Botir Zaripov Buxoro viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi
Bugun, 7 noyabr kuni, Buxoro viloyati hokimligi majlislar zalida faollar yigʻilishi boʻlib oʻtdi . Yigʻilishda Oʻzbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov, Oʻzbekiston prezidenti administratsiyasi rahbari Zaynilobiddin Nizomiddinov,…
Bugun, 7 noyabr kuni, Buxoro viloyati hokimligi majlislar zalida faollar yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Yigʻilishda Oʻzbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov, Oʻzbekiston prezidenti administratsiyasi rahbari Zaynilobiddin Nizomiddinov, viloyat hokimi oʻrinbosarlari, shahar va tumanlar hokimlari, xalq deputatlari viloyat kengashi deputatlari, Senat aʼzolari, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, viloyat korxona va tashkilotlari rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.
Yigʻilishda tashkiliy masala koʻrildi. Oʻzbekiston prezidenti administratsiyasi rahbari Zaynilobiddin Nizomiddinov ayni paytga qadar “Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi boshqaruvi raisi lavozimida faoliyat yuritib kelgan Botir Zaripov Buxoro viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlanganligi toʻgʻrisidagi prezident farmonini oʻqib eshittirdi.
Viloyatga yetakchilik qilib kelayotgan Farhod Umarov Buxoro viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambagʻalchilikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari lavozimida faoliyatini davom ettiradigan boʻldi.
Maʼlumot uchun, Botir Zaripov 1969 yil 20 noyabrda Gʻijduvon tumanida tugʻilgan. 1997 yilda Toshkent moliya institutini tamomlagan. 1997-1998 yillarda Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy bankining Buxoro boʻlinmasi Yuridik va jismoniy shaxslarni kreditlashtirish boʻlimi boshligʻi, 1998 yilda Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy bankining Buxoro boʻlinmasi Qorovulbozor filiali qurilishi boshligʻi, 1998-2005 yillarda Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy bankining Buxoro boʻlinmasi Qorovulbozor filiali boshqaruvchisi, 2005-2006 yillarda Markaziy bank Buxoro viloyati Bosh boshqarmasi boshligʻining birinchi oʻrinbosari – Inkassatsiya boshqarmasi boshligʻi boʻlgan.
U 2006 yilda Markaziy bankning Buxoro viloyati Bosh boshqarmasi boshligʻining birinchi oʻrinbosari, 2006-2008 yillarda Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining Buxoro boʻlinmasi boshqaruvchisi, 2008-2012 yillarda Markaziy bank Boshqaruvi raisining oʻrinbosari, 2012-2013 yillarda Markaziy bankining Nobank kredit tashkilotlarini nazorat qilish va tartibga solish departamenti direktori, 2013-2015 yillarda Markaziy bank Kredit tashkilotlari faoliyatini litsenziyalash va tartibga solish departamenti direktori, 2015-2016 yillarda AT “Agrobank” Boshqaruvi raisining birinchi oʻrinbosari, 2016-2019 yillarda “Oʻzqurilishmateriallari” aktsiyadorlik jamiyati Boshqaruvi raisi lavozimlarida ishlagan.
2019 yil 4 apreldan esa yangidan tashkil etilgan “Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi Boshqaruvi raisi vazifasida ishlab kelayotgan edi.
Joriy yilning avgust oyi oxirlarida Buxoro viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Karim Kamolov 66 yoshida vafot etdi. Unda koronavirus infektsiyasi tasdiqlangandi.