Eron prezidenti Ibrohim Raisiy vertolyot qulashi oqibatida halok boʻldi
Eronning turli manbalari mamlakat prezidenti Ibrohim Raisiy va tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyon vertolyot qulashi oqibatida halok boʻlganini tasdiqladi. Raisiy va vertolyotda boʻlganlarning oʻlimi, xususan, Eronning…
Eronning turli manbalari mamlakat prezidenti Ibrohim Raisiy va tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyon vertolyot qulashi oqibatida halok boʻlganini tasdiqladi.
Raisiy va vertolyotda boʻlganlarning oʻlimi, xususan, Eronning Mehr agentligi tomonidan tasdiqlangan. Shuningdek, ismini oshkor etmagan Eron rasmiysi Reuters bilan suhbatda shu haqda maʼlum qildi.
Bundan oldin Eron Qizil yarim oy jamiyati rahbari Pirhusayn Kolivand davlat televideniyesi orqali qilgan chiqishida qutqaruvchilar halokat joyida omon qolganlarni topmaganini aytgandi.
Eron prezidenti Ibrohim Raisiy, tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyon, Eronning Sharqiy Ozarboyjon viloyati gubernatori Malik Rahmatiy va Tabriz viloyati imomi Ali Hoshim vertolyotning yoʻlovchilari boʻlgan.
Vertolyot yakshanba kuni Eron shimoli-gʻarbidagi togʻli hududda, Ozarboyjon va Turkiya bilan chegaraga yaqin joyda qulagan.
Qidiruv-qutqaruv ishlari noqulay ob-havoga qaramay, tun boʻyi davom etdi: Eron ommaviy axborot vositalari halokat sodir boʻlgan hududda yomgʻir yogʻayotganini xabar qildi. Vertolyotni qidirishda Eron armiyasi ham ishtirok etgan.
Tasnim agentligi xabariga koʻra, yonib ketgan vertolyot mahalliy vaqt bilan ertalab soat oltilarda topilgan.