«Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish, Qonun ustuvorligini taʼminlash va qonuniylikni mustaxkamlash»
Mamlakatimizda davlat va jamiyat hayotining barcha jabhalarida, shu jumladan inson huquqlari va erkinliklarining kafolati sifatida adolatli sud-huquq tizimini shakllantirish, jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni…
Mamlakatimizda davlat va jamiyat hayotining barcha jabhalarida, shu jumladan inson huquqlari va erkinliklarining kafolati sifatida adolatli sud-huquq tizimini shakllantirish, jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish hamda Qonun ustivorligini taʼminlash va qonuniylikni mustaxkamlash borasidagi islohotlar izchil davom etmoqda. Sudlovning odilligini taʼminlovchi huquqiy maydon – umuminsoniy qadriyatlar va umumeʼtirof etilgan huquq andozalariga asoslangan, shaklan va mohiyatan yangi qonunlar qabul qilinmoqda. Ularning asosiga qonuniylik, demokratizm, odillik, insonparvarlik, jinoiy qilmish uchun javobgarlikning muqarrarligi kabi odilona printsiplar qoʻyilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 9 yanvarda qabul qilingan “Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish tizimini tubdan takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Farmoni alohida ahamiyat kasb etadi. Chunki, Farmonga asosan quyidagilar jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirishning asosiy vazifalari etib belgilandi: birinchidan, aholiga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, qabul qilinayotgan qonun hujjatlari va davlat dasturlarining mazmuni va mohiyatini izchil yetkazish tizimini shakllantirish, fuqarolar ongida “Jamiyatda qonunlarga hurmat ruhini qaror toptirish ‒ demokratik huquqiy davlat qurishning garovidir!” degan hayotiy gʻoyani mustahkamlash; ikkinchidan, jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirishda, eng avvalo, taʼlim-tarbiyaning tizimli va uzviy ravishda olib borilishiga alohida eʼtibor qaratish, maktabgacha taʼlim tizimidan boshlab, aholining barcha qatlamlariga huquqiy ong va huquqiy madaniyatni chuqur singdirish, shaxsiy manfaatlar hamda jamiyat manfaatlari oʻrtasidagi muvozanatni saqlash gʻoyalarini keng targʻib qilish; uchinchidan, yosh avlod ongiga huquq va burch, halollik va poklik tushunchalarini hamda odob-axloq normalarini chuqur singdirib borish, Konstitutsiyaning muhim jihatlarini ularga bolaligidan boshlab oʻrgatish; toʻrtinchidan, aholi oʻrtasida huquqiy madaniyatni shakllantirish boʻyicha huquqiy-maʼrifiy tadbirlarni xalqimiz tarixi, dini, milliy qadriyatlarini oʻrgatish bilan uygʻun holda tashkil qilish, shuningdek, har bir fuqaroda davlat ramzlari bilan faxrlanish tuygʻularini shakllantirish orqali mamlakatga daxldorlik, vatanparvarlik hissini kuchaytirish va boshqalar. Basharti, hukmlar elning moli va joniga joriy ekan, bunda toʻgʻrilik va adolat qozi va quzzotning shiori boʻlishi darkor. Amaliyotda qoʻllanilayotgan bu kabi oʻzgarishlar yuridik soha xodimlari oldiga ham ulkan vazifalarni koʻndalang qilib qoʻya boshladi. Kasb malakalarini oshirish, mahorat sirlarini tinmay oʻqib, oʻzlashtirish talabini qoʻymoqda. Birinchi navbatda ulardan toʻgʻrilik va odillik, soʻng bilim va tajriba soʻraladi. Inson taqdiriga masʼul boʻlgan kasbu kor egalariga doimo shunday talab qoʻyilgan.
Huquqiy davlatning muhim belgilaridan biri, uni barpo etishning majburiy sharti – yuristlar, aholi, mansabdor shaxslar huquqiy madaniyatining yuksak boʻlishidir. Yuristlarning huquqiy tayyorgarligi, shubhasiz, qonunga itoatkor fuqarolarnikidan yuqori boʻlishi, oʻz koʻlami va chuqurligiga koʻra farqlanib turishi, bilimlar, huquq printsiplari va normalarining tartiblilik xususiyati, huquqiy koʻrsatmalarni qoʻllay olish mahorati bilan ajralib turishi kerak. Bu Oʻzbekiston Konstitutsiyasi, umuman konstitutsiyaviy qonun hujjatlari normalarini amaliyotda qoʻllay olish qobiliyatiga ham taalluqli. Yuristlar uchun qonunga, Konstitutsiyaga ijobiy munosabatda boʻlish – ishga kasbiy munosabatda boʻlishning asosidir. Yuqoridagilardan shunday xulosaga kelishimiz mumkin.
Mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichida oʻz tanlagan taraqqiyot yoʻlidan olgʻa siljimoqda. Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasining ikkinchi yoʻnalishi qonun ustuvorligini taʼminlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilishga bagʻishlangan boʻlib, unda fuqarolarning odil sudlovga erishish darajasini oshirish, sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini taʼminlash, inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish sud-huquq sohasidagi islohotlarning ustuvor yoʻnalishlari etib belgilangan. Darhaqiqat, istiqlol yillarida mamlakatimizda sud hokimiyati mustaqilligini taʼminlash va nufuzini oshirish, uni ilgarigi jazolovchi organdan inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qiladigan, jamiyatdagi demokratik oʻzgarishlarning muhim vositasi boʻlgan institutga aylantirishga qaratilgan keng qamrovli ishlar amalga oshirildi.
Harakatlar strategiyasi amalga oshirilishini taʼminlash maqsadida Prezidentimiz tashabbusi bilan Konstitutsiyamizning yettita moddasiga sud-huquq sohasidagi islohotlar bilan bogʻliq printsipial oʻzgartishlar kiritilgani, sudyalikka nomzodlarni tanlash va lavozimga tayinlash tizimini tubdan takomillashtirish, yuqori malakali sudyalar korpusini shakllantirish maqsadida sudyalar hamjamiyatining yangi organi – Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tashkil etilgani, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi sud hokimiyatining fuqarolik, jinoiy, maʼmuriy va iqtisodiy sudlov sohasida yagona oliy organi sifatida davr talablari asosida yangidan shakllantirilgani, odil sudlovning mazmun-mohiyatiga mutlaqo toʻgʻri kelmaydigan holat – sudlar tomonidan jinoyat ishlarini qoʻshimcha tergovga qaytarish amaliyotiga chek qoʻyilgani tizim rivoji yoʻlida muhim qadam boʻlib, bu yoʻnalishdagi islohotlar izchil davom ettirilayotganining yaqqol isbotidir.
Shu oʻrinda taʼkidlash lozim, istiqlolning dastlabki yillaridanoq adolatli fuqarolik jamiyati barpo etish yoʻlida tashlangan katta qadamlardan biri, bu – huquqiy-demokratik jamiyat qurishni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻygan mamlakatimizda hokimiyatlar boʻlinishi va mustaqil sud hokimiyatining vujudga kelishi boʻldi. Bu bosh Qomusimizning 106-moddasida “Oʻzbekiston Respublikasida sud hokimiyati qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlardan, siyosiy partiyalardan, boshqa jamoat birlashmalaridan mustaqil holda ish yuritadi”degan huquqiy normada oʻz aksini topdi.
Mamlakatimizda nafaqat qonunchilik sohasida, balki qonunlarni amaliyotda qoʻllash, jazo tizimini tubdan qayta koʻrib chiqish sohasida ham jiddiy oʻzgarishlar amalga oshirildi.
Oʻtgan shu tarixan qisqa vaqt mobaynida amalga oshirilgan ishlarning salmogʻi beqiyos. Huquqiy-demokratik davlat va fuqarolik jamiyati shakllanishida sud islohotlari alohida oʻrin tutadi. U davlatimizdagi uch zabardast hokimiyatning biri sifatida, fuqarolarimizning huquqlari, erkinliklari daxlsizligi, qonun oldida barchaning barobarligi, mamlakat manfaati va el faravonligi yoʻlida qabul qilinayotgan qonunlar va ijroning Konstitutsiyaga muvofiqligini taʼminlash – bir soʻz bilan aytganda jamiyatda qonun va adolat tamoyillarini barqaror tutish kafolatidir.
Jamshid Xomidov
Surxondaryo viloyat sudi raisining oʻrinbosari – iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati raisi.
Asqar Qudratov
Surxondaryo viloyat sudi jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boʻlimi bosh konsultanti