OILA MUSTAHKAMLIGINI TAʼMINLAShGA BARChA MASʼUL
Bugun Oʻzbekistonda olib borilayotgan jamiki islohotlardan koʻzlangan asosiy maqsad — mamlakatimizda yashayotgan har bir insonning baxtli yashashini taʼminlashdan iboratdir. Oilalarning, ayniqsa, yosh oilalar baxtli yashashi uchun…
Bugun Oʻzbekistonda olib borilayotgan jamiki islohotlardan koʻzlangan asosiy maqsad — mamlakatimizda yashayotgan har bir insonning baxtli yashashini taʼminlashdan iboratdir.
Oilalarning, ayniqsa, yosh oilalar baxtli yashashi uchun qulay shart-sharoit yaratish, xususan, ularni uy-joy bilan taʼminlash, turli ijtimoiy yordam va imtiyozlar berish orqali qoʻllab-quvvatlash maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar oʻta muhim boʻlib, kelgusida oʻz ijobiy natijasini berishi shubhasiz.
Ammo taʼkidlash kerakki, insonning baxtli yashashi faqat moddiy taʼminot bilangina oʻlchanmaydi. Hayotiy misollar, tahlillarga suyanib aytadigan boʻlsak, baxtli yashashning yana bir eng muhim omili — maʼnaviyat, axloq masalasidir.
Zero, adib Tohir Malik qayd etganidek, «… baxt tushunchasining moddiy tomonidan koʻra maʼnaviy tomoni ortiqroq»dir.
Darhaqiqat, oilasidan ajrashib, farzandlari mehr-muhabbatidan judo boʻlgan boy odamni baxtli deb boʻlmaganidek, kamxarjroq boʻlsa-da oilasi, farzandlari qobil, oʻzaro mehr-muhabbatli oila aʼzolarini baxtsiz, deya olmaymiz.
Ayni paytda turmushda duppa-durust aka-uka, ota-bola yoki er-xotin oʻrtasida turli nizolarning vujudga kelayotganini koʻrib, hayron qolasan kishi. Hatto, oʻzaro nizolashuv natijasida biri ikkinchisining joniga qasd qilish, bir siqim pul evaziga oʻz farzandidan voz kechib, goʻdagini tirik yetim qilish hollari ham odatga aylanib bormoqda. Bularning asl sababi nimada, nega bagʻrikenglikda olamga ibrat boʻlgan xalqimiz orasida bundaylar soni kundan-kunga koʻpayib bormoqda?!
Mulk ilinjida “boy oʻgʻil”ning oʻz otasini ruhiy kasallar shifoxonasiga joylashtirganini, shifoxonadan chiqqach, bir xonali uyda boshqa farzandi (qizi)ga koʻrsatmasdan saqlaganiga yoki boshqa bir “boy oʻgʻil”ning bir nechta uyi boʻla turib, oʻz onasini uydan haydab yuborganini qanday tushunish lozim? Bular aql bovar qilmaydigan ishlar, toʻgʻrimi? Ammo, ming afsuski, bu kabi jirkanch hodisalarga kam boʻlsa-da duch kelyapmiz.
Yoki havas qilsa, arzigudek turmush oʻrtogʻi, farzandlari boʻla turib, ularni tarbiyalash, yoʻlga solish, uylantirish-uzatish kabi farahli tashvishlar bilan yashash oʻrniga, oilasini sababsiz tashlab, oʻzi boshqasiga uylanib ketgan otaga, oilasiga xiyonat qilib, farzandlarini xoru zorlikka tashlab, boshqa erning etagini tutib ketayotgan, “ona” degan moʻʼtabar nomga nomunosib ayolni kim deb atash mumkin?!
Nega oila aʼzosi boʻlgan er-xotin yoki farzandlar oʻz joniga qasd qilish orqali hayotiga yakun yasamoqda? Oilaviy nizolarning bu kabi oqibatlariga nimalar sabab boʻlmoqda?
Ushbu savollarning birontasiga sabab moddiy tomonda deb javob bera olmaymiz va shuningdek, muammoni moddiy jihatdan, yaʼni pul va boylik bilan hal etib ham boʻlmasligi barchaga ayon. Axir Ikkinchi jahon urushi yillarida, aholi och-nahor qolganida ham bu kabi qabihliklarga borilmagan edi-ku! Bularning bari omma orasida keng tarqalib borayotgan maʼnaviy inqirozning oqibatlaridir.
Takror boʻlsa-da, taʼkidlash lozim. Muammo boy oʻgʻilning maʼnaviy qashshoqligi, yaʼni uning oʻz vaqtida olmagan mehri va tarbiyasidagi boʻshliqda, ajrashayotgan ota-onaning masʼuliyatsizligida, bir soʻz bilan aytganda, bosh masala shaxs maʼnaviyati va axloqi bilan bogʻliq ekanligidadir.
Hech kimga sir emas, jamiyatda maʼlum bir masalada oʻzgarishga erishishda jamoatchilikning fikri, munosabati va saʼy-harakati juda muhim omil hisoblanadi.
Oilalarda maʼnaviy muhitni yaxshilash, ota-onalar masʼuliyati va oiladagi munosabatlar masalasiga, ayniqsa, muammoli, notinch oilalar bilan ishlashga xotin-qizlar qoʻmitalari, «Oila» ilmiy-amaliy tadqiqot markazi, mahalla faollari, nuroniylar hamda yoshlar tashkiloti vakillari – keng jamoatchilik tomoni-dan alohida eʼtibor qaratilishi lozim.
Toʻgʻri, bu birdan hal boʻlib qoladigan masalalar emas.
Shuning uchun fikrimizcha, birinchidan, mustahkam, risoladagidek oilalar vujudga kelishi masalasiga doimiy eʼtibor qaratish, lozim boʻlsa, vaqtincha, aholi orasida ushbu masalada qatʼiy toʻxtamga kelingunga qadar xotin-qizlar qoʻmitalari, «Oila» ilmiy-amaliy tadqiqot markazi hamda mahalla faollari va boshqalar tomonidan jiddiy jamoat nazorati oʻrnatilishi kerak.
Bunda asosiy eʼtiborni maktab va Oliy oʻquv yurtlarida yoshlar maʼnaviyatini shakllantirish hamda ularni oilaga tayyorlash masalasiga qaratib, ayni paytda bu borada olib borilayotgan ishlar, darslarni tahliliy oʻrganib, ularni takomillashtirish borasida tegishli choralar koʻrish kerak.
Shuningdek, masalan, FXDYolarda oila qurish istagida murojaat qilgan yoshlar bilan ishlash tartibini yoʻlga qoʻyish, kerak boʻlsa, buning uchun FXDYo masʼuliyatini oshirish, ularga qoʻshimcha vakolatlar berish, din idoralari vakillari ishtirokida yoshlarga amaldagi oila qonunchiligi talablari bilan birgalikda, shariat qoidalari, xususan, er-xotinlik, er-xotinning burchi, xotinning erdagi haqqi, erning xotindagi haqqi, ularning boʻlajak farzandlari oldidagi burchi masalalarini batafsil tushuntirish, turmush qurmoqchi boʻlgan yoshlar bu masalada biror toʻxtamga kelgandan soʻng ularning nikoh toʻylariga oq yoʻl tilash va bu borada duch kelinishi mumkin boʻlgan barcha qiyinchiliklarga hamjihatlik bilan barham berish lozim. Chunki oila hamon jamiyatning bir boʻlagi ekan, uning sogʻlom boʻlishi ham jamiyat aʼzolarining Vatan manfaati, millat taqdiri oldidagi muqaddas burchiga aylanishi kerak!
Ikkinchidan, omma orasida odob-axloq, nafs tarbiyasi, yaxshilik va yomonlik, gunoh va savobning sifatlari hamda inson va uning masʼuliyati borasida tegishli mutaxassislar, adiblar, olim va faylasuflar, imom-xatiblar ishtirokida keng qamrovli va tizimli hamda taʼsirchan tarbiyaviy ish olib borish lozim koʻrinadi va bunda ommaviy axborot vositalari, internet saytlari imkoniyatlaridan keng foydalanish kerak.
Tinch va ahil yashab, farzandlarini yaxshi tarbiyalab, umrguzaronlik qilib kelayotgan ota-onalar, ularning hayot yoʻli hamda boshqalar baxti uchun xolis yordam qoʻlini choʻzayotgan insonlar toʻgʻrisida maʼlumotlar berib borilishi ham jamoatchilik, ayniqsa, yoshlar maʼnaviyati va axloqiga ijobiy taʼsir etuvchi muhim omil boʻlishi mumkin.
Shuning uchun bugun ommaviy axborot vositalari, internet saytlari orqali jamoatchilik sodir etilayotgan oilaviy nizo va jinoyatlardan xabardor qilib borilayotganligi kabi, oilalardagi ijobiy holatlarni ham yoritib borish lozim koʻrinadi. Zero, oʻquvchi, xususan, yoshlarning masalaga munosabatini shakllantirishda birgina salbiy holatlarni koʻrsatish emas, balki oʻrnak oladigan holatlarni ham ular hukmiga havola qilish maqsadga muvofiqdir. Bunda asosiy eʼtiborni oila mustahkamligi nimaga olib kelishi, shuningdek, ajralishlar oqibati inson hayotiga qanday taʼsir etishini aniq misollarda, masalan, ajrashgan oila aʼzolari, ota-ona va farzandlarning jinoyat koʻchasiga kirib ketganligi kabi holatlarni koʻrsatish lozim va bu yaxshi samara berishi tabiiy.
Notinch, ajrashib yashayotgan oila aʼzolari, ularning ota-onalari bilan Oliy sud va Xotin-qizlar qoʻmitasi tomonidan ochiq muloqot oʻtkazilib, ayollar va voyaga yetmagan bolalar jazo oʻtash muassasasidan olingan videolavhalarni namoyish etish, ulardan ayrimlarining taqdirini bayon qilib, ajralish oiladagi barcha muammolar boshlanishi ekanligini tushuntirish orqali respublika boʻyicha minglab oilalarni tiklashga muvaffaq boʻlingani buning isbotidir.
Qachonki oila aʼzolari oʻzaro totuv va inoq boʻlsa, ular oʻrtasidagi munosabatlar azaliy qadriyatlarimizga asoslangan boʻlsa, u oila baxtli boʻladi va jamiyat tayanchiga aylanadi, baxtsiz, notinch-nosogʻlom oila jamiyat uchun muammolar manbaidir.
Muqaddas hadisda “Moʻminlar bir-birlarini sevishda va bir-birlariga marhamat koʻrsatishda bir tan — bir jonga oʻxshaydilar. Tanning bir aʼzosi xastalangan paytda boshqa aʼzolar uni davolashga harakat qiladi”, deb takidlanadi.
Oila baxti – jamiyat baxti, oila muammosi – jamiyat aʼzolari, yaʼni siz va bizning muammoimizdir!
Agarda har qanday oila muammosiga “bu mening muammom emas, menga nima” qabilida emas, aksincha, “bu bizning muammomiz” deb qarasak, birini aka, boshqa birini uka, opa-singlim desak, zarur maʼnaviy koʻmak bersak, oiladagi farzandlarni oʻz farzandimiz qatorida koʻrsak va kimgadir moddiy va kimgadir maʼnaviy koʻmak qoʻlimizni choʻzsak, adashganga toʻgʻri yoʻlni koʻrsatsak yoki dalda bersak, natija oʻta ijobiy boʻlishi, yuqorida qayd etilgan, bugun ommaviy axborot vositalarida bot-bot yoritilayotgan oilaviy nizolar, bir-birini urib jarohatlash, joniga qasd qilish holatlari, qolaversa,
butun jamiyatda huquqbuzarlik va jinoyatlar keskin kamayishiga olib kelishi shubhasiz.
Shuningdek, adib Tohir Malik: “Zimmangizdagi insoniy vazifalarni ado eting — baxtning oʻzi sizni izlab topadi. Insoniy vazifalarni ado etish uchun esa kuchli iroda talab etiladi. Ha, bizning baxtimiz oʻz hayotimizni iroda qiluvchi oʻz irodamizga bogʻliq. Shu bois baxtiyor boʻlishni istagan kimsa irodasini tarbiya qilishi shart” deb uqdirganidek, har qanday inson oʻz irodasini tarbiya qilishi jamiyatimizdagi salbiy holatlarga barham berib, nafaqat oʻzining, balki butun jamiyat aʼzolarining baxtli boʻlishiga olib keladi. Ana shundagina jamiyat aʼzolarining baxtu saodati yoʻlida davlatimiz tomonidan olib borilayotgan ulkan ishlarga hamohang ish olib borgan, jamiyat oldidagi burchimizni mukammal bajargan boʻlamiz.
J.Xudoyberdiyev,
Surxondaryo viloyat sudi jinoyat ishlari boʻyicha Surxondaryo viloyat sudining sudyasi