Jamiyatda maʼmuriy sudlarning roli kuchaytirilmoqda
13.02.2022 Fuqarolar va tadbirkorlar oʻz huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilishga haqli boʻlib, ular davlat organlari va ularning mansabdor shaxslarining gʻayriqonuniy xatti-harakatlari ustidan sudga shikoyat qilish…
13.02.2022
Fuqarolar va tadbirkorlar oʻz huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilishga haqli boʻlib, ular davlat organlari va ularning mansabdor shaxslarining gʻayriqonuniy xatti-harakatlari ustidan sudga shikoyat qilish huquqlari asosiy qomusimiz hisoblangan Konstitutsiya hamda boshqa qonunlar bilan kafolatlanadi.
Biroq, amaliyotda har doim ham fuqarolar va tadbirkorlar oʻzlarining buzilgan huquq va erkinliklarini maʼmuriy sudlar orqali himoya qilishda oʻz talablarini isbotlab berish imkoniyatga ega emasligi koʻzga tashlanmoqda.
Amaldagi protsessual qonun talablariga koʻra sud protsessida ish uchun ahamiyatga ega boʻlgan holatlarni isbotlash majburiyati taraflarning oʻziga yuklatilgan.
Oʻz huquq va manfaatlarini himoya qilayotgan fuqarolar va tadbirkorlarning ish holatlarini isbotlashga doir imkoniyatlari bilan davlat organlari mansabdor shaxslarining imkoniyatlarini teng deb boʻlmaydi, bunda fuqarolar va tadbirkorlarning ish holatlarini isbotlashga doir imkoniyatlari davlat organlari mansabdor shaxslarining imkoniyatlariga qaraganda birmuncha cheklangan.
Shuningdek, amaliyotda ommaviy-huquqiy nizolar boʻyicha qabul qilingan sud qarorlari ijro qilish uchun davlat organlariga xat orqali yuboriladi, majburiy ijro varaqalari berilmaydi.
Bu esa shu vaqtga qadar baʼzi hollarda fuqarolar va tadbirkorlarning buzilgan huquqlarini tiklash haqidagi sud qarorlarining ijrosi davlat organlari yoki ularning mansabdor shaxslari tomonidan ixtiyoriy ravishda taʼminlamasligiga sabab boʻlayotgan edi.
Buning natijasida fuqarolar va tadbirkorlarning foydasiga chiqarilgan sud qarorlari davlat organlari yoki mansabdor shaxslari tomonidan ijro etilmasdan qolish holatlari kuzatilayotgandi.
Mamlakatimizda sudlar faoliyati shaffofligini taʼminlash, fuqarolar va tadbirkorlarning odil sudlovga boʻlgan ishonchini oshirish borasida olib borilayotgan islohatlarning davomi sifatida joriy yilning 29 yanvarida Prezidentning “Davlat organlari bilan munosabatlarda fuqarolar va tadbirkorlik subʼektlari huquqlarining samarali himoya etilishini taʼminlash hamda aholining sudlarga boʻlgan ishonchini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-107-sonli Qarori qabul qilindi.
Ushbu Qaror fuqarolar va tadbirkorlik subʼektlarining buzilgan huquqlarini himoya qilishda sudlarning, ayniqsa maʼmuriy sudlarning rolini kuchaytirishga, maʼmuriy sudlarni fuqarolar va tadbirkorlarning haqiqiy himoyachisiga aylantirishda dasturul amal boʻlib xizmat qiladi.
Jamiyatda fuqarolar va tadbirkorlarning maʼmuriy sudlarga boʻlgan ishonchni oshirish uchun ularning davlat organlari bilan boʻladigan munosabatlarida huquqlari va qonuniy manfaatlarining himoya etilishini taʼminlash zarur.
Buning uchun maʼmuriy sud ishlarini yuritishni xalqaro standartlar doirasida takomillashtirish hamda davlat organlari tomonidan sud qarorlarining ijro etilishi ustidan sud nazoratining taʼsirchan mexanizmlarini joriy etish talab etiladi.
Shu sababli Prezident qarori bilan fuqarolar va tadbirkorlarining davlat organlari bilan munosabatlarida qonun ustuvorligini taʼminlash hamda ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maʼmuriy sudlarning birinchi navbatdagi vazifasi etib belgilandi.
Endilikda maʼmuriy sud ishlarini yuritishda «sudning faol ishtiroki» tamoyili joriy etiladi, bunda maʼmuriy sudlarga ishning haqiqiy holatlarini aniqlash uchun oʻz tashabbusi bilan dalillarni yigʻish majburiyatini yuklanadi.
Huquqi buzilgan sud protsessi ishtirokchisi hisoblangan fuqarolar yoki tadbirkorlar esa dalillarni yigʻishda faqat oʻz imkoniyati doirasida harakat qiladilar.
Shuningdek, huquqi buzilgan fuqarolar yoki tadbirkorlarning ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolarga bogʻliq boʻlgan zararlarni undirish haqidagi talablarini koʻrib chiqish vakolati maʼmuriy sudlarga beriladi.
Maʼmuriy sudlarning ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlar boʻyicha qabul qilgan hal qiluv qarorlari davlat organlari mansabdor shaxslari tomonidan ijro qilinmagan taqdirda, ularga nisbatan sud jarimalari qoʻllaniladi.
Bunda maʼmuriy sudlarning ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ish boʻyicha qabul qilgan hal qiluv qarorlarini qonuniy kuchga kirgan kundan boshlab bir oy davomida ijro qilish hamda bu haqda qaror qabul qilgan sudga xabar berish tartibiga amal qilmagan davlat organlari yoki tashkilotlari mansabdor shaxslariga sud hujjatini ijro qilinmaganligi uchun sud jarimasiga tortiladi.
Davlat organlari yoki tashkilotlari mansabdor shaxslari tomonidan sud hujjati takroran ijro qilinmagan taqdirda, ularga nisbatan dastlab qoʻllanilgan sud jarimasini oshirilgan miqdori qoʻllaniladi.
Shuningdek, maʼmuriy sudlarning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarorida aniqlangan holatlar boshqa ishni koʻrayotgan fuqarolik ishlari boʻyicha sudlar uchun majburiy hisoblanishi nazarda tutilmoqda.
Bu kabi chora-tadbirlarning amalga oshirilishi maʼmuriy sudlarning jamiyatdagi rolini kuchaytiradi, davlat organlarining mansabdor shaxslarini oʻz faoliyatini qonun asosida yuritishga majbur qilish bilan birga, fuqarolar va tadbirkorlarning huquqlari va manfaatlarini samarali himoya etilishiga olib keladi.
Natijada jamiyatimizda aholining sudlarga boʻlgan ishonchi yanada ortadi.
Rahmatilla Gʻulomov
Surxondaryo viloyat maʼmuriy sudining raisi