Oʻzbekiston MSK raisi ilk bor AQShda prezidentlik praymerizlarini kuzatmoqda (foto)
Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizomxoʻjayev boshchiligidagi delegatsiya birinchi marta Los-Anjeles okrugi kotibining taklifiga binoan AQShda prezidentlik praymerizlariga tayyorgarlik koʻrish jarayoni bilan tanishish…
Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizomxoʻjayev boshchiligidagi delegatsiya birinchi marta Los-Anjeles okrugi kotibining taklifiga binoan AQShda prezidentlik praymerizlariga tayyorgarlik koʻrish jarayoni bilan tanishish maqsadida AQShning Kaliforniya shtatida boʻlib turibdi. Bu haqda MSK matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, AQShda tugʻilgan, oʻttiz besh yoshdan kichik boʻlmagan va saylovgacha kamida oʻn toʻrt yil Qoʻshma Shtatlar hududida yashayotgan shaxs prezidentlikka nomzod boʻlishi mumkin. Demokratik va Respublikachilar partiyalaridan prezidentlikka nomzodlarni koʻrsatish odatda mazkur partiyalarning eng mashhur aʼzolarini aniqlashga imkon beruvchi praymeriz jarayonlari orqali amalga oshiriladi. AQSh prezidentlik praymerizlari shtatlar darajasida oʻtkaziladigan birlamchi prezidentlik saylovlari instituti boʻlib, uning natijalariga koʻra delegatlar har bir partiyadan yagona prezidentlikka nomzodlarni aniqlash maqsadida milliy partiya qurultoyiga yuboriladi.
AQShda prezident toʻgʻridan toʻgʻri saylovchilar tomonidan emas, balki saylovchilar kollegiyasi tomonidan saylanadi. Noyabr oyining dastlabki dushanbasidan keyingi birinchi seshanba kunida saylovlar boʻlib oʻtadi, unda har bir shtat aholisi AQSh Kongressidagi oʻz vakillari soniga mutanosib ravishda saylovchilar kollegiyasi aʼzolarini saylaydi. Kaliforniya shtati eng koʻp saylovchilar kollegiyasi aʼzolariga ega boʻlib, ularning soni 55 nafarni tashkil qiladi.
Los Anjeles okrugi kotibi va uning idorasi mazkur hududda barcha darajadagi saylovlarga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazishni tashkil etish, jumladan, saylovchilarni roʻyxatga olish, ularni boʻlajak saylovlar toʻgʻrisida xabardor qilish hamda saylov texnologiyalarini joriy etish kabi vazifalarni amalga oshiradi.
Xorijiy kuzatuvchilarni AQSh Saylovga koʻmaklashish komissiyasi aʼzosi Kristi MakKormik va Los Anjeles okrugi kotibi Din Logan kutib oldi. Ular AQSh saylov tizimi, saylov maʼmuriyatining asosiy vazifalari va funktsiyalari bilan tanishtirdi.
Kaliforniya shtati praymerizlarida ovoz berish jarayonlari 5 martga belgilangan. Barcha saylovchilarga saylov byulletenlari oldindan yuborilgan. Byulletenda shtat darajasida va mahalliy darajadagi nomzodlarning uzun roʻyxati hamda ularni tasdiqlash yoki rad etish masalalari, shu jumladan, noyabr oyida boʻlib oʻtadigan saylovlarga partiyalarning prezidentlikka nomzodlari va AQSh Senatiga ochiq praymerizlar uchun ikki nafar eng yaxshi nomzodlarni aniqlashga doir maʼlumotlar aks etgan.
Saylovga oʻn kun qolganda oʻz faoliyatini boshlaydigan ovoz berish markazlari saylovchilarga pochta orqali yuborilgan byulletenlarni qaytarish, muddatidan oldin yoki saylov kuni shaxsan ovoz berish imkoniyatlarini yaratib beradi. Shu maqsadda, okrug hududida 644 ta ovoz berish markazlari tashkil etilgan boʻlib, ulardan 119 tasi saylovga oʻn kun qolganda ochilgan boʻlsa, qolgan 525 tasi 2−5 mart kunlari oʻz faoliyatini boshlaydi.
Saylovchilar toʻldirilgan byulletenlarni pochta orqali yuborishlari yoki ovoz berish markazlaridagi maxsus qutilarda qoldirishlari mumkin.
1 mart kuni Oʻzbekiston MSK delegatsiyasi xorijiy kuzatuvchilar guruhi tarkibida Los-Anjelesdagi jamoat kutubxonasida tashkil etilgan ovoz berish markaziga bordi, u yerda markaz xodimlari va saylovchilar bilan suhbatlashdi hamda maxsus elektron ovoz berish uskunalari yordamida ovoz berish jarayonlarini kuzatdi.
Kuzatuvchilar guruhi VSAP (Voting Solutions for All People – Barcha uchun ovoz berish yechimlari) operatsion markazi faoliyati bilan tanishdi. Operatsion markaz elektron ovoz berish uskunalari va saylovchilarni onlayn roʻyxatga olish moslamalarini saqlash, texnik xizmat koʻrsatish va ularni ovoz berish jarayonlariga tayyorlash, shuningdek, ovoz berish markazlarida ularning ishlashini monitoring qilinishini taʼminlaydi.
Tashrif doirasida AQSh saylovlarida qoʻllaniladigan zamonaviy saylov texnologiyalarini oʻrganishga oid boshqa tadbirlar ham koʻzda tutilgan.
Maʼlumot uchun, 2023 yil 25 aprelda AQShning amaldagi Prezident Jo Bayden qayta saylanish uchun demokratlar partiyasidan oʻz nomzodini qoʻyishini maʼlum qilgan edi. Amerikaning sobiq yetakchisi Donald Tramp esa 2022 yil noyabr oyida respublikachilar partiyasidan saylovoldi poygasiga kirishishini eʼlon qilgan.