Misr Prezidenti Mahmud Abbos bilan uchrashdi
Misr Prezidenti Abdulfattoh as-Sisi Qohirada falastinlik mavqedoshi Mahmud Abbos bilan muzokaralar chogʻida falastinliklarning majburiy koʻchirilishiga qarshiligini aytib oʻtdi. Bu haqda Misr rahbarining rasmiy vakili Ahmad…
Misr Prezidenti Abdulfattoh as-Sisi Qohirada falastinlik mavqedoshi Mahmud Abbos bilan muzokaralar chogʻida falastinliklarning majburiy koʻchirilishiga qarshiligini aytib oʻtdi. Bu haqda Misr rahbarining rasmiy vakili Ahmad Fahmi maʼlum qildi.
“Muzokaralar davomida prezidentlar falastinliklarni oʻz hududidan chiqarib yuborishning har qanday shaklini qatʼiyan rad etishlarini tasdiqladilar”, deb yozdi u Facebook’dagi sahifasida.
Misr Prezidentining taʼkidlashicha, uning mamlakati hozirda Gʻazoda oʻt ochishni toʻxtatish va u yerga yetarli miqdorda insonparvarlik yordamini zudlik bilan yetkazish uchun muhim saʼy-harakatlarni amalga oshirib, tomonlar bilan barcha zarur aloqalarni davom ettirmoqda.
Shuningdek, u Abbos boshchiligidagi Falastin milliy maʼmuriyati hozirgi voqealarda asosiy rol oʻynashi va bu siyosiy kuch ayni paytda barcha imkoniyatlarini ishga solishi zarurligiga toʻxtalgan.
Misr Prezidentining qoʻshimcha qilishicha, Yaqin Sharq mintaqasida xavfsizlik va barqarorlikning yagona kafolati 1967 yildagi chegaralar doirasida poytaxti Sharqiy Quddus boʻlgan mustaqil Falastin davlatini barpo etishdir.
Oʻz navbatida, Falastin Prezidenti Misr rahbariga Falastin masalasini qoʻllab-quvvatlagani hamda Gʻazo va Gʻarbiy Sohildagi qon toʻkilishlariga qarshi saʼy-harakatlari uchun minnatdorlik bildirgan.