Payshanba, 12-noyabr, 2026 Toshkent +2° USD 11 974,02 EUR 13 432,46 RUB 144,58

Qonunchilikda kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar

Yarashganlik munosabati bilan jazodan ozod qilish amaliyoti 2001 yilda jinoyat kodeksiga 661-modda sifatida kiritilgan edi. Bu institut amaliyotda oʻzini oqladi va bugungi kunda ham samarali foydalanib kelinmoqda. Yarashganlik…

Qonunchilikda kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar

Yarashganlik munosabati bilan jazodan ozod qilish amaliyoti 
2001 yilda jinoyat kodeksiga 661-modda sifatida kiritilgan edi.
Bu institut amaliyotda oʻzini oqladi va bugungi kunda ham samarali foydalanib kelinmoqda. Yarashganlik instituti joriy qilinishi tufayli juda koʻp fuqarolar jinoiy javobgarlikdan ozod qilindi va hozirda ham ozod qilinmoqda.
Shu bilan birga bilib-bilmay jinoyat sodir qilgan fuqarolar qonunchilikdagi bu imkoniyatdan oqilona foydalanib, qilmishidan pushaymon boʻlib, oʻzaro yarashib, toʻgʻri xulosa chiqarmoqda.
Bu borada sud statistikasi maʼlumotlari hamda yarashuv toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha sud amaliyotini oʻrganish natijalari shuni koʻrsatadiki, jinoyat qonunchiligiga ushbu institutning kiritilishi jinoiy huquqiy munosabatlarni erkinlashtirishda samarali vosita boʻldi. Ushbu institut jabrlanuvchining huquqlarini ishonchli himoya qilish, respublikada sudlanganlik holatini kamaytirish, jinoiy javobgarlikdan ozod qilishning kengroq qoʻllanilishiga imkon yaratdi.
Yarashuv instituti jinoiy javobgarlikdan ozod qilish turi sifatida shaxsning aybdorligi masalasini hal etmay turib jinoyat ishlarini tugatish uchun asos boʻladi. Sinovdan ijobiy oʻtgan mazkur amaliyot endilikda maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi ishlarga qoʻllanilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati joriy yilning
30 sentyabr kunida oʻtkazgan yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartishlar kiritish haqida”gi qonun maʼqullandi.
Unga koʻra, “Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritish haqida”gi OʻRQ-720-sonli qonun 2021 yil 4 oktyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolandi. Mazkur qonunga asosan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeks 212-modda bilan toʻldirildi.
Mazkur modda yarashilganligi munosabati bilan maʼmuriy javobgarlikdan ozod qilish deb nomlanib, maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksidagi jami 12 ta modda yarashuv institutiga tushishi koʻrsatilgan.
Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 40-moddasida (tuhmat), 41-moddasida (haqorat qilish), 45-moddasida (fuqarolarning turar joyi daxlsizligini buzish), 46-moddasida (fuqaroga maʼnaviy yoki moddiy zarar yetkazishi mumkin boʻlgan maʼlumotlarni oshkor etish), 461-moddasida (shaxsiy hayot daxlsizligini buzish), 52-moddasida (engil tan jarohati yetkazish),
612- moddasida (mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish) va shunga oʻxshash maʼmuriy huquqbuzarliklarni sodir etgan shaxs, agar u oʻz aybiga iqror boʻlsa, jabrlanuvchi bilan yarashsa va yetkazilgan zararni bartaraf etsa, maʼmuriy javobgarlikdan ozod etilishi qayd etilgan.
Ilgari taraflar yarashgan, oʻzaro kelishgan, zararlar qoplanib, oʻrtada adovat qolmagan holatlarda ham sud maʼmuriy jazoga tortishga majbur edi.
Endilikda Oʻzbekiston Respublikasining 2021 yil 4 oktyabr kunidagi OʻRQ-720-sonli Qonuni bilan “Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar”ga koʻra, yuqoridagi koʻrsatilgan moddalar boʻyicha huquqbuzar oʻz aybiga iqror boʻlib, jabrlanuvchi bilan yarashib, yetkazilgan zararni bartaraf etsa, maʼmuriy javobgarlikdan ozod etiladi.
Amaliyotda qoʻllanilayotgan bu kabi oʻzgarishlar sudyalar oldiga ham ulkan vazifalarni oshirish, mahorat sirlarini tinmay oʻqib, oʻzlashtirish talabini qoʻymoqda. Inson taqdiriga masʼul boʻlgan kasbu-kor egalariga doimo shunday talab qoʻyilgan.

Ablqosim Ruziqulov
Surxondaryo viloyat sudi raisi.

Asqar Qudratov
Surxondaryo viloyat sudi jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boʻlimi bosh konsultanti

Mavzuga oid