Saudiya shahzodasi arablarning Isroilga qarshi urushga qoʻshilishi haqida gapirdi
Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vaziri, shahzoda Faysal bin Farxon al-Saud arab davlatlarining gʻazoliklarga yordam berish uchun Isroilga qarshi harbiy aralashuvini istamasligini aytib oʻtdi. Bu haqda u “PBS NewsHou” telekanaliga…
Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vaziri, shahzoda Faysal bin Farxon al-Saud arab davlatlarining gʻazoliklarga yordam berish uchun Isroilga qarshi harbiy aralashuvini istamasligini aytib oʻtdi. Bu haqda u “PBS NewsHou” telekanaliga bergan intervyusida soʻz ochdi.
U arab davlatlari Gʻazo mojarosiga harbiy aralashuvni Isroilning harbiy amaliyotlarini toʻxtatish chorasi sifatida koʻrmaydi, deb hisoblaydi.
“Biz tahdid, zoʻravonliklarga qarshi yana zoʻravonlik bilan javob berishni istamaymiz. Vahshiylik yechim emas”, degan u.
Shahzoda vaziyatni tinch yoʻl bilan hal qilishga chaqirgan.
“Biz ushbu mojarodan chiqish yoʻlini topishimiz kerak. Birinchi navbatda Gʻazodagi ogʻir gumanitar vaziyatni hal qilishga imkon beradigan sulh tuzilishi kerak, deb oʻylaymiz”, degan shahzoda.
U AQShning BMT Xavfsizlik Kengashining Gʻazoda zudlik bilan oʻt ochishni toʻxtatishga chaqiruvchi rezolyutsiyasiga veto qoʻyish qarori haqida izoh bildirar ekan: “Gʻazodagi voqealar har qanday tarzda ham asossiz qirgʻindir”, degan va Isroilning oʻzini himoya qilish haqidagi bahonasi oʻzini oqlamasligiga ishora qilgan.
Shuningdek, shahzoda Gʻazoda bolalarning qurbon boʻlayotganidan qaygʻuda ekanligini ham bildirib, harbiy kampaniyaning davom etishi barcha ishtirokchilar, shu jumladan Tel-Aviv manfaatlariga ham zarar keltirishini aytgan.
Avvalroq, HAMASga qarshi shiddatli urushda arab davlatlari Isroilni yashirincha boʻlsa ham qoʻllab-quvvatlayotgani haqidagi xabar bergan edik.