Qizamiqqa qarshi vaktsinalarning samaradorligi qanday?
Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti maʼlumotlariga koʻra, oʻtgan yili dunyoda pandemiya sababli qizamiqqa qarshi oʻz vaqtida emlanmaslik oqibatida ushbu kasallikni yuqtirish bilan bogʻliq 9 millionta holat qayd etilgan. Eng yomoni,…
Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti maʼlumotlariga koʻra, oʻtgan yili dunyoda pandemiya sababli qizamiqqa qarshi oʻz vaqtida emlanmaslik oqibatida ushbu kasallikni yuqtirish bilan bogʻliq 9 millionta holat qayd etilgan. Eng yomoni, bemorlarning 128 ming nafari hayotdan koʻz yumgan.
Ushbu raqamlarning oʻziyoq mazkur xastalik salomatlik uchun nechogʻlik xavfli ekanini koʻrsatadi. Qolaversa, qizamiq boʻyicha dunyodagi epidemiologik vaziyat ham murakkab. Shuni eʼtiborga olib, kasallik yurtdoshlarimiz oʻrtasida keng tarqalishining oldini olish maqsadida mamlakatimizda 6 oylikdan 5 yoshgacha boʻlgan bolalarni qizamiq va qizilchaga qarshi milliy emlash kunlari oʻtkazilmoqda.
— Qizamiq yuqish darajasi yuqori boʻlgan va ogʻir kechadigan virusli kasallik boʻlib, dunyoda chaqaloqlar oʻlimining eng koʻp tarqalgan sabablaridan biri, — deydi Respublika sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati masʼul xodimi Dilorom Tursunova.
— Xastalikning yashirin davri 6-18 kunni tashkil etadi. U isitma koʻtarilishi, tananing barcha joyida toshma, shilliq qavatlarning yalligʻlanishi kabi asosiy belgilar bilan namoyon boʻladi. Bolada holsizlik, koʻz qizarib yoshlanishi kuzatilib, injiqlanadi. Shuningdek, ishtahasizlik, tez-tez ich ketishi, katta yoshli bolalarda esa bosh ogʻrigʻi, qusish, burun qonashi, qorin ogʻrigʻi kuzatilishi mumkin.
Qizamiq kasallangan odamning yoʻtalishi, aksa urishi orqali havo tomchi yoʻli bilan yuqadi. U odamlar gavjum joylarda (bolalar bogʻchalari, maktablar, tibbiyot muassasalari) tez tarqaladi. Kasallik virusi havoda va atrof muhitda 2 soatgacha yuquvchanligini saqlab qoladi.
Xastalik 2 yoshgacha boʻlgan, shuningdek, yosh, nimjon bolalar uchun ayniqsa, xavfli. Eng yomoni, jajji bemorlarning har uch nafaridan birida shapkoʻrlik, entsefalit, kuchli deariya (ich ketish), shu bilan bogʻliq tananing suvsizlanishi, otitlar va zotiljam kabi salbiy asoratlar yuzaga keladi.
Afsuski, qizamiq virusining oʻzi keltirib chiqargan yoki ikkilamchi bakteriya tufayli paydo boʻlgan zotiljam kasalligi eng koʻp kuzatiladigan asorat hisoblanib, koʻpincha xastalikning oʻlim bilan tugashiga sabab boʻlishi mumkin. Shu bois mutaxassislar uning oldini olishda eng samarali usul sifatida emlanishni tavsiya etadi.
Qizamiqqa qarshi vaktsinalarning samaradorligi juda yuqori. Kasalikka qarshi 2 martalik emlanish koʻrsatkichi 90-95 foizni tashkil etadi. Vaktsinatsiya jarayonida qizamiq komponentlarini saqlovchi (K) yoki qizamiq va qizilcha komponentlari birlashtirilgan (KK) hamda qizamiq, qizilcha va tepki komponentlari birlashtirgan (KPK) vaktsinalaridan tibbiyotda keng foydalaniladi.
Yurtimizda milliy emlash kalendariga asosan ushbu vaktsina bilan 6 oylikdan 5 yoshgacha boʻlgan bolalar emlanadi. Eng muhimi, Oʻzbekistonda qoʻllanishga tasdiqlangan barcha vaktsinalar samarali va xavfsizdir.
Faqat kamdan-kam hollardagina malham yuborilgan joyda ogʻriq, sezgirlikning oshishi kabi yengil noʼjoʻya taʼsirlar kuzatilishi mumkin. Agar bolada shunday belgilar namoyon boʻlsa, darhol oilaviy shifokorga murojat qilish maqsadga muvofiq.