Payshanba, 12-noyabr, 2026 Toshkent +2° USD 11 974,02 EUR 13 432,46 RUB 144,58

Korruptsiya nima oʻzi?

Xalq tilida soddagina qilib – korruptsiya, deb ataluvchi hodisa barcha islohotlar ildiziga bolta urarkan, uni keltirib chiqaruvchi sabab va qarshi kurash choralarini bilishimiz lozim boʻladi. Korruptsiya nima oʻzi? Qonun hujjatlarida…

Korruptsiya nima oʻzi?

Xalq tilida soddagina qilib – korruptsiya, deb ataluvchi hodisa barcha islohotlar ildiziga bolta urarkan, uni keltirib chiqaruvchi sabab va qarshi kurash choralarini bilishimiz lozim boʻladi.
Korruptsiya nima oʻzi?
Qonun hujjatlarida korruptsiya tushunchasiga quyidagicha taʼrif berilgan: «Korruptsiya – davlat organlari xodimlari moddiy yoki mulkiy yoʻsinda, gʻayriqonuniy shaxsiy naf koʻrish maqsadida, oʻz xizmat mavqeidan foydalanishida ifodalanadigan ijtimoiy hodisadir»​.
Aslida korruptsiya biror mansabdor shaxsning qonunchilik va axloqqa zid ravishda oʻzining boshqaruv vakolatlari va huquqlaridan shaxsiy manfaatlar maqsadida foyda olishidir.
Iqtisodchi Berdxenning fikriga koʻra, makroiqtisodiy rivojlanish koʻrsatkichiga eng katta salbiy toʻlqinni olib kiruvchi omil aynan korruptsiya hisoblanadi. Uning koʻrinishlari turlicha boʻlishi mumkin.
Korruptsiyaning kelib chiqish ildizi qayerda?
Uning kelib chiqish sabablarini aniqlash, korruptsiyaga qarshi kurashning samarali yoʻllarini topish boʻyicha mutaxassislar, turli institutlar va xalqaro tashkilotlar tomonidan yuzlab, minglab tadqiqotlar oʻtkazilgan. Oʻziga xos reytinglar tuzilib, har xil koʻrsatkich va raqamlar qayd etilgan jadvallar yaratilgan. Hatto korruptsiyaning xilma-xil koʻrinishidagi formulalari ham ishlab chiqilgan. Hanuzgacha, barcha millatlar uchun qoʻl keladigan qarshi kurashda asqotadigan yagona yechim yoʻq.
«Korruptsiyaning kelib chiqishi inson nafsidanmi?
Albatta, bizning bu ehtimolimiz bejizga emas. Chunki insoniyat paydo boʻlibdiki, uni nafsi bor, nafs boʻlgan joyda suiisteʼmolchiliklar boʻladi.
Keling, shu oʻrinda, korruptsiyaning kelib chiqish sabablariga eʼtibor qarataylik.
Tadqiqotchilar korruptsiyaning asosiy sabablari sifatida toʻrtta omilni koʻrsatadilar.
Birinchisi – iqtisodiy sabablar. Bu haqda, muhtaram Prezidentimiz oʻzlarining chiqishlarida koʻp marotaba soʻz yuritib keladi. Korruptsiyaning bu koʻrinishi ijtimoiy va iqtisodiy hayotni bevosita maʼmuriy yoʻl bilan boshqarishga intilgan hokimiyat va byurokratiyaning mavqei baland boʻlgan davlat sharoitida rivoj topadi. Iqtisodiy faoliyatga nisbatan oʻrnatilgan turli xildagi cheklashlar, amaldorlarning keng, nazoratdan xoli, cheklanmagan yoki ruxsat berish, yoki taqiqlash vakolati korruptsiyaga zamin yaratadi. Shu bilan bogʻliq holda, yirik mablagʻlarga ega boʻlgan ayrim ishbilarmonlar oʻz daromadlarini koʻpaytirish maqsadida va raqobatda alohida imtiyozlarga ega boʻlish uchun hukumat amaldorlarini pora evaziga sotib olib, ularni oʻz ixtiyorlariga boʻysundirishga intiladilar.
Ikkinchisi – huquqiy sabablar. Korruptsiyaning rivoji qonunlarning sifatiga bogʻliqdir. Mukammal boʻlmagan qonunlar ishlamaydi va ayrim uddaburonlar bundan ustalik bilan foydalanadilar.  
Uchinchisi – institutsional sabablar boʻlib, ularga avvalo, davlat boshqaruvi tizimidagi nuqsonlar, demokratik institutlarning kuchsizligi, shuning natijasida, hukumat faoliyatining yopiqligi yoki fuqarolik nazoratidan xoliligi kiradi.         
Toʻrtinchisi – ijtimoiy sabablar yoki jamiyatdagi muhit, aholining huquqiy bilimi, madaniyat darajasi, maʼnaviyati, uyushqoqligi va jamoat faolligi pastligi kabi omillardir.
Xulosa shundaki, korruptsiyani keltirib chiqaruvchi omillar ana shu hodisa yashab turgan jamiyat yaratgan tizimning nosogʻlom yashashida namoyon boʻladi.
 Korruptsiya nima? Ilmiy adabiyotlarda unga quyidagicha taʼrif beriladi: ”Korruptsiya—shaxsning oʻz mansab yoki xizmat mavqeidan shaxsiy manfaatlarini koʻzlab moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi, xuddi shuningdek, bunday nafni qonunga xilof ravishda taqdim etish”.
Korruptsiya atamasi lotincha “orruptio” soʻzidan olingan boʻlib, pora berib sotib olish, buzilish, ishdan chiqish, axloqiy (maʼnaviy) buzilish degan maʼnolarni anglatadi. Odatda mansabdor shaxs tomonidan unga berilgan mansab vakolatlari va huquqlardan, shuningdek, bu bilan bogʻliq rasmiy nufuz maqomidan, imkoniyatlar va aloqalaridan oʻzlarining shaxsiy manfaatlarini koʻzlab qonunchilik va axloq qoidalariga zid ravishda foydalanishini anglatadi.
 Jamiyatda korruptsiya oddiy xalq vakillarining yuqori amaldorlarga yoxud davlat amaldorlarining oʻzaro bir-birlariga boʻlgan munosabatidan kelib chiqadi. Ushbu salbiy holatning har qanday koʻrinishi jamiyatni halokat yoqasiga olib borishi muqarrardir.        Korrupsiyaning tarixi antik  davrlarga borib taqaladi. Qadimgi Yunoniston   davlatida oddiy xalq  vakillari oqsoqollarga va turli darajadagi amaldorlarga sovgʻa-salomlar berishgan. Xuddi shunday holatlar qadimgi Misrda ham kuzatilgan: bu yerda erkin dehqonlar, hunarmandlar va hatto harbiy aʼyonlarga nisbatan ham oʻzboshimchalik va zoʻravonlik ishlatgan hamda qonunbuzarliklarni oʻziga kasb qilib olgan amaldorlar  byurokratik apparati yuzaga kelgandi.
 Korruptsiya har qanday davlat va jamiyat rivojiga jiddiy salbiy taʼsir koʻrsatuvchi xavfli omil, barcha mamlakatlarga tahdid soluvchi murakkab ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy hodisadir. Zero, bu omil tufayli davlatning rivojlanishi sekinlashadi, hukumat tizimi ishdan chiqadi, demokratik institutlarga putur yetadi. U saylov jarayonlariga salbiy taʼsir qilib, qonun ustuvorligiga jiddiy ziyon yetkazadi. Shu bilan birga, uning taʼsiri ostida fuqarolarning ijtimoiy adolatga, haqiqatga va davlat organlariga ishonchi yoʻqoladi. Har qanday jamiyat uchun ushbu jinoyatga qarshi kurashish eng dolzarb masalalardan biridir. Bizning davlatimiz korruptsiyaning oldini olish va uning ildizlariga barham berish maqsadida koʻpgina tadbirlarni amalga oshirmoqda. 2003-yil 9-dekabrda BMT ning Korruptsiyaga qarshi konventsiyasi imzolanganligi ham fikrimizning isbotidir.
Respublikamizda ushbu jinoyatga qarshi kurash sohasida maqsadli siyosat olib borilmoqda. Jumladan, ushbu sohada qonunchilik asoslarini takomillashtirish, davlat organlarining, jamiyatning ochiqligini taʼminlash, axborotlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish borasida ahamiyatli ishlar amalga oshirilmoqda. Darhaqiqat, korruptsiyaga qarshi kurashish va bu sohada samarali chora-tadbirlar ishlab chiqish masalalari davlatimiz rahbariyatining diqqat markazidadir.
 Korruptsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari va printsiplarini belgilashda bunday huquqbuzarlik uchun javobgarlikning muqarrarligini taʼminlash masalasi qatʼiy hisobga olingan. Korruptsiyaga aralashgan, bu jirkanch illatga qoʻl urgan odam uchun ulugʻ narsalar, moʻtabar tuygʻularning qadri yoʻqoladi. Bunday odamlar hayotda hamma narsani sotib olish va sotish mumkin, deb oʻylaydi. Ular iymon-eʼtiqodga ishonmaydi, ayni paytda bunday kimsalarga hayot uchun aziz sanaladigan hech narsani inonib boʻlmaydi. Chunki ular ota-onasi, qarindosh-urugʻlari, yor-u birodarlari, mahalla-koʻyning yuzini yerga qaratishdan, boshini egishdan uyalmaydi. 
Qonunga koʻra, korruptsiyaga qarshi kurashish boʻyicha faoliyatni amalga oshiruvchi, bu jarayonda ishtirok etuvchi organlar hamda tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtirish uchun Korruptsiyaga qarshi kurashish boʻyicha respublika idoralararo komissiyasi tashkil etildi. Hammamiz yaxshi bilamiz, qonun huquqiy munosabatlarni tartibga soladi. Vakolatlar, huquq va majburiyatlarni, amalga oshiriladigan chora-tadbirlarni belgilab beradi.
Agar qonun hayotda ishlamasa, uning bir necha varaq oddiy qogʻozdan farqi qolmaydi. Shunday ekan, «korruptsiya haqida qonun qabul qilindi, endi hammasi iziga tushib ketadi», deb oʻylash, xotirjamlikka berilish katta xato boʻladi. Korruptsiya balosidan qutulish, islohotlarni uning changalidan ozod etish haqida hammamiz oʻylashimiz, buning zaruratini har birimiz yuragimizdan oʻtkazishimiz, unga qarshi qatʼiy kurashishimiz kerak. Bu kurash kundalik hayotimizdagi oddiy holatlardan boshlanadi. Shifokordan yaxshiroq maslahat olish, navbatni tezlashtirish, reyting daftarchasiga tuzukroq baho qoʻydirish va shu kabi vaziyatlarda oʻzimizni munosib tutishimiz lozim boʻladi.
Toʻgʻri, hayotda turli holatlar va harakatlarga duch kelamiz. Baʼzida koʻz oʻngimizda qonunlar buziladi, inson huquqi, qadr-qimmati poymol etiladi. Bunday vaziyatlarda chorasizlikdan odamning boshi gangib qoladi. Lekin, unutmaylik, xalqimizda “Kasalni davolagandan koʻra uning oldini olgan afzaldir” degan naql mavjud. Jamiyatimizdagi har qanday jarayonga loqayd munosabatda boʻlmaslik barchamizning ustuvor burchimizdir.
Korruptsiyaning har qanday koʻrinishlariga qarshi kurashishni biz, eng avvalo, oʻzimizdan boshlashimiz darkor. Buning uchun esa shaxsning huquqiy ong va huquqiy madaniyati yetarli darajada shakllangan boʻlmogʻi maqsadga muvofiqdir.

Jinoyat ishlari boʻyicha Termiz
shahar sudining sudyasi A.Boybilov

Mavzuga oid