Oʻzbekiston Respublikasining “Korruptsiyaga qarshi kurash toʻgʻrisida”gi qonunining mazmun va moxiyati
Mamlakatimizda demokratik qadriyatlar qaror topib borayotgan, globallashuv jarayonlari avj olib borayotgan bir vaqtda korruptsiya atalmish dahshatli illatning bir davlat emas, balki butun bir mintaqa yoki jahon taraqqiyotiga…
Mamlakatimizda demokratik qadriyatlar qaror topib borayotgan, globallashuv jarayonlari avj olib borayotgan bir vaqtda korruptsiya atalmish dahshatli illatning bir davlat emas, balki butun bir mintaqa yoki jahon taraqqiyotiga tahdid solayotganligi xavotirli.
Yuridik atamalar qomusiy lugʻatida korruptsiya tushunchasiga davlat funktsiyalarini bajarish vakolatiga ega boʻlgan (yoki ularga tenglashtirilgan) shaxslarning noqonuniy tarzda moddiy va boshqa boyliklar, imtiyozlarni olishda oʻz maqomi va u bilan bogʻliq imkoniyatlardan foydalanishi, shuningdek bu boylik va imtiyozlarni jismoniy yoki yuridik shaxslar qonunga xilof ravishda egallashiga imkon berishi, deb taʼrif berilgan. BMTning xalqaro miqyosda korruptsiyaga qarshi kurash boʻyicha maʼlumotida esa: “Korruptsiya – bu shaxsiy maqsadlarda naf koʻrish uchun davlat hokimiyatini suisteʼmol qilish”. korruptsiya tushunchasiga berilgan shunga oʻxshash taʼrifga Jahon bankining hozirgi dunyoda davlatning roliga bagʻishlangan hisobotida ham duch kelish mumkin.
Taʼkidlash lozimki, korruptsiya demokratiya va huquq ustuvorligi asoslariga putur yetkazadi, inson huquqlarining qoʻpol ravishda buzilishiga olib keladi, iqtisodiyotni izdan chiqaradi, jamiyat va davlat uchun oʻta xavfli boʻlgan uyushgan jinoyatchilik va terrorizmning keng yoyilishiga sharoit yaratib beradi.
Bugungi kunda jahon hamjamiyati shunga amin boʻlmoqdaki, korruptsiya illati, odam savdosi, terrorizm, giyohvandlik vositalari savdosi, qurol- yarogʻ savdosi kabi xalqaro jinoyatlar bilan bevosita bogʻliq. Umuman olganda, korruptsiya ularni moliyaviy qoʻllab-quvvatlayotgan boʻlsa, boshqa tomondan qaraganda huquqni himoya qilish organlarining faoliyatiga jiddiy putur yetkazadi. Korruptsiyaga qarshi kurashish, uni bartaraf etish koʻp hollarda unga sabab boʻluvchi omillarni, holatlarni va shart-sharoitlarni aniqlashdan va ularni bartaraf etishdan, shuningdek unga qarshi kompleks kurashishdan iborat boʻladi.
Korruptsiyaga yoʻl ochadigan omillar sirasiga hokimiyat organlari tizimining murakkabligi, buyruqbozlik, taomillarning koʻpligi, davlat hokimiyati organlari, apparatining faoliyati ustidan tashqi va ichki nazo-ratning yoʻqligi kabi holatlarni kiritish mumkin. Tashkiliy tushunmov chiliklarni fuqarolarning korruptsion xulq- atvorini ragʻbatlantirishdan farqlash baʼzan juda qiyin kechadi. Taqiqlar, ruxsat berish tartiblari sonining haddan tashqari koʻpligi, davlat hokimiyati organlari faoliyatiga jalb qilingan fuqarolarning manfaatlarini himoya qilish mexanizmining yoʻqligi ham korruptsiyaga yoʻl ochadi.
Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligiga erishgan dastlabki kunlardan boshlab, sobiq totalitar tuzumdan meros boʻlib oʻtgan illat – korruptsiyaga qarshi keskin va murosasiz kurashib kelmoqda. Mamlakatimizda korruptsiyaga qarshi kurashish sohasida mustahkam huquqiy asos yaratilgan. Xususan, 1997 yilda qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasining Milliy xavfsizlik konseptsiyasida korruptsiya mamlakatning milliy xavfsizligiga tahdidlardan biri, deya eʼtirof etildi. “Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish Milliy dasturi”da ham korruptsiyaga qarshi kurashish masalalari belgilangan. Korruptsiya va poraxoʻrlik davlatni ich-ichidan yemirishini jahondagi baʼzi davlatlar misolida koʻrishimiz mumkin. Ayni shu masalada, Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) bu illatlarni eng global muammolardan biri sifatida eʼtirof etib oʻtgan.
Mamlakatimiz 2008 yil 7 iyulda BMTning “Korruptsiyaga qarshi” Konvensiyasiga (Nyu-York, 2003 yil 31 oktabr) qoʻshildi. Davlatimiz 2010 yil mart oyida Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti doirasida qabul qilingan korruptsiyaga qarshi kurashishning Istanbul rejasiga (2003 yil 10 sentabr) qoʻshilgan. Shuningdek, Oliy Majlis tomonidan Jinoiy daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish boʻyicha Yevroosiyo guruhi toʻgʻrisidagi bitimi (Moskva, 2011 yil 16 iyun) 2011 yil 13 dekabrda ratifikattsiya qilingan.
Oʻzbekiston mintaqamizda birinchilardan boʻlib “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonunni qabul qildi.Ushbu tadbirlarning mantiqiy davomi sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2017 yil 3 yanvar kuni imzolangan “Korruptsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi qonun muhim ahamiyat kasb etadi. Hujjatda korruptsiyaga qarshi kurashishning asosiy tamoyillari sifatida qonuniylik; fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari ustuvorligi; ochiqlik, shaffoflik va tizimlilik; davlat va fuqarolik jamiyatining oʻzaro hamkorligi; korruptsiyadan ogohlantirish va javobgarlikning muqarrarligi boʻyicha choralar ustuvorligi keltirib oʻtilgan.
Shu bilan birgalikda korruptsiyaga qarshi kurashish boʻyicha faoliyatni bevosita amalga oshiruvchi davlat organlari belgilangan boʻlib, bu organlarga Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi; OʻzbekistonRespublikasi Milliy xavfsizlik xizmati; Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi; Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi; Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti kabi davlat organlari kiradi.
Bir soʻz bilan aytganda, agarda jamiyatimizda korruptsiyaga joy boʻshatib berilsa, jamiyat va davlatning rivojlanishiga toʻsiq, oyoqqa zanjir bogʻlanganday boʻlib qoladi. Shunga koʻra, ushbu illatga qarshi Prezidentimiz aytganlaridek halollik vaktsinasi bilan emlanishimiz va jamiyatni shu illatga qarshi emlanishida oʻz hissamizni qoʻshmogʻimiz lozimdir deya maʼruzachi oʻz maʼruzasini yakunladi.
Z.Narziyev,
Surxondaryo viloyat sudi jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayati sudyasi
O.Berdiyev,
Fuqarolik ishlari boʻyicha Boysun tuman sudi raisi