Odam savdosi: tarix va bugun
Dunyodagi transmilliy jinoyatlarning eng xavflisi va jirkanchi odam savdosi afsuski fan-texnika taraqqiyoti davri boʻlmish XX-XX1 asrda avj oldi. Mehnat migratsiyasi, axborot almashinuvining kuchayishi odam savdosi bilan…
Dunyodagi transmilliy jinoyatlarning eng xavflisi va jirkanchi odam savdosi afsuski fan-texnika taraqqiyoti davri boʻlmish XX-XX1 asrda avj oldi. Mehnat migratsiyasi, axborot almashinuvining kuchayishi odam savdosi bilan shugʻullanadigan jinoyatchi guruhlarga oʻz qabih niyatlarini amalga oshirishga imkon yaratib berdi.
Endilikda internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlarda paydo boʻlgan turli xil “yuqori daromadli” ishga chaqiruvchi eʼlonlar “anʼanaviy” kucha-kuyda tanishib, “ishga yollash” jarayonining oʻrnini egalladi.
Insoniyat oʻz taraqqiyot jarayonida quldorlik tuzumini yengib, bir nechta taraqqiyot bosqichlaridan oʻtgach, yangi koʻrinishdagi “quldorlikka” qaytishiga nima sabab boʻlmoqda? Uning illatlari qayerda yashiringan?
Odam savdosiga qarshi kurashish tarixiga nazar tashlar ekanmiz, “tirik tovar” savdosi haqida qadimgi Misr va Mesopotamiyaning yozma manbalarida keltirilgan qaydlarni koʻrish mumkin. Aynan oʻsha davrda qulchilik davlat iqtisodiyoti rivojiga hissa qoʻshgan yoʻnalishlardan biri boʻlgan. Afrikadan olib kelinayotgan arzon qora tanli qullar Misr, Finikiya, Yunoniston, Rim, keyinchalik Turkiya, Eron, Arabistonga yetkazib berilar edi. Gʻarbiy Yevropada qul jalloblari asosan skandinaviyalik vikinglar va italiyalik savdogarlar, portugallar boʻlib, qullarni Yevropa mamlakatlari va Braziliyaga yetkazib berishgan. Quldorlarning bu qabih faoliyati XIX asrga kelibgina barham topdi. Birgina Saudiya Arabistonida qulchilik XX asrning 80-yillarigacha davom etdi. XYII asrga qadar qul savdosi davlat ixtiyorida boʻlgan boʻlsa, 1698 yili ingliz Parlamenti jismoniy shaxslarga ham qulchilik bilan shugʻullanishga ruxsat beradi. 1452 yilda Rim papasi Nikolay V oʻzining “Romanus Pontifex” bullasi bilan portugaliyaliklar tomonidan Afrika huddulariga bosqinchilikka fatvo beradi.1510 godu yili esa mazkur bosqinchilik harakati oqibatida 250 nafar qora tanli qul Espanola tilla koniga keltiriladi. Bir yil ichida Gonduras va Gvatemalaga 1526, Kolumbiyaga 1533 nafar qullar keltirilgan. Tarixda “Oltin uchburchak boʻylab savdo” nomini olgan mazkur savdo yoʻnalishi qullarni Afrikadan olib chiqish, ularni Janubiy Amerikada sotish, puliga esa shakar, spirtli ichimliklar va boshqa mahsulotlarni oʻzga yurtlarga ikki-uch barobar qimmatga pullash imkonini bergan. Oq tanli qullar, yaʼni shotlandiyalik va irlandiyaliklar bilan savdoni inglizlar 1620 yilda boshlab berishdi. Qullarning aksariyati kemalardagi chidab boʻlmas sharoit, ochlik, suvsizlik va kasalliklar oqibatida oxirgi manzilga yetib kelmay, halok boʻlishar edi. Qulchilik davrida Shimoliy va Janubiy Amerikaga jami Afrikadan 12,5 mln. nafar qul olib kelingan.
XVIII asrga kelib Buyuk Britaniyadagi qul savdosiga qarshi kurash harakati boshlanadi. Qul savdosiga qarshi kurash toʻgʻrisidagi birinchi bill Uilyamom Uilberfors (1759—1833) tomonidan ishlab chiqilib, 1791 yili Parlamentda koʻpchilik tomondan maʼqullandi. 1798 yili birinchi qullarga qarshi “Afrika assotsiatsiyasi” tuzildi. Uning talabi bilan Buyuk Britaniya Parlamenti qullar ahvolini oʻrganish uchun komissiya tuzdi.Natijada qullar hayotini yengillashtiruvchi birinchi akt qabul qilindi. Faqat 1848 yildagina qullar isyoni natijasida Frantsiyaga mustamlaka mamlakatlardagi qullar ozod qilindi. AQShda qullar 1865 yilda ozodlikka chiqishdi. 1807 yil 25 martda “Odam savdosini taqiqlash toʻgʻrisida akt” qabul qilindi. Xalqaro miqyosda qul savdosi Venada (1815) va Verona (1822—1823) kongresslarida qoralandi. 1890 yildagi Bryussel konferentsiyasi odam savdosiga qarshi kurash borasidagi xalqaro tizimni ishlab chiqdi.
XX asrda roʻy bergan insoniyat tarixidagi eng qirgʻinbarot urushlar oqibatida ayollarning Yevropadan Amerika va Shimoliy Afrika qitʼalariga keng koʻlamli migratsiyasi hamda ayollarni Yevropaga sotish boshlandi. Odam savdosiga barham berish maqsadida 1902 va 1910 yillarda Parijda (Frantsiya) ikkita konferentsiya oʻtkazilib, “Oq qullar savdosiga qarshi kurash” nomli butunjahon Konventsiyasi qabul qilinadi. Keyinroq konventsiya “Ayollar va bolalar savdosini yoʻqotish” va “Voyaga yetgan ayollar savdosini yoʻqotish” nomli butunjahon Konventsiyalari bilan toʻldirilgan. 1948 yilda “Inson huquqlari” umumjahon Deklaratsiyasi qabul qilindi.
Shundan soʻng “Inson huquqlarining Yevropa Konventsiyasi”, “Qullik xususida”gi Konventsiya, “Qullikni yoʻqotish amaliyoti toʻgʻrisida”gi qoʻshimcha Konventsiya, “Bola huquqlari toʻgʻrisida”gi Konventsiya, “Ayollarga qarshi diskriminatsiyaning har qanday koʻrinishlariga qarshi kurash toʻgʻrisida”gi Konventsiyalar qabul qilinib, dunyoning koʻplab mamlakatlarida qoʻllanila boshlandi.
Ayni paytda transmilliy uyushgan jinoyatchilikning uzviy tarkibiy qismi boʻlgan odam savdosi zamonaviy koʻrinishda keng tarqalmoqda. BMT va Migratsiya boʻyicha xalqaro tashkilot mutaxassislarining tahliliy xulosalariga koʻra, undan jabr koʻrganlar soni bir necha oʻn millionni tashkil etadi. BMT maʼlumotlariga koʻra har yili dunyo boʻyicha 700 mingdan ziyod shaxs odam savdosi bilan shugʻullanuvchilardan aziyat chekishadi. Internet, xususan ijtimoiy tarmoqlarning rivoji zamonaviy qullikni keltirib chiqardi, bunga asosan noqonuniy yoʻl bilan ish izlab oʻzga yurtga ketishlar mazkur jarayonni yanada kuchaytirdi. Minglab insonlar XX1 asrda ham odam savdosi qurbonlriga aylanishmoqda. Shu sababli YuNESKO 23 avgustni Xalqaro odam sadosi qurbonlari xotirasi kuni, deb eʼlon qildi.
Oʻzbekiston mustaqillikning ilk yillaridanoq odam savdosining oldini olish va unga qarshi kurashish borasida qator chora-tadbirlarni amalga oshirib, 2003 yil 12 dekabrda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1950 yilda qabul qilingan “Odam savdosi va fohishalikning uchinchi shaxslar tomonidan ishlatilishiga qarshi kurash toʻgʻrisida”gi Konventsiyaga qoʻshildi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2000 yil 15 noyabrdagi rezolyutsiyasi bilan qabul qilingan “Transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash toʻgʻrisida”gi Konventsiya, shuningdek, odam savdosi, ayniqsa, ayollar va bolalarni sotishning oldini olish, unga chek qoʻyish va buning uchun jazolash toʻgʻrisidagi qoʻshimcha protokol ham ratifikatsiya qilindi. Shuningdek, mustaqillik yillarida xorijiy davlatlar bilan uyushgan jinoyatchilik, shu jumladan, odam savdosining xavfli koʻrinishlariga qarshi kurash haqida bir qator shartnoma va kelishuvlar imzolandi. Ayniqsa Oʻzbekiston Respublikasining 2008 yilning 17 aprelida qabul qilingan “Odam savdosiga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi qonuni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008 yil 8 iyuldagi “Odam savdosiga qarshi kurashish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori mamlakatimizda odam savdosi jinoyatiga qarshi kurashishning milliy qonunchilik asoslarini yaratib berdi. Shuningdek, odam savdosiga qarshi kurashish, bunday jinoyat qurbonlarini ijtimoiy himoyalash tadbirlari kompleks xarakterga ega ekanligi inobatga olinib, davlat organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining bu boradagi faoliyatini muvofiqlashtirish maqsadida Odam savdosiga qarshi kurashish boʻyicha Respublika Idoralararo komissiyasi tuzildi va hozirgi kunda komissiya tomonidan odam savdosi holatlarining oldini olish, aniqlash va ularga chek qoʻyish, uning oqibatlarini minimallashtirish hamda odam savdosidan jabrlanganlarga yordam koʻrsatishga qaratilgan bir qator tashkiliy va profilaktik tadbirlar oʻtkazilib kelinayapti.
Bundan tashqari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008 yil 5 noyabrdagi “Odam savdosi jabrdiydalariga yordam berish va ularni himoya qilish boʻyicha Respublika reabilitatsiya markazini tashkil etish toʻgʻrisida” gi 240 — sonli qarorining ikkinchi bandiga asosan odam savdosi jabrdiydalariga yordam berish va ularni himoya qilish boʻyicha Respublika reabilitatsiya markazining asosiy vazifalari va funktsiyalari etib belgilandi.
Odam savdosi jabrlanuvchisiga aylanmaslik uchun avvalo“Istiqbolli avlod” IAM xodimlari quyidagilarni tavsiya etishadi:
tanishlaringiz yoki tasodifan uchragan odamlarning chet elda ishlash, oʻqish yoki oila qurish toʻgʻrisidagi qiziqtiruvchi takliflaridan oʻzingizni chetga oling. Hujjatlaringizni har qanday holatda ham hech kimga bermang!
qiyinchiliklarsiz tezlik bilan topiladigan oylik maosh, ish haqqi va daromad haqidagi vaʼdalar odatda haqiqatga toʻgʻri kelmasligiga eʼtibor qarating!
qiziqib koʻring: Sizga chet elga borishni taklif qilayotgan tashkilot yoki firma, ular bilan hamkorlik qiluvchi mahalliy vakillar (sayyohlik, nikoh, ish bilan taʼminlovchi, oʻqishni tashkillashtiruvchi) qonuniy faoliyat yuritishadimi?
Agar Siz chet elda ishlash yoki oʻqish niyatida boʻlsangiz:
— Sizga oʻqish yoki ish taklif etayotgan firma yoki tashkilot bilan shartnomani belgilangan davlatga borishdan oldin, oʻz davlatingizda imzolang;
— Sizga chet elda oʻqish yoki ishlash boʻyicha xizmatlarini taklif qilgan firma yoki agentlikni qonuniy ishlashiga ishonch hosil qilish uchun tegishli litsenziya va sertifikatda ular tomondan koʻrsatiladigan xizmat turlariga ahamiyat bering. Litsenziya yoki sertifikatning asl nusxasi koʻrinarli joyga joylashtirilgan va bir nusxada boʻlishi zarur;
— shartnomani imzolashga shoshilmang, mutaxassislar bilan maslahatlashing, har bir bandi bilan mukammal tanishib chiqing;
— agar shartnoma shartlari Sizni qoniqtirmasa, imzolashni rad eting. Oʻz shartlaringizni kiritilishini va oʻzgartirishni taklif qiling;
— shartnoma firma yoki agentlik direktori tomonidan imzolanganligiga ahamiyat bering. Agar shartnoma ijrochi xodimlar, masalan direktor oʻrinbosari yoki boshqa xodimlar tomonidan imzolangan boʻlsa, imzo qoʻyish huquqini beruvchi qaror yoki ishonchnomani (notarial tasdiqlangan) koʻrsatishlarini soʻrang;
— siz imzo qoʻygan shartnoma va boshqa hujjatlaringiz nusxasini yaqinlaringizda qoldirishingiz zarurligini yodingizda tuting;
— chet davlatlarda faqatgina mehnat vizasi ishlash huquqini beradi, sayyohlik vizasi bilan belgilangan davlatga borib noqonuniy ishlashga rozilik bermang;
— oʻzingiz bilan pasport, bilet va boshqa hujjatlarning nusxasini oling va asl hujjatlardan alohida joyga yashirib qoʻying. Yaqinlaringizda chet eldagi ish va yashash joyingiz, ish beruvchi, korxona yoki tashkilot rahbari haqidagi toʻliq maʼlumotlarni qoldiring;
-Shuningdek, biror xavfga toʻqnash kelsangiz bu haqida yaqinlariningiz xabar bera olishingiz uchun biror oddiy va sodda soʻzni kelishib oling (favqulodda vaziyatlarga toʻqnash kelsangiz, masalan oʻgʻirlik, majburan ushlab turish va boshqalar), bu telefon orqali gaplashayotganingizda kimdir nazorat qilib turgan boʻlsa yordam beradi;
— eʼtiboringizni qarating Sizga vaʼda qilinayotgan oylik maosh bajarishingiz kerak boʻlgan ishga mos keladimi, haddan ziyod koʻp toʻlashni vaʼda qilishmayaptimi;
— yoʻl harajatlari, yashash, oziq-ovqat va boshqa harajatlar uchun oʻsha joyda yoki keyinchalik oylik maoshingizdan hisob-kitob qilinishi toʻgʻrisidagi taklifga rozilik bermang;
— quyidagi eʼlonlarga diqqat qiling va ulardan ehtiyot boʻling: “Ofitsiantka, raqqosa va boshqa ishlarga qabul qilamiz. Tajriba va malaka talab qilinmaydi. Yoʻl harajatlari, yashash va kundalik harajatlar ish beruvchi tomonidan qoplanadi”; “Katta maosh toʻlanadigan ishlarga qabul qilamiz”. Bu kabi eʼlonlarda telefon raqamidan boshqa maʼlumot boʻlmaydi, ish taklif qiluvchi firma yoki agentlik toʻgʻrisidagi maʼlumot koʻrsatilmaydi.
Jinoyat ishlari boʻyicha Qiziriq tuman sudining raisi O.Karimov