Qodirovning toʻngʻich oʻgʻli Checheniston sport vaziriga oʻrinbosar boʻldi
Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning toʻngʻich oʻgʻli, oʻn sakkiz yashar Ahmad Qodirov mamlakat Jismoniy tarbiya, sport va yoshlar siyosati vazirining birinchi oʻrinbosari lavozimiga tayinlandi, deb xabar bergan…
Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning toʻngʻich oʻgʻli, oʻn sakkiz yashar Ahmad Qodirov mamlakat Jismoniy tarbiya, sport va yoshlar siyosati vazirining birinchi oʻrinbosari lavozimiga tayinlandi, deb xabar bergan hududiy parlament raisi Magomed Daudov.
“Chin yurakdan tabriklayman… Ishonchim komilki, ushbu masʼuliyatli lavozimga tayinlov vazirlikning sportni rivojlantirish, yoshlar siyosatini amalga oshirish oʻsib kelayotgan avlodni maʼnaviy-axloqiy va vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasidagi faoliyati sifat va daraja jihatidan yuksalishiga xizmat qiladi”, – deb yozgan Daudov Telegram-kanalida.
Deputat Ahmad Qodirovning oʻzim ham sportchi ekanini qoʻshimcha qilgan.
“U aralash jang sanʼati va boks boʻyicha bir qancha turnirlarda gʻolib chiqqan. Hurmatli jiyanim yoshlar bilan bogʻliq masalalarga juda eʼtibor bilan yondashadi. U oʻziga yuklatilgan vazifalarni yuqori darajada uddalay olishiga ishonchim komil. Buning uchun unda yetarli bilim, tajriba va intilish bor”, – deya taʼkidlagan Magomed Daudov.
Maʼlum boʻlishicha, ilgari Ahmad Qodirov «Birinchilar harakati” Butunrossiya yoshlar harakatining Chechenistondagi boʻlimiga rahbarlik qilgan. Checheniston parlamenti spikerining soʻzlariga koʻra, u bu lavozimda “yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlagan”.
Avvalroq Ahmad Qodirovning 15 yashar ukasi Adam Qodirov Checheniston rahbarining xavfsizlik boshqarmasi boshligʻi lavozimiga tayinlangandi.
Ramzan Qodirov oʻzining yaqin qarindoshi, Grozniy merining otasi Shahmomed Qodirovni respublikaning oliy mukofoti bilan taqdirlagandi.
Mamlakat yetakchisi 7-noyabr kuni boʻlib oʻtgan chechen tilini bilish boʻyicha tanlovning final bosqichida bolalari chechen tilini bilmaydigan amaldorlarni ishdan boʻshatish bilan tahdid qilgandi.