Meros huquqi haqida nimalarni bilasiz?
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi bozor munosabatlarini rivojlantirishga qaratilgan mamlakatimiz iqtisodiyotining negizini tashkil qilgan turli mulk shakllarining teng huquqligini va huquqiy jihatdan bab-baravar…
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi bozor munosabatlarini rivojlantirishga qaratilgan mamlakatimiz iqtisodiyotining negizini tashkil qilgan turli mulk shakllarining teng huquqligini va huquqiy jihatdan bab-baravar muhofaza etilishini kafolatlab berdi.
Mulk va mulk huquqini vujudga keltiruvchi obʼektlardan biri – meros huquqi davlat himoyasida ekanligi eʼtirof etilib, mulkdorlarning huquq va erkinliklari kengaytirildi.
Yangi qabul qilingan Fuqarolik kodeksida meros qonunchiligiga jiddiy oʻzgarishlar kiritilganligi hamda ushbu qonunlarni qoʻllashda sud amaliyotida ayrim tushunmovchilik va muammolar kelib chiqayotganligi mazkur qonun mohiyatini atroflicha yoritib berishni taqozo qildi.
Shu bois sudlarga tegishli tushuntirish va koʻrsatmalar berish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi 2000 yil 22 dekabrda “Meros huquqiga oid qonunlarni qoʻllashning ayrim masalalari toʻgʻrisida” №33-sonli qarorini qabul qildi.
Ushbu Plenum qaroriga Oliy sud Plenumining 2003 yil 19 dekabrdagi 20-sonli, 2006 yil 3 fevraldagi 5-sonli va 2008 yil 15 maydagi 14-sonli qarorlariga asosan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilgan.
Ushbu Plenum qarorida, sudlar Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida belgilangan, meros huquqi qonun bilan kafolatlanishi, mulkdorning mulkiga oʻz xohishicha egalik qilishi, undan foydalanishi va uni tasarruf etishi toʻgʻrisidagi huquqlarining buzilishi yuzasidai kelib chiqqan nizolarni har taraflama, toʻliq, xolisona va sinchkovlik bilan koʻrib, qonunchilikka qatiy amal qilgan holda adolatli qarorlar chiqarishlari lozimligi belgilab qoʻyildi.
Meros ochilgan paytda meros qoldiruvchiga tegishli boʻlgan, uning oʻlimidan keyin ham bekor boʻlmaydigan barcha huquq va majburiyatlar, yaʼni meros qoldiruvchiga tegishli boʻlgan xususiy mulk huquqi, kredit muassasalarida saqlanayotgan omonatlarga boʻlgan huquq, mulk bilan bogʻliq boʻlgan ayrim nomulkiy huquqlar va majburiyatlaridan kelib chiqadigan talab qilish huquqi, dehqon hoʻjaligi yer uchastkasiga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi meros tarkibiga kiradi.
«Dehqon xoʻjaligi toʻgʻrisida»gi Oʻzbekiston Respublikasining 1998 yil 30 apreldagi Qonuni 9-moddasiga muvofiq, tomorqa yer uchastkasiga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi, «Fermer xoʻjaligi toʻgʻrisida»gi Qonunning 12-moddasiga muvofiq yer uchastkasini ijaraga olish huquqi, dehqon va fermer xoʻjaligining boshligʻi (rahbari) vafot etgan taqdirda – shu xoʻjalik aʼzolarining oʻzaro kelishuvi asosida dehqon, fermer xoʻjaligi faoliyatini davom ettirish istagini bildirgan xoʻjalik aʼzolaridan biriga meros boʻlib oʻtadi. Dehqon, fermer xoʻjaliklariga berilgan tomorqa yer uchastkalari boʻlinishi mumkin emas.
Meros qoldiruvchining oldi-sotdi, ayirboshlash, hadya va boshqa shartnomalar orqali tasarruf etilgan mulklari keyinchalik bunday shartnomalar (FKning 113-128-moddalari) sud tomonidan haqiqiy emas deb topilgan taqdirdagina meros tarkibiga kiradi.
Meros qoldiruvchiga tegishli boʻlgan shaxsiy nomulkiy huquqlar va boshqa nomoddiy boyliklar merosxoʻrlar tomonidan amalga oshirilishi va himoya qilinishi mumkin.
Nomoddiy neʼmatlar, deganda, intelektual faoliyat natijalariga boʻlgan huquqlar, xizmat va tijorat siriga boʻlgan huquq, hamda shaxsiy nomulkiy huquqlarga boʻlgan huquqlar tushuniladi. Ijodiy faoliyatning aniq bir shaklda, koʻrinishida ifoda etiladigan natijalari intelektual mulk hisoblanadi.
Bu natijalarga tenglashtirilgan jismoniy yoki yuridik shaxs mahsulotlari, vositalari (firma nomi, tovar belgisi, xizmat belgisi va h.k.) ham intelektual faoliyat natijalari sifatida tan olinadi. Ushbu natijalarga nisbatan fuqaroning yoki yuridik shaxsning mutloq huquqlari eʼtirof etiladi va uchinchi shaxsning foydalanishiga intelektual mulk egasining ruxsati bilangina yoʻl qoʻyiladi.
Tijorat qimmatiga ega boʻlgan va qonun yoʻli bilan undan erkin bahramand boʻlish uchun yoʻl qoʻyilmaydigan maʼlumotlar xizmat va tijorat siri hisoblanadi. Xizmat siri ahamiyatiga ega boʻlgan axborotlarni tarkibi va hajmi, shuningdek, ularni himoya qilish tartibi davlat boshqaruv organi tomonidan belgilanadi.
Tijorat siri ahamiyatiga ega boʻlgan axborotlarning tarkibi va hajmi, ularni himoya qilish tartibi tadbirkorlikni amalga oshiruvchi fuqarolar va yuridik shaxslar tomonidan belgilanadi.
Shaxsiy nomulkiy huquqlar va boshqa nomoddiy neʼmatlar-shaxsning hayoti va sogʻligʻi, shaʼni va qadr-qimmati, shaxsiy daxlsizligi, ishchanlik obroʻsi, shaxsiy hayotining daxlsizligi, xususiy va oilaviy siri, nomga boʻlgan huquqi, tasvirga boʻlgan huquqi, mualliflik huquqi va boshqa shaxsiy nomulkiy huquqlar hamda tugʻilganidan boshlab yoki qonunga muvofiq tegishli boʻlgan boshqa nomoddiy neʼmatlardan iborat.
Yuridik shaxs hisoblangan har qanday kooperativ, tijorat tashkilotlariga aʼzolik huquqi, ularning faoliyatida ishtirok etish huquqi (agar, qonun yoki shartnoma va ustavlarda boshqa hol belgilangan boʻlmasa) meros tarkibiga kirmaydi, ammo meros qoldiruvchining ulushi (pay badallari) meros tarkibiga kiradi.
Omonatni bank muassasalariga qoʻygan omonatchi oʻzining vafotidan keyin omonatlarini boshqa shaxslarga berish yoki davlatga oʻtkazish haqida vasiyat qoldirgan boʻlsa va bu omonat FKning 18-bobida yoki Oila kodeksining 23-moddasida belgilangan umumiy mulkni tashkil etsa, omonatchining vasiyati faqatgina oʻzining ulushiga nisbatan tatbiq qilinadi.
Fuqarolik kodeksining 1118-moddasi talabiga muvofiq meros ochilgan paytda hayot boʻlgan fuqarolar, shuningdek, meros qoldiruvchining hayotlik paytida homila holida boʻlgan va meros ochilgandan keyin tirik tugʻilgan bolalari vasiyat va boʻyicha merosxoʻrlar boʻlishi mumkin.
Meros ochilgan paytda hayot boʻlgan meros qoldiruvchi bilan qarindoshlik munosabatlarida boʻlgan shaxslar qonun boʻyicha merosxoʻrlar doirasiga kiradi hamda qarindoshlik darajasiga qarab, Fuqarolik kodeksining 1135-1138-moddalari talabiga muvofiq vorislikka chaqiriladilar. Oldingi navbatdagi merosxoʻrlarning boʻlmasligi, noloyiq merosxoʻrlarning merosdan chetlashtirilgan boʻlishi yoki merosni qabul qilmagan yoxud undan voz kechganligi tasdiqlangan taqdirda, meros olish huquqi keyingi nasbatdagi merosxoʻrlarga oʻtadi.
Fuqarolik kodeksiing 1139, 1141-moddalarida koʻrsatilgan meros qoldiruvchining mehnatga qobiliyatsiz boqimlarini uch toifasini bir-biridan ajratish lozim.
Fuqarolik kodeksining 1141-moddasi 1-qismida koʻrsatilgan boqimlar (1-toifa) boʻlishi uchun, birinchidan, ular meros qoldiruvchining vafotiga qadar kamida bir yil uning qaramogʻida boʻlishi, ikkinchidan, u bilan birga yashagan boʻlishi, uchinchidan, mehnatga qobiliyatsiz boʻlishi kerak.
Fuqarolik kodeksining 1141-moddasi 2-qismida koʻrsatilgan boqimlar (2-toifa) boʻlishi uchun, birinchidan, Fuqarolik kodeksining 1136-1138-moddalarida koʻrsatilgan merosxoʻrlar jumlasiga mansub boʻlgan meros qoldiruvchining ikkinchi, uchinchi, toʻrtinchi navbatdagi merosxoʻrlari boʻlishi, ikkinchidan meros qoldiruvchining vafotiga qadar kamida bir yil uning qaramogʻida boʻlishi, uchinchidan, mehnatga qobiliyatsiz boʻlishi lozim.
Fuqarolik kodeksining 1139-moddasida koʻrsatilgan boqimlar (3-toifa) boʻlishi uchun, birinchidan, meros qoldiruvchining qarindoshlari jumlasiga kirmaydigan, ikkinchidan, merosxoʻr bilan birga yashamagan yoki bir yil muddatdan kam yashagan, uchinchidan hayot kechirishi uchun birdan bir manba sifatida meros qoldiruvchining qaramogʻida boʻlib, undan moddiy yordam olib turgan mehnatga qobiliyatsiz shaxs boʻlishi kerak.
Birinchi va ikkinchi toifadagi boqimlar vorislikka chaqiriladigan navbatdagi merosxoʻrlar bilan birgalikda vorislikka chaqiriladilar va merosxoʻrlar bilan birgalikda meros oladilar, ammo, ularning meros mulkidan oladigan ulushlari meros mulkining toʻrtdan bir qismidan oshmasligi kerak. Merosxoʻrlar boʻlmaganda, bu toifadagi boqimlar mustaqil ravishda qonun boʻyicha merosxoʻrlar hisoblanib meros mulkini toʻla oladilar.
Uchinchi toifadagi boqimlar beshinchi navbatdagi merosxoʻrlar boʻlganligi sababli oldingi navbatdagi vorislar boʻlmaganda vorislikka chaqiriladilar va meros mulkidan shu navbatdagi merosxoʻrlar bilan teng ulushda meros oladilar.
Mehnatga qobiliyatsiz yoki layoqatsiz deb – 55 yoshga kirgan ayollar, 60 yoshga kirgan erkaklar, birinchi, ikkinchi, uchinchi guruh nogironlari, shuningdek, 16 yoshga toʻlmagan oʻsmirlar, 18 yoshga toʻlmagan oʻquvchi bolalar tushuniladi.
Vasiyatnoma bir tomonlama bitim boʻlganligi sababli, vasiyatnomalarni haqiqiy emas,-deb, topish haqidagi nizolar Fuqarolik kodeksining bitimlarni haqiqiy emasligi toʻgʻrisidagi qoidalariga rioya qilib hal etiladi (FKnnng 113-128-moddalari). Ushbu turdagi nizolarni hal etishda, sud tomonidan ish holatlaridan kelib chiqib yetarli asoslar boʻlgan taqdirda, tegishli ekspertizalar tayinlash masalalarini muhokama etilishi lozim.
Merosga boʻlgan huquq toʻgʻrisidagi guvohnoma meros ochilgan kundan eʼtiboran olti oy oʻtgandan keyin merosni qabul qilib olgan merosxoʻrlarga beriladi. Ayrim hollarda FKning 1146-moddasi uchinchi qismi talabiga muvofiq, guvohnoma olti oylik muddat tugamasdan ham berilishi mumkin. Merosga boʻlgan huquq, toʻgʻrisidagi guvohnomani olish vorisning huquqi boʻlib, majburiyat hisoblanmaydi va shuning uchun, guvohnoma olinmaganligi vorislik huquqini yoʻqotgan-degan, tushunchani bermaydi. Merosga boʻlgan huquq, toʻgʻrisidagi guvohnomalar boʻyicha kelib chiqadigan barcha nizolar sud tomonidan koʻrilib, umumiy tartibda hal qilinadi.
Meros qoldiruvchining oʻziga qonuniy asoslarda tegishli boʻlgan mulklarigina meros tarkibiga kirishini inobatga olib, oʻzboshimchalik bilan qurilgan yoki tegishli tartibda rasmiylashtirilmagan turar-joy va xonalarga nisbatan vorislarga egalik huquqini belgilashga yoʻl qoʻyilmaydi.
Oʻzboshimchalik bilan qurilgan (uy, dala hovli, garaj va boshqalar) va meros qoldiruvchining vafot etishiga qadar tegishli tartibda rasmiylashtirilmagan bino va imoratlarga nisbatan tuzilgan vasiyatnoma qonuniy kuchga ega boʻlmaydi. Ushbu bino, imoratlarga nisbatan meros qoldiruvchining vafotidan soʻng, tegishli hokimiyat yoki sud tomonidan meros qoldiruvchi nomiga egalik huquqi belgilanishi bilan meros ochilgan hisoblanadi.
Fuqarolik kodeksining 1132-moddasiga muvofiq, vasiyat majburiyati yuzasidan huquq oluvchilarning turar joydan umrbod foydalanish huquqi, bu turar joyga mulk huquqi keyinchalik boshqa shaxsga oʻtganida ham oʻz kuchida saqlanib qoladi. Shu sababli, bu holat taraflar oʻrtasida tuziladigan shartnomada qayd etilmogʻi lozim boʻladi.
Agar, turar joydan foydalanish tartibi vasiyatnoma shartlariga mos kelmasa yoki vasiyat majburiyati yuzasidan huquq oluvchilar yoxud turar joy egasining huquqining buzilishiga olib kelsa, bunday holda taraflar oʻrtasidagi nizo sud tomonidan hal etiladi.
Vasiyat majburiyati yuzasidan huquq oluvchining huquq va majburiyatlari uning vafot etishi bilan tugatiladi. Vasiyat majburiyati yuzasidan huquq oluvchiga berilgan turar joydan umrbod foydalanish huquqi, agar vasiyatnomada boshqacha tartib koʻrsatilmagan boʻlsa, uning merosxoʻrlari va boshqa oila aʼzolarining mazkur turar joyda yashashlari uchun asos boʻlmaydi.
Meros qoldiruvchiga taalluqli nomoddiy neʼmatlarga boʻlgan huquqlar, uning vorislari tomonidan amalga oshirilishi va himoya qilinishi mumkin. (FKning 99-moddasi).
Fuqarolik kodeksining 100-moddasi 2-qismiga binoan, vorislar meros qoldiruvchining vafotidan keyin uning shaʼni va qadr-qimmatini himoya etishni talab qilishga haqlidirlar. Bunday holda, vafot etgan shaxsga yetkazilgan maʼnaviy zarar qoplanmaydi va bu huquq vorislarga oʻtmaydi. Ammo, sud, meros qoldiruvchining shaʼn va qadr-qimmati orqali bevosita uning vorislariga yetkazilgan maʼnaviy zararni qoplash toʻgʻrisidagi daʼvo talablarini koʻrib chiqishi mumkin.
Agar, merosxoʻr merosni qabul qilmagan va meros mulki fuqarolarning oʻzini-oʻzi boshqarish organiga, davlatga yoxud biror-bir shaxsning egaligiga oʻtkazilmagan boʻlsa, merosxoʻr istagan vaqtida merosga boʻlgan huquq toʻgʻrisida guvohnoma olish uchun notariusga murojaat qilishi mumkin. Bunday guvohnomani berish rad etilgan taqdirda, merosxoʻr notariusning harakati yuzasidan FPKning 273-moddasiga muvofiq sudga shikoyat qilishga haqli va shikoyat alohida ish yurituv tartibida koʻrilishi lozim. Meros mulki fuqarolarning oʻzini-oʻzi boshqarish organiga, davlatga yoki biror-bir shaxsning egaligiga oʻtkazilganligi uchun merosxoʻrlarga notarius tomonidan merosga boʻlgan huquq toʻgʻrisida guvohnoma berish rad egilsa, merosxoʻr sudga shikoyat qilishga haqli va bunday shikoyat daʼvo yuritish tartibida koʻrib hal etiladi.
Taraflar oʻrtasida yuzaga kelgan nizolar daʼvo tartibida koʻriladi.
Meros amaldagi Fuqarolik kodeksi harakatga kiritilgunga qadar ochilgan boʻlib, 1997 yilning 1 mart kuniga qadar merosxoʻrlarning hech biri tomonidan qabul qilib olinmagan va meros huquqi boʻyicha fuqarolarning oʻzini-oʻzi boshqarish organi va davlat mulkiga oʻtkazilmagan boʻlsa, meros yuzasidan kelib chiqadigan nizolarga nisbatan amaldagi kodeks tadbiq qilinadi. Agar, meros vorislarning birortasi tomonidan qabul qilingan boʻlsa yoki fuqarolarning oʻzini-oʻzi boshqarish organi, davlat mulkiga oʻtkazilgan boʻlsa, u holda 1963 yil tahriridagi Fuqarolik kodeksi qoidalari tatbiq qilinadi.
Daʼvo arizalari boʻyicha davlat boji, meros mulki yoki daʼvogarning ulushi qiymatidai kelib chiqib belgilanadi. Daʼvo arizasi boʻyicha toʻlanmagan yoki kam toʻlangan davlat boji hal qiluv qarori chiqarishda meros mulkining qiymatidan kelib chiqqan holda, har bir vorisdan ularning ulushlariga teng miqdorda undiriladi.
FIB Termiz tumanlararo sudi sudyasi B.X.Naraliyev