Korruptsion jinoyatlar uchun javobgarlik kuchaytiriladi
Pora olish, pora berish va hamda pora oldi-berdisida vositachilik qilish jinoyatlari uchun jazo 15 yildan 20 yilgacha uzaytiriladi. Poraxoʻrlar muddatidan ilgari ozodlikka chiqarilmaydi, jazo yengilrogʻi bilan almashtirilmaydi.…
Pora olish, pora berish va hamda pora oldi-berdisida vositachilik qilish jinoyatlari uchun jazo 15 yildan 20 yilgacha uzaytiriladi. Poraxoʻrlar muddatidan ilgari ozodlikka chiqarilmaydi, jazo yengilrogʻi bilan almashtirilmaydi.
Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligi korruptsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik choralarini kuchaytirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritdi.
Agentlik rahbari Akmal Burhonovning maʼlum qilishicha, qonun loyihasida «korruptsiyaga oid jinoyatlar» tushunchasiga aniq taʼrif berilmoqda va 15 turdagi jinoyatlar bu toifaga kiritilmoqda.
Korruptsiyaga oid jinoyatlar uchun jazo choralarini keskin kuchaytirish nazarda tutilmoqda. Xususan, endilikda oʻzlashtirish yoki rastrata qilish yoʻli bilan talon-toroj qilish yoki firibgarlik jinoyatlarini mansab mavqeyini suiisteʼmol qilib yoki xizmat mavqeyidan foydalanib sodir etish qilmishlari uchun 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi kiritilmoqda.
Shuningdek, pora olish, pora berish va pora olish-berishda vositachilik qilish jinoyatlari uchun 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanmoqda.
Bundan tashqari, poraxoʻrlik jinoyatlarini sodir etgan shaxslar jazoni oʻtash muddatidan ilgari shartli ozod qilinmasligi va jazo yengilrogʻi bilan almashtirilmasligiga oid oʻzgartish va qoʻshimchalar ham kiritilayotgani maʼlum qilindi.
Maʼlumot uchun, amaldagi Jinoyat kodeksida pora olish, pora berish va pora olish-berishda vositachilik qilish jinoyatlari uchun eng yuqori jazo sifatida 10 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.
Eslatib oʻtamiz, korruptsiyaga qarshi murosasiz munosabatda boʻlishga oid prezident farmonida Jinoyat kodeksida korruptsiyaga oid jinoyatlar toifasiga kiruvchi moddalarning aniq roʻyxatini belgilash, korruptsiyaviy jinoyatlarga jazoni uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qilish jazo chorasigacha keskin kuchaytirish, korruptsiyaviy jinoyatlar sodir etganlarga yengillashtiruvchi normalar qoʻllanilishiga cheklovlar belgilash vazifasi belgilangandi.
“Korruptsiyaga qarshi murosasiz munosabatda boʻlish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korruptsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi prezident farmoni qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi maʼlum qildi.
Farmonga koʻra, 2022 yil 1 yanvardan davlat xizmatchilari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori tashkilotlar, davlat korxonalari va muassasalari rahbarlari va oʻrinbosarlari, ularning turmush oʻrtogʻi va voyaga yetmagan farzandlarining daromadlari va mol-mulkini majburiy deklaratsiya qilish tizimi joriy etiladi.
Deklaratsiyani berishdan bosh tortish va qasddan notoʻgʻri maʼlumotlarni kiritish uni davlat xizmatidan chetlashtirishga va javobgarlikka sabab boʻladi.
2022 yil 1 yanvardan davlat xizmatchilariga xorijda bank hisobraqamlarini ochish, naqd pul mablagʻlarini saqlash va boshqa mol-mulkka ega boʻlish taqiqlanadi.
“Davlat xizmatchilarining daromadlari va mol-mulkini deklaratsiya qilish toʻgʻrisida” va “Manfaatlar toʻqnashuvini tartibga solish toʻgʻrisida” qonun loyihalari ishlab chiqiladi.
Mansabdorning oʻz shaxsiy manfaati majburiyatlarini obʼektiv va xolis bajarishiga taʼsir koʻrsatuvchi yoki taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan vaziyatlar manfaatlar toʻqnashuvi hisoblanadi.
Manfaatlar toʻqnashuvini oshkor qilish va oldini olish boʻyicha chora koʻrmaganlik javobgarlikni keltirib chiqaradi.
Farmon asosida:
daromadlar va mol-mulkni deklaratsiyalashda aniqlangan noqonuniy boylik orttirganlik uchun javobgarlik oʻrnatiladi;
Jinoyat kodeksida korruptsiyaga oid jinoyatlar toifasiga kiruvchi moddalarning aniq roʻyxati belgilanadi;
korruptsiyaviy jinoyatlarga jazo uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qilish jazo chorasigacha keskin kuchaytiriladi;
korruptsiyaviy jinoyatlar sodir etganlarga yengillashtiruvchi normalar qoʻllanilishiga cheklovlar belgilanadi.
Jinoyat ishlari bshyicha Termiz
shahar sudining raisi I.Shaymanov