Odam savdosi-kechirib boʻlmas jinoyat
Insonning nechogʻlik qadri baland va ulugʻ mavjudot ekanligi maʼlum. U tabiat boyliklaridan lazzatlanishi, sogʻ-salomat, kuchli va aqlli boʻlishi uchun, oʻzini-oʻzi asrab avaylashi, himoya qilishi hamda shaxsiy huquq va erkinliklarini…
Insonning nechogʻlik qadri baland va ulugʻ mavjudot ekanligi maʼlum. U tabiat boyliklaridan lazzatlanishi, sogʻ-salomat, kuchli va aqlli boʻlishi uchun, oʻzini-oʻzi asrab avaylashi, himoya qilishi hamda shaxsiy huquq va erkinliklarini muhofaza qilishi lozim. Mamlakatimizda demokratik huquqiy davlat va adolatli fuqarolik jamiyati barpo etish sharoitida xavfsizligimizga hamda ijtimoiy-maʼnaviy barqarorligimizga rahna soluvchi illatlardan biri boʻlgan odam savdosi – bugungi kunning dolzarb muammolaridan biriga aylandi.
Oʻzbekistan Respublikasi Konstitutsiyasining 24-moddasida, “Yashash huquqi har bir insonning uzviy huquqidir. Inson hayotiga suiqasd qilish eng ogʻir jinoyatdir”, – deb eʼtirof etilgan. Bugungi kunda odam savdosi bilan bogʻliq jinoyatlar jahon hamjamiyatida jiddiy tashvish va xavotirlarni keltirmoqda. Eng achinarlisi, bu jinoyatni sodir etuvchilarning ham, bundan jabr koʻruvchilarning ham muddaolari mushtarak. Yaʼni, yengil yoʻl bilan daromad topish istagida jinoyat sodir etish – ikki toifadagi odamlarni ham halokat domiga tortmoqda.
Keyingi yillarda odam savdosi tufayli yuzaga kelayotgan global xavf qanchalik ortib borayotgan boʻlsa, dunyoning qator mamlakatlarida bu jinoyatga qarshi kurashishga qaratilgan chora-tadbirlar koʻlami ham shunchalik kengaymoqda. Oradan yillar oʻtgan sari odam savdosiga qarshi kurash dunyoning barcha mamlakatlarida amalda boʻlmasin, bu muammo bizni hozirgi kunda ham qattiq tashvishga solmoqda.
Ayni paytda, transmilliy uyushgan jinoyatchilikning uzviy tarkibiy qismi boʻlgan bu jinoyat turi dunyo miqyosida keng tarqalgan. BMT va Migratsiya boʻyicha xalqaro tashkilot mutaxassislarining tahliliy xulosalariga koʻra, undan jabr koʻrganlar soni bir necha millionlarni tashkil qilmoqda.
Bugungi kunga kelib asrimizning jiddiy muammosiga aylangan odam savdosiga qarshi kurash xalqaro, mintaqaviy, koʻp va ikki tomonlama munosabatlarni talab etmoqda. Hozirga qadar jinoyatchilikning ushbu turiga qarshi kurashish va uning oldini olish maqsadida Birlashgan Millatlar Tashkilotining bir qator xalqaro tavsiyaviy va majburiy xarakterga ega hujjatlari qabul qilingan boʻlib, ular doirasida ushbu xavfga qarshi dunyo miqyosida tegishli chora-tadbirlar koʻrilmoqda.
“Odam savdosiga va uchinchi shaxslar tomonidan tanfurushlikdan foydalanishga qarshi kurash toʻgʻrisida”gi Konventsiya (1949), “Qullik va qul savdosini, qullikka oʻxshash institutlar va odatlarni bekor qilish toʻgʻrisida”gi qoʻshimcha Konventsiya (1956), “Transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash haqida”gi Konventsiyani toʻldiruvchi “Odamlar, ayniqsa, ayollar va bolalar savdosini toʻxtatish, oldini olish va uning uchun jazo toʻgʻrisida”gi bayonnoma (2000) bu borada dasturiy hujjat vazifasini oʻtamoqda.
Odam savdosiga qarshi kurashish yuzasidan davlatlararo hamkorlikni kuchaytirish maqsadida 2005 yili MDH doirasida “Odam savdosiga qarshi kurashish sohasida hamkorlikni kuchaytirish toʻgʻrisida”gi kelishuv, 2006 yilda sakkiz aʼzo mamlakat doirasida “Odam savdosiga qarshi kurashning 2007–2010 yillarga moʻljallangan dasturi” qabul qilingan edi.
Afsuski, dunyo boʻylab shuncha keng qamrovli faoliyat, tegishli targʻibot-tashviqot olib borilishiga qaramay, har yili millionlab insonlar “zamonaviy qullik”, yaʼni odam savdosi qurboniga aylanmoqda. Ular orasida ayollar, keksalar, hatto yosh bolalar ham borligi achinarli. Ushbu jinoyatning rivojlanishiga turtki boʻlayotgan asosiy omillardan biri odamlarning chet elga borish va ishga joylashish haqida yetarli maʼlumotga ega emasligidir. Achinarlisi, oʻzga davlat, begona bir muhitga tushib qolganlar moʻmay daromad ilinjida ogʻir jismoniy mehnatga yollanmoqda, ayollar esa tuban va fahsh ishlarga majbur etilmoqda.
BMT maʼlumotiga koʻra, dunyoda har yili taxminan 2 million 700 ming kishi odam savdosining qurboniga aylanmoqda. Xalqaro ekspertlarning baholashicha, ushbu jinoyatchilik natijasida olinayotgan yillik daromad miqdori 7 milliard AQSh dollaridan oshib ketgan. Tashvishlanarlisi, odam savdosi jinoyatidan jabrlanganlarning 80 foizi ayol va bolalardir. Har yili dunyo boʻyicha 600–800 ming nafar ayol va bolalar aldov yoʻli bilan xorijiy mamlakatlarga olib ketilib, sotib yuborilmoqda.
Odam savdosi – kuch bilan tahdid qilish yoki kuch ishlatish yoxud boshqa majburlash shakllaridan foydalanish, oʻgʻirlash, firibgarlik, aldash, hokimiyatni suiisteʼmol qilish yoki vaziyatning qaltisligidan foydalanish orqali yoxud boshqa shaxsni nazorat qiluvchi shaxsning roziligini olish uchun uni toʻlovlar yoki manfaatdor etish evaziga ogʻdirib olish orqali odamlardan foydalanish maqsadida ularni yollash, tashish, topshirish, yashirish yoki qabul qilish. Odamlardan foydalanish boshqa shaxslarning fohishaligidan foydalanishni yoki ulardan shahvoniy foydalanishning boshqa shakllarini, majburiy mehnat yoki xizmatlarni, qullik yoki qullikka oʻxshash odatlarni, erksiz holat yoxud inson aʼzolari yoki toʻqimalarini ajratib olishni anglatadi.
Oʻtgan asrdan yigirma birinchi asrga transmilliy tashkiliy jinoyatchilikning uchta eng xavfli turi “meros” boʻlib oʻtdi. Ularning birinchisi – xalqaro terrorizm va din niqobi ostidagi zoʻravonlik ruhi, kuch ishlatish, yaʼni ekstremistik, fundamentalistik, separatistik xurujlar, ikkinchisi – narkobiznes yoki narko-traffik bilan shugʻullanayotgan jinoiy uyushmalar, uchinchisi – odam savdosi bilan shugʻullanuvchi yirik-yirik jinoyatchi tashkilotlarning yildan-yilga kuchayayotganidir.
Bu jinoyatlarning asosiy sababi maʼnaviy qashshoqlik, ochkoʻzlik, dunyoga haddan tashqari hirs qoʻyish va nafsiga qul boʻlishdir. Bugungi kunda insonlar qul qilib sotayotgan baʼzi kimsalar insonlarni hur qilib yaratgan Alloh taolo bilan Xudolikni talashmoqda. Islom dini koʻrsatmalarida ham insonning jonzotlar ichida eng mukarrami ekani taʼkidlanib, qullikka qarshi qatʼiy choralar belgilab qoʻyilgan.
Hadislarda Alloh taolo qiyomat kuni uch kishiga rahmat nazari bilan qaramasligi va ular bilan xusumat qilishi bayon qilinmoqda. Alloh taolo kim bilan xusumat qilsa, albatta, uni yengadi. Ular ichida hur kishini sotib, uni hurlikdan mahrum qilib, qullikka solgan kishi ham bor. Bu juda katta gunohdir. Chunki bu holatda inson, odatda qilishi mumkin boʻlgan ishlardan man etilib, xorlik holatiga tushiriladi va koʻpincha faqat qorin toʻydirish uchun ishlashga mahkum qilinadi. Oʻtkinchi mol-dunyo uchun vatandoshlarini, qishloqdoshlarini va hatto qarindoshlarini sotishdan qaytmayotgan kishilar, yuqoridagi hadislardagi maʼnolarni bir zum tafakkur qilsalar kifoya. Zero, halol kasb qilib, boylik orttirayotgan, elga xizmat qilib, duo olayotgan mardlar ham son-sanoqsiz.
Yana bir eng tashvishli holatlardang biri, chet elga noqonuniy tarzda ishga chiqayotgan shaxslarning koʻpchiligi yuqorida taʼkidlangan yigirma birinchi asrning transmilliy tashkiliy jinoyatchilikning uchta eng xavfli turidan biri – xalqaro terrorizm va din niqobi ostidagi zoʻravonlik ruhi, kuch ishlatish, yaʼni ekstremistik, fundamentalistik, separatistik xurujlar vakillarining tuzogʻiga tushib qolmoqda.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohot va yangilanishlar natijasida fuqarolarimizning turmush sharoiti uzluksiz yuksalib bormoqda, huquq hamda erkinliklari toʻla roʻyobga chiqarilishi uchun qulay ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy shart-sharoitlar yuzaga kelmoqda.
Bularning barchasi shaxs erki, uning hayoti, salomatligi va shaxsiy huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish, fuqarolar huquqiy muhofazasi samaradorligini oshirish, shaxs-davlat munosabatlarida shaxs manfaatlari ustuvorligi tamoyiliga ogʻishmasdan amal qilish ehtiyojini yanada kuchaytirmoqda.
Shaxs erki va qonuniy manfaatlarini taʼminlash ijtimoiy hayotimizning barcha sohalarida olib borilayotgan tadbirlar orqali amalga oshirib kelinmoqda.
Bugungi kunda aholi migratsiyasi, shu jumladan, mamlakat tashqarisida mehnat faoliyati bilan shugʻullanish maqsadidagi migratsiya jahon koʻlamidagi voqelik boʻlib, oʻzining koʻpgina ijobiy jihatlari bilan bir qatorda salbiy oqibatlarni ham keltirib chiqarmoqda.
Bu salbiy hodisa global jarayon sifatida bizning mamlakatimizni ham chetlab oʻtmayapti. Afsuski, fuqarolarimiz ham odam savdosi qurbonlariga aylanmoqda. Bularning barchasi davlatimiz va jamiyatimiz tomonidan ushbu illatga qarshi qatʼiy choralar koʻrishni, odam savdosiga jalb etilgan va undan jabr koʻrgan hamyurtlarimizni muhofaza etishni dolzarb vazifa qilib qoʻymoqda.
Odam savdosiga qarshi kurashga qaratilgan xalqaro qonunchilikda ham, Oʻzbekiston Respublikasi milliy qonunchiligida ham odam savdosi jabrdiydalari huquqlarini himoya qilish, ularning ijtimoiy reabilitatsiyasi va himoyasini taʼminlash belgilab qoʻyilgan.
Jumladan, BMTning 2000 yil 15 noyabrdagi “Transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash toʻgʻrisida”gi Konventsiyasi 25-moddasiga koʻra: “Ushbu Konventsiya ishtirokchisi boʻlgan har bir davlat oʻzining imkoniyatlari darajasida odam savdosidan jabr koʻrgan fuqarolarga yordam koʻrsatish, ayniqsa, qasd olish bilan qoʻrqitishdan himoyalashga qaratilgan yordamni berish majburiyatini oladi.
Har bir ishtirokchi davlat odam savdosidan ziyon koʻrganlarga tovon undirilishi va ular koʻrgan boshqa shakldagi zarar oʻrnini qoplash yuzasidan kerakli tartib-qoidalarni joriy etadi”.
Xulosa qilib aytganda, odam savdosining har qanday koʻrinishiga qarshi kurashish xalqaro va mintaqaviy darajada jiddiy yondashuv va oʻzaro hamkorlikka asoslansagina yaxshi samara berishi mumkin.
Zero, odam savdosi, uning insoniy huquq va erkinliklarini gʻayriqonuniy va gʻayri axloqiy ravishda aynan inson tomonidan kamsitilishi, yoʻqqa chiqarilishi – kechirib boʻlmas jinoyat, ogʻir gunoh!
J.Xudoyberdiyev,
Surxondaryo viloyat sudi jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayati sudyasi