Yer qonunchiligi takomillashtirildi
2021 yil 8 iyun kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Er munosabatlarida tenglik va shaffoflikni taʼminlash, yerga boʻlgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari…
2021 yil 8 iyun kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Er munosabatlarida tenglik va shaffoflikni taʼminlash, yerga boʻlgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 6243-sonli Farmoni qabul qilindi.
Mazkur Farmonning maqsadi – yer uchastkalarini ajratishning barcha uchun teng, shaffof va bozor tamoyillariga asoslangan tartibini joriy etish, yerga oid mulkiy va huquqiy munosabatlarda barqarorlikni taʼminlash, yerlarni muhofaza qilish, yer egalarining mulkiy huquqlarini kafolatlash, shuningdek, yerning iqtisodiy qiymatini belgilash orqali uni fuqarolik huquqiy muomalasining obʼekti sifatida erkin muomalaga kiritishdan iboratdir.
Farmonga koʻra, 2021 yil 1 avgustdan boshlab:
yer uchastkalari xususiy sektorga – mulk va ijara huquqi asosida ajratiladi;
yer uchastkalari davlat tashkilotlariga doimiy foydalanish huquqi asosida ajratiladi;
meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik, doimiy egalik, vaqtincha foydalanish huquqi bilan yer ajratish tartibi bekor qilinadi; (bunda ilgari ajratilgan yer uchastkalariga boʻlgan huquqlar saqlanib qoladi)
ijaraga olingan yer uchastkasidagi koʻchmas mulk boshqa shaxsga oʻtgan taqdirda, yer uchastkasiga ijara huquqi ham yangi mulkdorga oʻtadi;
qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar ochiq elektron tanlov orqali faqat ijara huquqi asosida ajratiladi;
qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yerlar mulk huquqi va ijara huquqi asosida elektron onlayn-auktsion orqali realizatsiya qilinadi;
barcha hollarda yer uchastkalari faqat boʻsh turgan va zaxiraga olingan yerlardan ajratiladi; (ayni bir hujjat bilan yoki bir vaqtda yer uchastkasini olib qoʻyish, zaxiraga olish, boshqa shaxsga ajratish yer berish tartibini buzish hisoblanadi)
davlat-xususiy sheriklik loyihalari va ijtimoiy loyihalarni amalga oshirishda yer uchastkalari davlat tashkilotiga doimiy foydalanish huquqi bilan ajratiladi; (ushbu yerlar xususiy sherik, nodavlat notijorat tashkiloti va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlariga ijaraga berilishi mumkin)
koʻp kvartirali uy joylashgan va unga tutash yer uchastkasi mulkdorlarga umumiy foydalanish uchun doimiy foydalanish huquqi asosida ajratiladi.
2021 yil 1 avgustdan Vazirlar Mahkamasi faqat quyidagi hollarda yer uchastkalarini toʻgʻridan-toʻgʻri ijaraga berishga haqli:
davlat ilmiy- tadqiqot va taʼlim muassasalariga – Qishloq xoʻjaligi vazirligining taklifiga asosan;
agrosanoat klasterlariga – yer uchastkasi normativ qiymatining ikki baravari miqdoridagi pul mablagʻi depozitga qoʻyilganda, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respub- likasi Vazirlar Kengashi, viloyat hokimining taklifiga asosan;
eng yaxshi taklifni tanlash orqali aniqlanadigan, qiymati kamida 10 million AQSh dollari ekvivalentida (er maydoni hajmiga koʻra ortib boradi) boʻlgan yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun – loyiha qiymatining kamida 10 foiziga teng mablagʻ avvaldan maxsus hisob raqamga joylashtirilganda;
chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarga, xalqaro birlashmalar va tashkilotlarga, chet ellik yuridik va jismoniy shaxslarga – ijaraga olish huquqini olganlik uchun bozor qiymatida haq toʻlagan holda (xalqaro birlashmalar va tashkilotlardan tashqari).
Yer toʻgʻrisidagi qonun buzilishi holatlarini barvaqt aniqlash va ularning oldini olishga qaratilgan faoliyatni muvofiqlashtirish boʻyicha Respublika kengashi va joylarda hududiy kengashlar tashkil etildi (ishchi organ – prokuratura).
Kadastr organlari yerdan maqsadsiz foydalanishni aniqlaganda, ushbu yerga boʻlgan huquqni bekor qilish, noqonuniy qurilgan imoratlarni bartaraf etish yuzasidan toʻgʻridan-toʻgʻri sudga murojaat qilishi mumkin.
Farmonga koʻra, 2021 yil 1 avgustdan hokimliklarning yerga oid quyidagi vakolatlari bekor qilinadi:
yerni toʻgʻridan-toʻgʻri ajratish, foydalanishga berish, zaxiralash, biriktirish, obodonlashtirish uchun berish yoki yerlarni boshqacha yoʻl bilan tasarruf qilish;
tuman va shahar hokimliklari tomonidan yerga boʻlgan huquqlarni belgilash, eʼtirof etish, oʻzgartirish, bekor qilish;
sugʻoriladigan yerlarni sugʻorilmaydigan yerlar toifasiga yoki bosh- qa yer toifasiga, sugʻorilmaydigan qishloq xoʻjaligi yerlarini boshqa yer toifasiga oʻtkazish;
jamoa bogʻdorchiligi, uzumchiligi va polizchiligi hamda yordamchi qishloq xoʻjaligini yuritish uchun yer berish;
xususiylashtiriladigan yerga nisbatan investitsiya majburiyatlari yoki xususiy mulkni erkin tasarruf etishni cheklaydigan boshqa majburiyatlarni belgilash;
2021 yil 1 avgustdan qonunchilik hujjatlarida belgilangan boshqacha tartibda yer uchastkalarini ajratishni nazarda tutuvchi barcha tartiblar, imtiyoz va istisnolar toʻliq bekor qilinadi.
Davlat hokimiyati organlarining yer uchastkalarini toʻgʻridan-toʻgʻri ajratish yoki boshqacha tarzda imtiyoz va istisnolar belgilash tashabbusi bilan chiqish taqiqlanadi.
J.Xudoyberdiyev,
Surxondaryo viloyat jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayati sudyasi
A. Raxmatov,
Jinoyat ishlari boʻyicha Boysun sudining raisi
J.Xursandov,
Jinoyat ishlari boʻyicha Denov tuman sudining sudyasi