«Bu yurt bizga begona emas» – uzoq yillik qardoshlik rishtalari bilan bogʻlangan Oʻzbekiston – Turkiya
Ilk bor Turkiyada yurarkanman, esimda, oʻzimni hech begona his qilmadim, qoʻrqmadim, aksincha har yoqda menga hayrixohlik bilan yuzlangan nigohlarni koʻrib, qadrdon goʻshaga qaytgandek boʻlardim. Xolbuki, bu mening Turkiyaga birinchi…
Ilk bor Turkiyada yurarkanman, esimda, oʻzimni hech begona his qilmadim, qoʻrqmadim, aksincha har yoqda menga hayrixohlik bilan yuzlangan nigohlarni koʻrib, qadrdon goʻshaga qaytgandek boʻlardim. Xolbuki, bu mening Turkiyaga birinchi bor kelishim, birinchi xorijiy safarim edi. Bunga sabab qidirish haqida oʻylamasdim, chunki Vatanimning tarixiy ildizlari bir, maqsadlari mushtarak, kelajak haqidagi qadamlari yakdil boʻlgan mamlakatda edim.
Bu safar huddi uzoq yillik ayriliqdan soʻng doʻstni koʻrishdek taʼsir qilardi menga. Buni har qadamimda ish, vaziyat yuzasidan turk xalqi bilan muloqotga kirisharkanman, «Nerelisin?» degan savoliga, «Oʻzbekistondan» deb javob berganimda yuzlaridagi xursandchilik ifodalaridan ham his qilsa boʻlardi. Va ularda ham huddi shunday kayfiyatni sezdim. «Oʻzbekistonda ekanman, oʻzimni hech begona yurtdagidek sezmadim», «Oʻzbekistonni bilamanmi? Nega bilmayin, axir qardoshmiz» deyishardi menga. Bu ikki qardosh mamlakatning fuqarolarida boʻlishi kerak boʻlgan eng muhim jihat edi, mening nazarimda.
app.payme.uz
AD
Darhaqiqat, Oʻzbekistonning Turkiya bilan ildizlari bir, ikki mamlakat xalqining azal-azaldan orzulari, maqsadlari mushtarak boʻlgan. Ayni shu haqiqat sabab ham Oʻzbekiston mustamlaka zabtidan qutilgan ilk yildayoq, uning mustaqilligini eng birinchilardan boʻlib, shodiyona bilan tan olgan davlat ham Turkiya edi. Shundan soʻng Oʻzbekiston va Turkiya Respublikalari oʻrtasida davlatlararo munosabatlarning asoslari va maqsadlari toʻgʻrisida hamkorlik shartnomalari imzolanadi. Shuningdek, iqtisodiy va savdo sohasida hamkorlik, madaniyat, fan, taʼlim sogʻliqni saqlash, sport, turizm va boshqa sohalar boʻyicha ham bitimlar imzolanib, kelishuvlarga erishiladi. 1996 yilda esa mamlakatlarimiz oʻrtasida “Abadiy doʻstlik va hamkorlik toʻgʻrisida”gi shartnoma imzolangan. Biroq, keyinroq, katta foyda keltirishi kutilgan, strategik jihatdan ham ikki davlatni kuchayishiga olib boruvchi uzoq yillik kelishuvlar maʼlum sabablarga koʻra, toʻxtab qoladi, afsuski.
Ammo, 2016 yilga kelib hammasi oʻzgardi. Oʻzbekiston shu yildan boshlab, ichki va tashqi siyosatida umuman oʻzgacha, ochiq siyosat yurita boshladi. Natijada, yillar davomida turli sabablarga koʻra yopilgan chegaralar qayta ochilishni, toʻxtagan munosabatlar qayta tiklanishni boshladi. Mamlakat prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ilk prezidentlik yilidayoq Turkiya bilan hamkorlikning yangi bosqichi boshlandi. Shu yilning oʻzida ikki davlat rahbarlari Pekin, Ostona shahridagi tadbirlarda va BMTning Bosh Assambleyasining 72-sessiyasi doirasida uchrashib, muzokaralar oʻtkazgan edi.
Natijada «2016 yilda oʻzaro savdo hajmi 1,2 milliard AQSh dollarini tashkil etdi. Joriy yilning toʻqqiz oyida tovar ayirboshlash hajmi 29 foizga oshdi. Mamlakatimizda Turkiyaning 500 ga yaqin firma va kompaniyasi faoliyat yuritmoqda. Shu yilning oʻzida yurtimizda ushbu mamlakat sarmoyasi ishtirokida 20 dan ortiq korxona tashkil etildi, 53 kompaniyaning vakolatxonalari akkreditatsiya qilindi».
Oʻzbekiston Republikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdoʻgʻonning taklifiga binoan 2017 yildagi Turkiyaga davlat tashrifi doirasida ikki mamlakat oʻrtasida iqtisod, turizm, sogʻliqni saqlash, fan, taʼlim madaniyatga doir 20 dan ziyod hujjat imzolandi. Oʻz navbatida 2018 yilda Rejep Tayyip Erdogʻan Toshkentga rasmiy tashrif bilan keldi. Tashrif davomida ikki davlat rahbarlari raisligida Strategik sheriklik oliy kengashi tuzish boʻyicha kelishuvga erishildi.
«Biz Turkiya Respublikasiga ulkan siyosiy, iqtisodiy va harbiy salohiyatga ega boʻlgan, xalqaro maydonda obroʻ-eʼtibori tobora ortib borayotgan yirik davlat sifatida qaraymiz. Ota yurtingiz – Oʻzbekistonning eshiklari sizlar kabi yaqin qardoshlarimiz uchun doimo ochiq», deya taʼkidlagan edi davlatimiz
2022 yilda ikki davlat oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 30 yilligi va strategik sheriklik munosabatlari yoʻlga qoʻyilganining 5 yilligi nishonlandi. Bu vaqtga kelib, ikki davlat oʻrtasida oʻzaro tovar ayirboshlash 2,5 barobarga oʻsib, 3,6 milliard dollardan oshdi. Qoʻshma korxonalar soni 5 barobar koʻpayib, 2 mingdan ortdi. Investitsiyaviy hamkorlik koʻrsatkichlari 70 barobarga oʻsdi.
Qisqa davr ichida ikki davlat rahbarlarining bir qator uchrashuvlar, rasmiy tashriflari natijasida Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasida munosabalar iliqlashib, keng qirrali, uzoq marrali hamkorliklar yuzaga kela boshladi. Yana, bir eʼtiborli tomoni, har ikki davlat rahbarlari muhim uchrashuvlarda ikki xalqning sevimli shoirlaridan satrlar ketirib oʻtishidir. 2018 yilda Rejep Tayyip Erdogʻan Oʻzbekiston xalq shoiri Erkin Vohidovning «Oʻzbegim» sheʼrini yoddan aytib berarkan, butun oʻzbek xalqining mehriga sazovor boʻlgan edi. Keyinroq Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning buyuk turk shoiri Yunus Emrodan sheʼr oʻqishi ham qardoshlarimiz tomonidan juda iliq kutib olindi. Aytish kerakki, bu shunchaki davlat rahbarlarining shoirlardan sheʼr oʻqishi emas, balki ikki qondosh xalqning uzoq asrlik birdamligi, hamfikrligining ham ifodasi edi.
Mana shunday samimiy munosabatlar fonida birodar xalqimiz boshiga tushgan ogʻir yoʻqotish, talofat barchamizni qaygʻuga soldi. Turkiyada boshlangan katta talofatli zilzila har bir oʻzbekning yuragini larzaga keltirdi. Shu bilan birga butun Oʻzbekiston oyoqqa qalqdi: yurtdoshlarimiz zilzilaning ilk kunidayoq, qardoshlarimizga koʻmak berishga shoshildi. Ijtimoiy tarmoqlarning oʻzbek sigmenti turk birodarlarimizga yordam berish niyatida yoʻlga chiqmoqchi, moddiy mablagʻ oʻtkazmoqchi boʻlgan, ularga sogʻlik-omonlik soʻragan postlar bilan toʻldi.
Birinchi kundayoq Prezident Shavkat Mirziyoyevning topshirigʻiga muvofiq, Turkiyada roʻy bergan kuchli zilziladan jabr koʻrganlarga gumanitar yordam hamda tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etishda ishtirok etish uchun Favqulodda vaziyatlar vazirligining 100 dan ortiq qutqaruvchilari joʻnatildi. Shuningdek, Turkiya Respublikasining Oʻzbekistondagi elchixonasiga borib, qardoshlarimizga yana bir bor hamdardlik bildirdi.
Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi huzuridagi «Yoshlar kelajagi» jamgʻarmasi, Oʻzbek-turk ishbilarmonlar uyushmasi (UTİD), Tashqi iqtisodiy aloqalar kengashi (DEİK), Turkiya Sanoatchilar va tadbirkorlar uyushmasi (MÜSİAD) Oʻzbekiston boʻlimi tashabbusi bilan esa zilziladan jabr koʻrgan Turkiya aholisiga insonparvarlik yordami yigʻildi. Anadolu agentligiga koʻra, «Hukumat, tadbirkorlar va Oʻzbekiston aholisi tomonidan 170 tonna insonparvarlik yordami yigʻilib, ular 6 ta yuk samolyoti va 7 ta yuk mashinasida mamlakatning turli hududlariga yetkazilgan».
Bundan tashqari Oʻzbekistonda va Turkiyada yashayotgan yurtdoshlarimiz tomonidan moddiy mablagʻ yigʻildi. Turkiyaning zilziladan jabr koʻrgan hududlarida oʻzbekistonlik oshpazlar tomonidan har kuni 5 ming kishiga ikki mahal osh pishirib tarqatildi. Tabiiy ofat zonasida Oʻzbekistondan 100 nafar qutqaruvchi va 71 shifokor hamda Istanbuldagi Oʻzbekiston madaniyat, tadqiqot va birdamlik uyushmasi koʻngillilari ham qutqaruv ishlarida ishtirok etdi.
Xalqimizda «Doʻst boshga kulfat tushganda bilinadi» degan naql bor. Ushbu ogʻir kunlarda ikki mamlakat oʻrtasidagi qardoshlik, hamjihatlik rishtalari nafaqat sinovdan oʻtdi, balki yanada mustahkamlandi. Ana shunday ogʻir kunlarda oʻzbek-turk xalqlari azaldagi kabi bir-birini suyar, yelkadosh boʻlar ekan, ikki davlat oʻrtasidagi hamkorlik va doʻstlik dunyo rivojida muhim boʻgʻin boʻlib qoʻshilishiga, Turkiyaning bu sinovlarda ham qaddi bukilmasligiga boʻlgan ishonch koʻnglimizga chiroq boʻla olyapti.