Odam savdosi
Bugungi kunda Odam savdosi, deya nom olgan mudhish illat jahon hamjamiyatini tashvishga solayotgan XXI asrning jiddiy muammolaridan biridir. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining muqaddimasining oʻzidayoq inson, uning…
Bugungi kunda Odam savdosi, deya nom olgan mudhish illat jahon hamjamiyatini tashvishga solayotgan XXI asrning jiddiy muammolaridan biridir.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining muqaddimasining oʻzidayoq inson, uning qadir-qimmati, shaʼni, huquq va erkinliklari eng oliy qadriyat ekanligi koʻrsatilgan. Shuningdek, Konstitutsiyamizning 13-moddasida esa Oʻzbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy printsiplarga asoslanadi, ularga koʻra, inson, uning hayoti, erkinligi, shaʼni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi deb mustahkamlangan.
Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasida ham alohida taʼkidlab oʻtilganidek, “Mamlakatimizning konstitutsiyaviy tuzumi, suvereniteti, hududiy yaxlitligini turli tahdidlardan himoya qilish, tinchlik va barqarorlikni yanada mustahkamlash – barcha yutuqlarimizning bosh garovidir” deb taʼkinlab oʻtganlar. Bu tahdidlar qatorida “Odam savdosi” yaʼni zamonaviy qullik ham mavjud. Bugungi kunda dolzarb masalalardan biri boʻlgan odam savdosining oldini olish va unga qarshi kurashish borasida qator chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.
Shu oʻrinda davlatimiz raxbarining 2020 yil 29 dekabrdagi Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasidagi “Yangi Oʻzbekiston – maktab ostonasidan, taʼlim-tarbiya tizimidan boshlanadi”, degan gʻoya asosida keng koʻlamli islohotlarni amalga oshiramiz”, deya taʼkidlaganlari yodga tushdi. Odam savdosi jinoyatining jabrlanuvchilariga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, ularning juda koʻpchilik qismi, maktabda yaxshi taʼlim olmagan, oʻzlashtirishi juda past, yoshligida hech bir kasb-hunar oʻrganmagan, ilmsiz, qoʻlida bir hunari yoʻq yoshlar, ayniqsa ayollarni tashkil qiladi.
Agar “Yangi Oʻzbekiston”da yosh bolalarimizni 2 yoki 3 yoshdan toʻliq bogʻchaga qamrab olib, maktab va oliygohlarda sifatli, zamonaviy hamda uzliksiz taʼlim olishiga zamin yaratib beradigan boʻlsak, kelajakda albatta jismoniy va maʼnaviy sogʻlom, vatanparvar, mustaqil va mantiqiy fikrlaydigan, ezgu fazilatlar egasi boʻlgan mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan yetuk insonlarni tarbiyalagan boʻlamiz. Va bu oʻz navbatida keyingi avlodni chet davlatlarda arzon ishchi kuchi sifatida ishlashiga emas, aksincha oʻz mehnatini va aqliy salohiyatini yuqori baholaydigan professional kadrlar yetishib chiqishini taʼminlaydi.
Oʻzbekiston Respublikasining 2008 yilning 17 aprelidagi «Odam savdosiga qarshi kurashish toʻgʻrisida»gi Qonuni qabul qilinib, Oʻzbekiston Respublikasi JKning 135-moddasi yaʼni “Odam savdosi” jinoyatini sodir qilganlik uchun jazo chorasi bir muncha kuchaytirildi.
Ammo bugungi oʻzgarishlar, zamonaviy axborot texnologiyalarining keng ravishda kirib kelishi, odam savdosi jinoyatining sodir qiladigan jinoyatchilar tomonidan qoʻllaniladigan usul va uslublarning yangi koʻrinishlari paydo boʻlishi “Odam savdosi” sohasidagi yuzaga kelgan munosabatlarni qaytadan koʻrib chiqishni taqazo qildi. Shu munosabat bilan Qonunchilik palatasi tomonidan 2020 yil 11 iyunda qabul qilingan
Senat tomonidan 2020 yil 7 avgustda maʼqullangan Oʻzbekiston Respublikasining “Odam savdosiga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqidagi Oʻzbekiston Respublikasining qonuni davlatimiz tomonidan 2020 yil 17 avgust kuni imzolandi.
Ushbu qonunning 3-moddasida bir qator tushunchalarga taʼrif berilgan. Ular orasida quyidagi tushunchaga aloxida eʼtibor qaratmoqchiman, yaʼni voyaga yetmagan shaxs savdosi — «odam savdosi» degan tushunchada koʻrsatilgan taʼsir oʻtkazish vositalaridan foydalanilgan-foydalanilmaganligidan qatʼi nazar, har qanday harakat yoki bitim boʻlib, ular vositasida voyaga yetmagan shaxs ota-onasi, boshqa qonuniy vakili yoki oʻzga shaxs tomonidan qonunga xilof ravishda undan foydalanish maqsadida yoxud moddiy yoki boshqa naf olish maqsadida boshqa shaxsga haq evaziga beriladi deb tushuntirish berilgan.
2021 yilda jinoyat ishlari boʻyicha sudlar tomonidan Jinoyat kodeksining 135-moddasi bilan koʻrib taʼmomlangan 49 ta jinoyat ishi yuzasidan chiqarilgan sud hukmlari bilan tanishib chiqdim. Oʻrganishlarim shuni koʻrsatdiki, odam savdosi jinoyati jabrlanuvchilari asosan voyaga yetmagan shaxslarni tashkil qilar ekan. Bu qonun tili bilan aytganda voyaga yetmagan shaxs savdosi jarblanuvchilaridir.
Yangi tahrirdagi qonunning 30-moddasida Voyaga yetmaganlar savdosi profilaktikasining oʻziga xos xususiyatlari koʻrsatilgan. Xususan, bolalarni tarbiyalash borasidagi oʻz majburiyatlarini bajarishdan boʻyin tovlayotgan ota-onalarni yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslarni aniqlash;
gʻayriijtimoiy hayot tarzini kechirayotgan oilalarni va davlat himoyasiga muhtoj bolalarni ularga yordam koʻrsatish maqsadida aniqlash;
bolalar uylarining va tugʻuruq komplekslarining faoliyati monitoringi shular jumlasidan.
Voyaga yetmaganlar savdosi profilaktikasi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa tadbirlarni ham oʻz ichiga olishi mumkin.
Odam savdosidan jabrlangan voyaga yetmagan shaxsga, odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotgan voyaga yetmagan shaxsga Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida kafolatlangan hamda Oʻzbekiston Respublikasining bolalar huquqlarini va bu huquqlarni amalga oshirish kafolatlarini tartibga soluvchi xalqaro shartnomalari asosida huquq hamda erkinliklar taʼminlanadi.
Agar odam savdosidan jabrlangan voyaga yetmagan shaxsning, odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotgan voyaga yetmagan shaxsning yoshi nomaʼlum boʻlsa, biroq u oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan deb taxmin qilish uchun obʼektiv asoslar mavjud boʻlsa, bunday shaxsning haqiqiy yoshi uzil-kesil aniqlanguniga qadar unga odam savdosidan jabrlangan voyaga yetmagan shaxslarga, odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotgan voyaga yetmagan shaxslarga yordam koʻrsatish uchun nazarda tutilgan yordam beriladi.
Odam savdosidan jabrlangan voyaga yetmagan shaxs, odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotgan voyaga yetmagan shaxs ixtisoslashtirilgan muassasalarga kattalardan ajratilgan holda joylashtirilishi kerak.
Ixtisoslashtirilgan muassasalarga joylashtirilgan odam savdosidan jabrlangan voyaga yetmagan shaxslarga, odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotgan voyaga yetmagan shaxslarga davlat taʼlim muassasalarida taʼlim olish, oilasi yoki qarindoshlari bilan aloqa bogʻlash imkoniyati taʼminlanadi.
Agar odam savdosidan jabrlangan voyaga yetmagan shaxslar, odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotgan voyaga yetmagan shaxslar qonuniy vakillarining homiyligisiz qolgan boʻlsa yoki ularning turgan yeri toʻgʻrisida xabardor qilinmagan boʻlsa, ota-onasini yoki ota-onasi oʻrnini bosuvchi shaxslarni yoxud boshqa qarindoshlarini qidirish choralari koʻriladi. Bu qonunning 32-moddasiga asosan Odam savdosidan jabrlangan voyaga yetmagan shaxsni, odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotgan voyaga yetmagan shaxsni himoya qilish va unga yordam koʻrsatishning oʻziga xos xususiyatlari sanaladi.
Odam savdosi jinoyatining asosiy sababi maʼnaviy qashshoqlik, ochkoʻzlik, mol-dunyoga haddan tashqari hirs qoʻyish va nafsiga qul boʻlishdir.
Odam savdosini oldini olish borasida juda koʻp ishlar amalga oshirilib kelinmoqda. Olib borilayotgan ushbu ishlar zamirida oʻsib kelayotgan kelajak avlodning vatanga boʻlgan muhabbati, ilm-maʼrifatga qiziqishi bilan bir qatorda, asr muammosiga aylangan jinoyatlarga qarshi immunitetni shakllantirish yotadi.
Zero, odam savdosi, uning insoniy huquq va erkinliklarini gʻayriqonuniy va gʻayri axloqiy ravishda aynan inson tomonidan kamsitilishi, yoʻqqa chiqarilishi – kechirib boʻlmas jinoyatdir.
Jasur Xudoyberdiyev,
Surxondaryo viloyat sudi jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayati sudyasi,
Jamshid Xursandov,
Jinoyat ishlari boʻyicha Denov tuman sudi sudyasi
Sherali Qodirov,
Jinoyat ishlari boʻyicha Boysun tuman sudi devonxona mudiri