JAR Prezidenti qayta saylandi
Janubiy Afrika Respublikasi Prezidenti Siril Ramafosa oʻz lavozimiga qayta saylandi. Bu haqda mamlakatning hukumat portali xabar berdi. Unga koʻra, Afrika Milliy Kongressidan nomzodi koʻrsatilgan Ramafosa 283 ta ovoz bilan…
Janubiy Afrika Respublikasi Prezidenti Siril Ramafosa oʻz lavozimiga qayta saylandi. Bu haqda mamlakatning hukumat portali xabar berdi.
Unga koʻra, Afrika Milliy Kongressidan nomzodi koʻrsatilgan Ramafosa 283 ta ovoz bilan “Iqtisodiy erkinlik kurashchilari” partiyasidan koʻrsatilgan nomzod Julius Sello Malema toʻplagan 44 ta ovozni ortda qoldirgan. Bu esa uning qayta saylanishini yaqqol namoyon qilgan.
Keltirilishicha, saylovdan soʻng jami 339 ta saylov byulletenlari chiqarilgan hamda sanab koʻrilganda 12 ta byulleten haqiqiy emas deb topilgan.
Prezident saylovi Qishloq xoʻjaligi, yer islohoti va qishloq taraqqiyoti sobiq vaziri Toko Didiza palatadagi ovoz berishdan soʻng, Milliy Assambleya spikeri etib saylanganidan keyin boʻlib oʻtdi.
Hukumatning rasmiy sahifasiga koʻra, Janubiy Afrikada yaqinda boʻlib oʻtgan ushbu saylovlar 1994 yilda mamlakatda demokratiya paydo boʻlganidan beri oʻtkazilgan eng ziddiyatli va eng yaxshi saylovlar boʻldi. 1994 yildan keyingi saylov davrida boʻlgani kabi, Ramafosa kelajakda Milliy birlik hukumatini boshqarishi kutilmoqda.
Maʼlumot uchun, bu uning Janubiy Afrika hukumati rahbari sifatidagi ikkinchi muddati boʻladi. Ramafosaning inauguratsiyasi joriy yilning 19 iyun kuni boʻlib oʻtishi kutilmoqda. Ramafosa birinchi marta 2018 yil 15 fevralda va 2019 yil 22 mayda 2019 yilgi saylovlardan keyin Janubiy Afrika Prezidenti sifatida qasamyod qildi. Prezident boʻlgunga qadar Ramafosa 2012 yildan beri Prezident oʻrinbosari boʻlib ishlagan.
Eslatib oʻtamiz, 2023 yilning 11 avgust kuni sudga hurmatsizlik qilgani uchun 15 oyga qamalgan Janubiy Afrikaning sobiq prezidenti Jeykob Zuma qamoqxonada joy yoʻqligi sabab ozod etilgani haqida xabar berilgandi.