tekin daromad topishning “noyob” usulini oʻylab topgani kishini taajjubga soladi. 2020 yilning mart oyi boshlarida “ishbilarmon” Jarqoʻrgʻon tumanidagi “Gulhovuz” mahallasida yigʻilish oʻtkazadi. “Mashvarat”da Afgʻonistonda qurilayotgan temir yoʻl qurish uchun oʻtkazilgan tendirda gʻolib boʻlgani va buning uchun ishchi kerakligini aytadi. Oylik maosh sifatida har 15 kunda 10 million soʻm pul berilishi ham taʼkidlab oʻtilgan.
Vaqtim kam, ishim koʻp – deydi, “tabdirkor” soʻzida davom etib, bir kun Afgʻonistonda boʻlsam, ertasi kuni Toshkentga borishga toʻgʻri keladi, shuning uchun hujjat ishlarini amalga oshirishni Elmurod Bozorboyevga ishonib topshirmoqchiman, unga pasport nusxasi, “INN kodi”, harbiy guvohnoma, 3X4 hajmdagi surat va har bir kishi 1 ming 500 dollardan bersa boʻlgani, shundan keyin ishga borasizlar …
Xorijning “yal-yal” tovlanib turuvchi “inomarka” mashinasida kelgan “hojatbaror”ning taklifidan keyin ishga boruvchilar soni koʻpaya boshlaydi. “Ish yurituvchi”ga kimdir
15 million soʻm pul, boshqalar esa 1,5 ming dollardan bergan.
Qisqa davrda 30 kishidan umumiy miqdori 45 ming dollar olganman, deydi Elmurod Bozorboyev.
Mablagʻni oʻz vaqtida va aytilgan paytda Rahmatullo Qodirov olib ketgan. Ammo, hech kim ishli boʻlmadi. Shundan keyin esa gʻalava boshlandi. Kunlarning birida Rahmatulloning uyiga bordim. U esa “Haqiqatdan ham, mendan 45 ming dollar qarz olgani” xususida tilxat yozib berdi. Shundan keyin huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga murojaat qildim.
Qingʻir ish – ketirar tashvish, deydi dono xalqimiz. Surishtiruv va tergov davomida 45 ming dollarni oʻz ehtiyojiga ishlatib yuborgan zamonaviy ”xamelion”ning barcha kirdikorlari fosh etildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodesining
168-moddasi 3-qismi “b” bandi bilan (Jinoyat kodeksining
57-moddasi qoʻllanilib) aybdor deb topilgan Raxmatullo Qodirov jinoyat ishlari boʻyicha Oltinsoy tuman sudining
2021 yil 11 oktyabrdagi hukmi bilan 7 yil 6 oyga ozodlikdan mahrum qilingan.
Oʻtgan yilning 7 dekabrida Surxondaryo viloyat sudi jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati apellyatsiya instantsiyasi tomonidan holat yana bor koʻrib chiqildi hamda jinoyat ishlari boʻyicha Oltinsoy tuman sudining 2021 yil 11 oktyabrdagi hukmi oʻzgarishsiz qoldirish xususida ajrim chiqardi.
S.Suvonqulov
Surxondaryo viloyat sudi jinoyat ishlari boʻyicha sudlov xayati sudyasi.