Payshanba, 12-noyabr, 2026 Toshkent +1° USD 11 964,27 EUR 13 323,41 RUB 144,49

Maʼmuriy sudlarga murojaat qilishda toʻlanishi kerak boʻlgan sud harajatlari

Hozirgi kunda maʼmuriy sudga murojaat qilayotgan koʻpgina jismoniy va yuridik shaxslarning shikoyat arizalari qonunda belgilangan tartibda va miqdorda sud harajatlarini toʻlamaganligi sababli maʼmuriy sudlarga taqdim…

Maʼmuriy sudlarga murojaat qilishda toʻlanishi kerak boʻlgan sud harajatlari

Hozirgi kunda maʼmuriy sudga murojaat qilayotgan koʻpgina jismoniy va yuridik shaxslarning shikoyat arizalari qonunda belgilangan tartibda va miqdorda sud harajatlarini toʻlamaganligi sababli maʼmuriy sudlarga taqdim qilinayotgan shikoyat arizalarni sud muhokamasiga tayinlash oʻrniga shikoyat ariza va unga ilova qilingan hujjatlar sud tomonidan asosli ravishda qaytarilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi MSIYutKning 134 – 210-moddalarida, shikoyatni qaytarilishiga sabab boʻlgan holatlar bartaraf etilgach, shikoyat (protest) bergan shaxs arizaning (shikoyatning) va apellyatsiya shikoyati (protesti) bilan sudga umumiy tartibda yangidan murojaat qilishga haqli deb koʻrsatilganligi taʼkidlab oʻtilgan boʻlsa-da bu holat arizachi tomonidan ortiqcha ovoragarchilikka sabab boʻladi.
Shu sababli, jismoniy va yuridik shaxslar sudga murojaat qilishdan oldin sudga murojaat qilishning tartibi, arizaning shakli va mazmuni, unga ilova qilinishi kerak boʻlgan hujjatlar, toʻlanishi kerak boʻlgan sud harajatlari toʻgʻrisida maʼlumotga ega boʻlishlari kerak. Ushbu maqola orqali Sizga, maʼmuriy sudlarga murojaat qilishda toʻlanishi kerak boʻlgan sud harajatlari toʻgʻrisida qisqacha maʼlumot berib oʻtamiz.
Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksning 110-moddasida, sud xarajatlari davlat bojidan va ishni koʻrish bilan bogʻliq sud chiqimlaridan iborat boʻlishi koʻrsatib oʻtilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksning 113-moddasida, sud chiqimlari sud xabarnomalari va sud hujjatlarini yuborish bilan bogʻliq pochta xarajatlaridan, sud tayinlagan ekspertizani oʻtkazish, guvohni chaqirish, dalillarni joyida koʻzdan kechirish, sud majlisini videokonferentsaloqa rejimida oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlardan, shuningdek ishni koʻrish bilan bogʻliq boshqa xarajatlardan iboratligi koʻrsatilgan.
Oʻzbekiston Respublikasining 2020 yil 6 yanvar kunidagi OʻRQ-600-sonli “Davlat boji toʻgʻrisida”gi qonuni ilovasidagi 3-bandining b-qismida, davlat boshqaruvi organlarining, maʼmuriy-huquqiy faoliyatni amalga oshirishga vakolatli boʻlgan boshqa organlarning, fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining qarorlari, ularning mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan berilgan arizalar (shikoyatlar) boʻyicha fuqarolarga BHM ning 1 baravari miqdorida, d-qismida esa apellyatsiya, kassatsiya tartibida berilgan shikoyatlardan esa fuqarolar arizalar (shikoyatlar) berilganda toʻlanishi lozim boʻlgan stavkaning 50 foizi miqdorida davlat boji toʻlanishi kerakligi koʻrsatib oʻtilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Rayosatining 2018 yil 25 oktyabrdagi RS-59-18-sonli qaroriga asosan 2018 yilning 1 noyabridan boshlab maʼmuriy sudlarga ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan maʼmuriy ishlar yuzasidan ariza(shikoyat) bilan murojaat qilinganda, koʻrilgan ishlar boʻyicha chiqarilgan sud qarorlari ustidan apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida shikoyat berilganda BHM ning 8 foizi miqdorida pochta xarajatlari toʻlanishi koʻrsatilgan.
Sudga shikoyat ariza bilan murojaat qiluvchilar sudlarning hisob raqamlari xar xil boʻlgani uchun qaysi hisob raqamga toʻlash boʻyicha muommolarga duch kelishmoqda. Shu sababli endilikda jismoniy va yuridik shaxslar mustaqil ravishda billing.sud.uz saytiga kirib kvitantsiya yaratib toʻlov qilish imkoniyati ham mavjud.
Hozirgi kunda sud tizimidagi olib borilayotgan har bir islohat jismoniy va yuridik shaxslarga qulaylik yaratish, ortiqcha ovoragarchiliklarning oldini olishga va odil sudlovni olib borishga xizmat qilmoqda.

Sanobar Hazratqulova, Surxondaryo viloyat maʼmuriy sudi
sudya katta yordamchisi

Mavzuga oid