Bosh Qomusimiz – barcha yutuq va muvaffaqiyatlarimizning huquqiy asosidir
Davlatimiz mustaqillikka erishgan ilk yillaridan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini qabul qilish masalasi asosiy vazifalardan biri etib belgilanishi natijasida, 1992 yil 8 dekabrda Oʻzbekiston Konstitutsiyasi qabul…
Davlatimiz mustaqillikka erishgan ilk yillaridan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini qabul qilish masalasi asosiy vazifalardan biri etib belgilanishi natijasida, 1992 yil 8 dekabrda Oʻzbekiston Konstitutsiyasi qabul qilingan. Davlatimizning Asosiy Qonuni boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mustaqillik yillarida hayot sinovidan oʻtib, milliy davlatchilik va uning demokratik tamoyillari asosida qurilgan siyosiy hamda iqtisodiy tizimni shakllantirishning huquqiy poydevori vazifasini oʻtab kelmoqda.
Konstitutsiya hamda qonun ustuvorligini taʼminlash har qanday jamiyat taraqqiyotida eng muhim omillardan biridir. Qonun ustuvor boʻlgan jamiyatda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan chiqarilayotgan hujjatlar, shuningdek, mansabdor shaxslarning xatti-harakatlari Konstitutsiya va qonunlarga muvofiq boʻladi. Aksincha boʻlsa, jamiyatda tushkunlik kayfiyati oshib, odamlarning davlatga boʻlgan ishonchiga putur yetadi, alaloqibat davlatning taraqqiyotga erishishi xomxayolga aylanib qoladi.
Istiqlolimizning ilk davrida qabul qilingan Konstitutsiyamiz shaxs, jamiyat va davlat oʻrtasidagi munosabatlarda oʻzaro huquq hamda majburiyatlar va ularning kafolatlarini aniq-ravshan belgilab berdi. Ayni chogʻda unda jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishidan qatʼi nazar, yurtimiz fuqarolari tengligi kafolatlangan boʻlib, bu, zamonaviy demokratik taraqqiyot uchun zamin yaratdi.
Eng avvalo, qonunlarning ijrosini samarali tashkil etish, tizimli muammolarni oldindan koʻra bilish, qonunbuzarliklarning salbiy oqibatlariga qarshi kurashish bilan birga, bunday holatlarni barvaqt bartaraf etishga qaratilgan tizimni shakllantirish choralari koʻrilayotir. Shu maqsadda qonunlar, Prezident Farmon va qarorlari qabul qilinmoqda. Bularning barchasidan koʻzlangan maqsad bitta, u ham boʻlsa, xalqimiz farovonligini taʼminlash.
Darhaqiqat, odamlarimiz endi kechagi odamlar emas, ular oʻz haq-huquqlarini yaxshi biladi, muhokamalarda esa qanday fikr yoki taklifni ilgari surishni oʻzlashtirmoqda.
«Jamoatchilik nazorati» degani faqatgina davlat idoralari faoliyati ustidan nazoratgina emas, balki jamiyatning oʻzini oʻzi boshqarish usuli, fuqarolik jamiyatini taraqqiy toptirishning muhim omillaridan biri boʻlgani bois ham uni huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat idoralari, moliya, bank, taʼlim, sogʻliqni saqlash, kommunal xoʻjalik, energetika hamda transport sohalarida ham yoʻlga qoʻyish ayni zarurat. Qolaversa, bozorlar va savdo majmualaridagi mahsulotlar hamda xizmatlar sifati boʻyicha ham doimiy jamoatchilik nazorati oʻrnatilsa, ishlarimiz olgʻa siljishini tushunish unchalik qiyin emas.
Oxirgi yillarda yangi Oʻzbekistonga mos boʻlgan tartibot, qadriyat va munosabatlarning mutlaqo yangi tizimi yoʻlga qoʻyilmoqda.
Natijada tilimizga yangi iboralar, masalan, «xalq bilan muloqot», «xalq qabulxonalari», «elektron hukumat», «virtual qabulxona», «portal», «tashabbuskorlik», «arzon uylar», «xalq dardu tashvishi», «halollik vaktsinasi», «davlat-xususiy sherikligi», «yoʻl xaritasi», «kafolatlangan xavfsizlik» kabi bir qator ezgulikka yoʻgʻrilgan tushunchalar kirib keldi. Muhimi, shu iboralar hayotimizga koʻchib, aholi turmush tarzini yaxshilash mezonida namoyon boʻlmoqda.
Eʼtiborlisi, hozirgi sharoitda aholini qoʻllab-quvvatlash, turmush farovonligini taʼminlashga yoʻnaltirilgan saʼy-harakatlarimiz, bir zumga boʻlsin, toʻxtab qolgani yoʻq, aksincha tobora keng qamrov hosil qilib bormoqda.
Umuman, bugun erishayotgan yutuqlarimiz, davlatimizning xalqaro maydonda tashlayotgan har bir qadami, ichki siyosatdagi tub oʻzgarishlar, tinch va osuda hayotimiz, mamlakatimiz rivoji hamda xalqimiz farovonligini oʻylab qabul qilinayotgan Farmon, qaror va qonunlarga Bosh qomusimiz — Konstitutsiyamizda belgilab berilgan insonparvarlik tamoyillari huquqiy asos boʻlib xizmat qilmoqda.
Zuxriddin Mavlonov
Surxondaryo viloyat sudi fuqarolik ishlari boʻyicha sudlov hayʼati sudyasi.
Asqar Qudratov
Surxondaryo viloyat sudi jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boʻlimi bosh konsultanti