Juma kuni Toshkentda “Avtomobilsiz kun” tadbiri oʻtkaziladi
Ekologiya vazirligi fuqarolarni aktsiyada ishtirok etishga va atrof-muhitga zarar keltirmaydigan transportdan foydalanishga chaqirdi. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi tomonidan joriy yilning…
Ekologiya vazirligi fuqarolarni aktsiyada ishtirok etishga va atrof-muhitga zarar keltirmaydigan transportdan foydalanishga chaqirdi.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi tomonidan joriy yilning 29 mart, juma kuni Toshkent shahrida “Avtomobilsiz kun” tadbiri oʻtkaziladi. Bu haqda vazirlik Matbuot xizmati xabar berdi.
Bu Oʻzbekiston Prezidentining 2024 yil 21 fevraldagi “Oʻzbekiston – 2030 strategiyasini “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida”gi 37-son Farmoniga muvofiq amalga oshiriladi.
«Avtomobilsiz kun»ni oʻtkazishdan asosiy maqsad sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish, shuningdek, atrof-muhitni avtomobillardan chiquvchi zararli gazlardan himoya qilish, katta shaharlarda transport vositalari tirbandligini kamaytirish, jamoat transporti tizimini rivojlantirish masalalariga jamoatchilik eʼtiborini qaratishdir.
Ekologiya vazirligi barchani «Avtomobilsiz kun»ga befarq boʻlmaslikka, shaxsiy avtomobillar oʻrniga jamoat transporti, metro, velosiped kabi atmosferaga kamroq zarar yetkazadigan transport vositalaridan foydalanishga chaqiradi.