Hindistonda yuk poyezdi yoʻlovchi poyezdi bilan toʻqnashdi. Qurbonlar bor
Bugun, 17 iyun kuni Hindistonning Gʻarbiy Bengaliya shtatida yuk poyezdi “Kanchanjunga Express” yoʻlovchi poyezdi bilan toʻqnashib ketdi. Bu haqda “The Hindu” nashri xabar berdi. Aniqlanishicha, ertalab temiryoʻl stantsiyasi tomon yoʻl…
Bugun, 17 iyun kuni Hindistonning Gʻarbiy Bengaliya shtatida yuk poyezdi “Kanchanjunga Express” yoʻlovchi poyezdi bilan toʻqnashib ketdi. Bu haqda “The Hindu” nashri xabar berdi.
Aniqlanishicha, ertalab temiryoʻl stantsiyasi tomon yoʻl olgan yoʻlovchi poyezdining uchta orqa vagoni shtatning Darjiling tumanida yuk poyezdi bilan toʻqnashib, relsdan chiqib ketishi oqibatida kamida 15 yoʻlovchi halok boʻlgan va 60 nafari yaralangan.
Voqeadan xabar topgan Gʻarbiy Bengaliya Bosh vaziri Mamata Banerji yordam operatsiyalari bilan tanishish uchun Yangi Jalpayguridagi voqea joyiga yetib borgan. Davlatning bir nechta agentliklari mahalliy aholi bilan birgalikda poyezd vagonlari ichida qolib ketgan yoʻlovchilarni qutqarish ishlarini olib bormoqda.
Temiryoʻl rahbarining soʻzlariga koʻra, halok boʻlganlar orasida yuk poyezdining ikki nafar haydovchisi ham bor.
Poyezdlar toʻqnashishi ortidan, mamlakat Kongressi Bosh vazir Narendra Modi hukumatini mutlaqo notoʻgʻri boshqaruv siyosatini olib borayotganlikda ayblab, soʻnggi 10 yil ichida Temiryoʻl vazirligi hukumatning notoʻgʻri boshqaruviga asoslanib ish tutayotganini daʼvo qildi.
“Masʼuliyatli muxolifat sifatida, Modi hukumati Temiryoʻl vazirligini qanday qilib tizimli ravishda oʻzini-oʻzi reklama qilish platformasiga aylantirganini aytish bizning majburiyatimizdir!”deya fikr bildirgan Kongress prezidenti Mallikarjun Xarge oʻzining X ijtimoiy tarmogʻi (sobiq Twitter)dagi sahifasida.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq Qozogʻistonda poyezd vagonlari relsdan chiqib ketgani haqida xabar berilgandi.