Payshanba, 12-noyabr, 2026 Toshkent +2° USD 11 974,02 EUR 13 432,46 RUB 144,58

Gʻazo bolalar uchun eng xavfli joy – UNICEF

UNICEF ijrochi direktori Ketrin Rassel Gʻazo sektori yana bolalar uchun eng xavfli joyga aylanganini aytdi va mojaro tomonlarini ularni himoya qilish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishga chaqirdi. “Bugun Gʻazo yana bolalar uchun…

Gʻazo bolalar uchun eng xavfli joy – UNICEF

UNICEF ijrochi direktori Ketrin Rassel Gʻazo sektori yana bolalar uchun eng xavfli joyga aylanganini aytdi va mojaro tomonlarini ularni himoya qilish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishga chaqirdi. 

“Bugun Gʻazo yana bolalar uchun eng xavfli joyga aylandi. Qish keldi. Mojaroning barcha tomonlari qayerda boʻlishidan qatʼi nazar, barcha bolalarning hayoti va farovonligini himoya qilish uchun qoʻlidan kelgan barcha ishni qilishlari kerak. Bundan buyon bu mujaroda bolalar oʻlmasligi kerak”,  deyiladi Rassellning X ijtimoiy tarmogʻidagi (sobiq Twitter) postida. 

22 noyabr kuni Falastinning HAMAS harakati Misr va Qatar vositachiligida Isroil bilan Gʻazo sektorida toʻrt kunlik gumanitar sulh boʻyicha kelishuvga erishgani va u 24 noyabrdan kuchga kirganini eʼlon qildi. Kelishuvlar Isroil qamoqxonalaridagi bolalar va ayollarni ozod qilish evaziga anklavda saqlanayotgan bolalar va ayollarni ozod qilishni nazarda tutgan.

1 dekabr kuni ertalab Isroil mudofaa kuchlari HAMASni sulhni buzganlikda ayblab, Gʻazo sektorida jangovar harakatlarni qayta boshlaganini maʼlum qildi. Oktyabr oyi oxirida UNICEF Isroil armiyasi shiddatli oʻqqa tutayotgan Gʻazo sektorida har kuni 400 dan ortiq bolalar halok boʻlgan yoki yaralangani haqida xabar bergan edi.

Jamgʻarma vakilining soʻzlariga koʻra, Gʻazo mohiyatan bolalar qabristoniga aylangan. JSST maʼlumotlariga koʻra, Gʻazo sektorida oʻrtacha har 10 daqiqada bir bola vafot etadi. Eslatib oʻtamiz, avvalroq, Rassel Gʻazo sektoridagi 48 kunlik bombardimon davrida 5300 dan ortiq falastinlik bola halok boʻlganini maʼlum qilgandi.

Mavzuga oid