Mubashshir Ahmad Turkiyada qoʻlga olindi. U deportatsiya markazida qolmoqda
Ijtimoiy tarmoqlarda oʻzbekistonlik diniy olim va bloger – “Azon Global” axborot tahliliy portali asoschisi Mubashshir Ahmad Turkiyada qoʻlga olingani va hibslangani haqida gap-soʻzlar tarqaldi. “Azon Global” mazkur…
Ijtimoiy tarmoqlarda oʻzbekistonlik diniy olim va bloger – “Azon Global” axborot tahliliy portali asoschisi Mubashshir Ahmad Turkiyada qoʻlga olingani va hibslangani haqida gap-soʻzlar tarqaldi. “Azon Global” mazkur mish-mishlarga oydinlik kiritish maqsadida, Mubashshir Ahmadning hozirgi holati haqida rasmiy maʼlumot eʼlon qildi.
Qayd etilishicha, Mubashshir Ahmad 2023 yilning 28 dekabr kuni tongda Turkiya Ichki ishlar tizimi xodimlari tomonidan gumonlanuvchi sifatida olib ketilgan.
“Dastlab qandaydir anglashilmovchilik boʻlgani, shu bois ommani behuda tashvishga solish kerak emasligi kabi mulohazalar bilan bu haqda keng ommaga xabar berilmadi”, deyiladi xabarda.
Bildirilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda shu kungacha tarqalgan bu haqdagi xabarlarga portalning aloqasi yoʻq.
Portal Mubashshir Ahmadga qoʻyilayotgan ayblovlar umuman asossiz ekanini urgʻulagan holda ayni vaqtda olim hibsda emas, balki deportatsiya markazida saqlanayotganini bildirgan.
“Turkiya qonunlari boʻyicha gumonlanuvchini 3 kundan ortiq tutib turish mumkin emas, shu muddat ichida qoʻyilayotgan ayb isbotlansa, Adliya idoralariga oʻtkazilishi, isbotlanmasa, chiqarib yuborilishi lozim. Baʼzan chet ellik shaxslarni qaytarib yuborish (deportatsiya) markazlariga oʻtkazishadi va u yerdan oʻz yurtiga joʻnatishadi yoki ozod qilishadi. Dastlabki surishtiruvlarda Mubashshir Ahmadga qoʻyilayotgan ayblov oʻz isbotini topmagan. Qaytarib yuborish (deportatsiya) markazlariga oʻtkazilgan Mubashshir Ahmadni oradan shuncha kun oʻtib ham tutib turilgani esa tushunarsiz boʻlib qolmoqda”, deyiladi rasmiy bayonotda.
Ayni vaqtda advokatlar harakatlarni boshlagan va barcha kerakli choralar koʻrilmoqda.
Hozirgacha Oʻzbekiston Respublikasining Anqaradagi elchixonasi va Istanbuldagi bosh konsulligi Mubashshir Ahmadning nima sababdan ushlangani va ahvoli haqida hech qanday maʼlumot bergani yoʻq.
Eslatib oʻtamiz, 2023 yilning avgust oyida taʼsischisi Mubashshir Ahmad boʻlgan “Azon.uz” sayti oʻz faoliyatini toʻxtatgandi.
Maʼlumot uchun, 2020 yilning dekabr oyida oʻzbekistonlik bloger Abdukarim Mirzayev ham Turkiyada hibsga olindi va u yerdan deportatsiya markaziga yuborildi. Unga qoʻyilgan ayblovlar oʻz isbotini topmagach, 2021 yilning 12 yanvar kuni qoʻyib yuborildi.