Payshanba, 12-noyabr, 2026 Toshkent +2° USD 11 974,02 EUR 13 432,46 RUB 144,58

Korruptsiyaga qarshi kurashish- asosiy maqsadimiz

Korruptsiyaga qarshi kurashish boʻyicha 2021-2022 yillarga moʻljallangan davlat dasturining 34-bandi ijrosi yuzasidan tuzilgan reja-dasturining 1-bandi ijrosini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil…

Korruptsiyaga qarshi kurashish- asosiy maqsadimiz

Korruptsiyaga qarshi kurashish boʻyicha 2021-2022 yillarga moʻljallangan davlat dasturining 34-bandi ijrosi yuzasidan tuzilgan reja-dasturining 1-bandi ijrosini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 12 yanvardagi “Korruptsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-81-sonli qarorining mazmun-mohiyati

Mustaqillikning dastlabki yillaridan boshlab mamlakatimizda ijtimoiy hayotning barcha sohalarida qonuniylikni taʼminlash, korrupsiyaga qarshi kurashish va jamiyat rivojiga har tomonlama salbiy taʼsir koʻrsatuvchi illat boʻlgan korrupsiyaning har qanday koʻrinishlariga nisbatan murosasiz qarshi kurashish borasida bir qator chora-tadbirlar belgilanib, normativ-huquqiy hujjatlar muntazam ravishda qabul qilinib kelinmoqda.
Xususan, korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha qabul qilingan qator qonunchilik hujjatlari ijrosi boʻyicha amalga oshirilayotgan izchil islohotlar natijasida bir qator vazirlik va idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida xalqaro standartlarga asosan korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini boshqarish tizimi joriy etilib, korruptsiyaga qarshi kurashish boʻyicha ichki idoraviy hujjatlar qabul qilindi.
Shu bilan birga, bugungi kunda korruptsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini baholash mexanizmlari mavjud emasligi sohada amalga oshirilayotgan tadbirlarga yagona mezon asosida xolisona baho berish va ularning natijadorligini yanada oshirishga toʻsqinlik qilmoqda.
Davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining korruptsiyaga qarshi kurashish borasidagi faoliyatiga oid samaradorlik koʻrsatkichlarini belgilash va ularni ilgʻor xalqaro standartlar asosida baholash tizimini joriy etish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 12 yanvar kunidagi “Korruptsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-81-soni qarori qabul qilindi.
Qarorning 1-bandida korruptsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash quyidagi beshta yoʻnalish boʻyicha belgilangan indikatorlar asosida amalga oshirilishi koʻrsatib oʻtildi:
1) davlat tashkilotlarida korruptsiyaga qarshi kurashish boʻyicha mexanizm va huquqiy asoslarning yaratilganligi hamda amaliyotga tatbiq etilganligi;
2) korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash, baholash va ularni kamaytirish boʻyicha chora-tadbirlarning amalga oshirilganligi;
3) davlat tashkilotlari rahbarlarining korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatni koʻrsatuvchi xatti-harakatlarining mavjudligi;
4) xodimlarning korruptsiyaga qarshi kurashishga oid ichki tartib-taomillardan xabardorligi hamda ushbu sohada bilim va koʻnikmalarini oshirish boʻyicha chora-tadbirlarning amalga oshirilganligi;
5) korruptsiyaga qarshi kurashish boʻyicha tegishli soha yoki tarmoq kesimida aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, ushbu illatga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga qaratilgan targʻibot tadbirlarining samaradorligi.
Qarorning 2-bandida 2022 yil 1 fevraldan boshlab reyting baholash tizimi, eksperiment tariqasida qarorning 1-ilovasida koʻrsatilgan va oʻz faoliyatida korruptsiyaga qarshi menejment tizimini joriy etayotgan davlat tashkilotlari faoliyatiga, 2022 yil 1 iyuldan boshlab eksperiment natijalarini inobatga olgan holda reyting baholash tizimi barcha davlat tashkilotlari faoliyatiga joriy etilishi nazarda tutilmoqda.
Taʼkidlash lozimki, qarorning 1-ilovasida oʻz faoliyatida korrupsiyaga qarshi menejment tizimini joriy etayotgan davlat tashkilotlari roʻyxatida jami 26 ta vazirlik, davlat qoʻmitalari, agentliklar va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari keltirilgan boʻlib, ular qatorida Adliya vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Davlat soliq, bojxona va statistika qoʻmitalari, Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi, Toshkent shahar va Toshkent viloyati hokimliklari hamda boshqa tashkilotlarni koʻrishimiz mumkin.
Shuningdek, qarorda reyting baholash Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan «E-Antikor.uz» elektron platformasi orqali tashkil etilishi, korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligi 0 balldan 100 ballgacha reytingda baholanib, faoliyat samaradorligi «yaxshi», «qoniqarli» va «qoniqarsiz» toifalarga ajratilishi, reyting baholash natijalari elektron platformada hisoblab chiqilishi va har yili 1 martga qadar keng jamoatchilik uchun ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilib borilishi, har yili oldingi yilning 1 yanvaridan baholanish oʻtkazilayotgan yilning 1 yanvariga qadar boʻlgan davr reyting baholash tizimi bilan qamrab olinishi, reyting baholash natijalarining xolisligini tekshirish maqsadida kamida 30 foizi fuqarolik jamiyati institutlari vakillaridan iborat boʻlgan Reyting baholashni mustaqil amalga oshiruvchi ekspertlar guruhi shakllantirilishi tartibi belgilangan.
Davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan mazkur qarorning 2-ilovasiga asosan Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlangan boʻlib, ushbu nizomda korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tartibi, asosiy tushunchalar, reyting koʻrsatkichlari hamda baholash yakuni boʻyicha koʻriladigan chora-tadbirlar oʻz aksini topgan.
Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha milliy kengashga Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan birgalikda reyting baholash yakunlariga koʻra «yaxshi» deb baholangan davlat tashkilotlarining korruptsiyaga qarshi kurashish borasidagi ijobiy tajribasini ommalashtirish boʻyicha chora-tadbirlarni belgilash, «qoniqarli» deb baholangan davlat tashkilotlariga ularning korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi faoliyatini yanada yaxshilash boʻyicha tavsiyalar kiritish va ularni amalga oshirishda koʻmaklashish hamda «qoniqarsiz» deb baholangan davlat tashkilotlarida korruptsiyaga qarshi kurashishda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va ularning ushbu yoʻnalishdagi faoliyatini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilishini taʼminlab, uning ijrosi yuzasidan tegishli rahbarlarning hisobotlarini har chorakda Korruptsiyaga qarshi kurashish boʻyicha milliy kengashning yigʻilishlarida eshitishdan iborat chora-tadbirlarni koʻrib borish vazifalari yuklatilgan.
Xulosa qilib aytganda, davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining korruptsiyaga qarshi kurashish faoliyatidagi samaradorlik koʻrsatkichlarini aniqlash va ularni ilgʻor xalqaro standartlar asosida baholash tizimining joriy etilishi davlatimiz tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlarning mantiqiy davomi hisoblanib, mamlakatimizda ushbu salbiy illatga qarshi kurashishni kuchaytirish va shu yoʻl bilan fuqarolar va yuridik shaxslar huquqlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarning kuchli himoyasini taʼminlash hamda inson qadrini ulugʻlashga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.

O.Berdiyev,
Fuqarolik ishlari boʻyicha Boysun tuman sudining raisi

Mavzuga oid