Shavkat Mirziyoyevning BMTning 75-sessiyasida soʻzlagan nutqi dunyo siyosiy maydonida Oʻzbekistonni tarannum etishga xizmat qildi
Bilamizki, Oʻzbekiston 1992 yilning 2 martidan BMTning teng huquqli aʼzosi sanaladi. Birlashgan Millatlar tashkiloti esa sodda qilib aytganda, tom maʼnodagi dunyo parlamentidir. Shundan buyon davlatimiz ushbu nufuzli…
Bilamizki, Oʻzbekiston 1992 yilning 2 martidan BMTning teng huquqli aʼzosi sanaladi.
Birlashgan Millatlar tashkiloti esa sodda qilib aytganda, tom maʼnodagi dunyo parlamentidir.
Shundan buyon davlatimiz ushbu nufuzli tashkilotning asosiy maslahat organi – Bosh Assambleyasida mintaqada va dunyodagi dolzarb masalalar yuzasidan oʻz nuqtai nazari, takliflarini bildirib kelmoqda.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning bundan uch yil avval, aniqrogʻi, 2017 yilda Nyu Yorkda BMT minbaridan turib, Bosh Assambleyaning 72-sessiyasida soʻzlagan tarixiy nutqi dunyo hamjamiyatining diqqat eʼtiborini Oʻzbekistonga qaratgani ayni haqiqatdir. Oʻsha nutq dunyo mamlakatlari rahbarlari, siyosatchilari, ekspertlari tomonidan eʼtirof etilib, nufuzli ommaviy axborot vositalarining muhokama markazida boʻlgan edi.
Prezidentimizning Birlashgan Millatlar tashkiloti 75-sessiyasida soʻzlagan nutqi ham unutilmas buyuk tarixiy hodisa boʻldi. Avvalo, ushbu nutqning ilk bor ona tilimiz – oʻzbek tilida yangragani alohida tahsinga sazovor voqelikdir. Bu oʻzbek xalqining milliy gʻurur va iftixor tuygʻusini yanada yuksaltirdi. Hatto mazkur tarixiy jarayonni koʻplab yurtdoshlarimiz koʻzda yosh bilan kuzatib, faxr hissini tuydi.
Agar mustaqillik yillari tarixiga nazar tashlasak, nafaqat BMT yigʻilish va sessiyalarida, balki boshqa nufuzli tashkilotlar minbarlaridan ham oʻzbek tilida maʼruzalar qilinmagani ayon boʻladi. Mazkur sessiyadan avvalroq yurtboshimizning oʻzbek tilida nutq soʻzlashi OAVlarda xabar qilinganida bu yangilik faqat Oʻzbekistonda emas, balki mintaqamiz va turkiy tilli davlatlar tomonidan qizgʻin olqishlar bilan kutib olindi. Xususan, Turkiyaning nufuzli mustaqil nashrlaridan biri “Jumhuriyat” gazetasi Prezidentimizning BMT Bosh Assambleyasida oʻzbek tilida nutq soʻzlashi kutilayotgani munosabati bilan alohida maqola chop etgani ham bunga yaqqol dalildir.
Davlatimiz rahbarining BMT Bosh Assambleyasida oʻzbek tilida nutq soʻzlagani bu – mamlakatimiz yetakchisining oʻz ona tili bilan faxrlanish tuygʻusini, Oʻzbekiston va oʻzbek tilining mustaqil davlat ekanini sayyoramizga keng namoyon etdi. Bu Oʻzbekistonning dunyo hamjamiyatida oʻz oʻrni va oʻz ovozi borligini amalda isbotladi. Ikkinchidan, tarixiy ahamiyatga ega boʻlgan ushbu nutqda sayyoramiz ahlini oʻylantirayotgan qator dolzarb masalalar oʻrtaga tashlangani siyosatchilar, ekspertlar hamda keng jamaotchilikda katta qiziqish uygʻotdi.
Prezidentimiz mazkur nutqida bugungi murakkab pandemik vaziyatda dunyo hamjamiyati diqqat eʼtiborini muhim va dolzarb muammolarga qaratib, ularning yechimi borasida aniq takliflarni bildirdi. Mana ikki kundan buyon mazkur maʼruzada koʻtarilgan masalalarni OAVlarda siyosatchilar, deputatlar, ekspertlar, keng jamoatchilik vakillari sharhlamoqda. Koʻtarilgan masala va takliflar har birining mazmun- mohiyati haqida fikrlar bildirilyapti. Albatta, bu nutqning ahamiyati, mazmun-mohiyati oliy oʻquv yurtlarida ham professor-oʻqituvchilar tomonidan talaba- yoshlarga yetkazilmoqda.
Davlatimiz rahbari nutqida meni hisobimcha 11 ta aniq taklif ilgari surildi. Ularning har biri haqida alohida toʻxtalish mumkin. Biroq biz shu oʻrinda nutqdagi ikkita masalaga toʻxtalishni lozim, deb bildik.
Birinchisi, Prezidentimizning BMT huzurida afgʻon xalqining dardu tashvishini tinglaydigan, doimiy faoliyat koʻrsatadigan qoʻmita tashkil etishi haqidagi taklifidir. Maʼlumki, Yurtboshimiz mintaqaviy hamda xalqaro xavfsizlikni taʼminlashda Afgʻonistonda tinchlik va barqarorlik oʻrnatishning strategik ahamiyatini nazarda tutgan holda, nufuzli minbarlardan turib, jahon afkor ommasining eʼtiborini bu muammoga qaratib kelmoqda.
Xususan, 2017 yilning sentyabr oyida BMT Bosh assambleyasining 72-sessiyasida soʻzlagan nutqida va boshqa koʻp yigʻilishlardagi chiqishlarida Afgʻoniston muammosini tinch yoʻl bilan – siyosiy muzokaralar orqali hal qilish zarurligini taʼkidlagan edi.
Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatish boʻyicha 2018 yil 26-27 mart kunlari Toshkent shahrida oʻtkazilgan xalqaro konferentsiya barcha tinchliksevar davlatlar va jahon hamjamiyati tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi. Shuningdek, shu yili Termiz tumanida afgʻonistonliklar uchun dunyoda muqobili yoʻq taʼlim dargohi – Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta taʼlim vazirligi qoshidagi Afgʻoniston fuqarolarini oʻqitish taʼlim markazi tashkil etildi.
Yon qoʻshni davlat fuqarolarining mamlakatimizga kirishida qulayliklar yaratilib, Termiz shahrida Afgʻonistonning konsullik idorasi faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Bularning barchasi Afgʻoniston muammosini tinch yoʻl bilan hal etishga yoʻnaltirilgan ezgu gʻoyaning amaldagi ifodasidir.
Keyingi yillarda Oʻzbekiston va Afgʻoniston davlatlari oʻrtasida yanada mustahkamlangan yaqin qoʻshnichilik aloqalari Surxondaryo viloyatida yetakchi oliy taʼlim muassasalaridan biri boʻlgan Termiz davlat universitetini afgʻonistonlik yoshlarning tahsil olishi uchun asosiy taʼlim dargohlardan biriga aylantirmoqda. Ilmga chanqoq afgʻon yoshlarining yildan-yilga universitetimizga oʻqish uchun qiziqish va intilishlari ortib borayotir.
Ayni paytda bir guruh afgʻonistonlik talabalar turli yoʻnalishlarda magistratura bosqichida tahsil olib, oʻz sohalari boʻyicha qoʻshni mamlakatda mehnat qilmoqda. Masalan, 2019-2020 oʻquv yilida Termiz davlat universitetida magistratura bosqichida jami 35 nafar afgʻon yigit-qizlari taʼlim olgan boʻlsa, 2020-2021-oʻquv yilida magistratura bosqichida oʻqish uchun 206 nafar Afgʻoniston fuqarolari hujjat topshirdi.
Afgʻonistonda qurilish, muhandislik, iqtisodiyot, oʻzbek tili va adabiyoti fani kabi sohalarga yuqori malakali kadrlarni tayyorlab berishda universitet yaqindan hamkorlik qilmoqda. Shuningdek, Afgʻoniston fuqarolarini oʻqitish taʼlim markazida ham oliy, oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi va kadrlarni qayta tayyorlash dasturlari boʻyicha Termiz davlat universiteti professor-oʻqituvchilari oʻquv mashgʻulotlarini olib borayotir.
Eng muhimi Afgʻoniston fuqarolarini oʻqitish taʼlim markazida bakalavr yoʻnalishida oʻqigan koʻpchilik afgʻon yoshlari magistratura bosqichini Termiz davlat universitetida davom ettirmoqda. Albatta, bu amaliy ishlarning ortida yurtboshimizning jafokash afgʻon xalqiga eʼtibori, mintaqada tinchlik va barqarorlikni taʼminlashdagi saʼy-harakati turibdi.
Prezidentimiz nutqida yurtimizda majburiy mehnatga barham berilgani taʼkidlab oʻtildi. Maʼlumki, yaqin yillargacha birgina taʼlim sohasini majburiy mehnatsiz tasavvur qilib boʻlmas edi. Paxta yigʻim-terimiga jalb etishdan tortib, koʻcha supurish-u, qurilishgacha professsor-oʻqituvchilar va talabalar ishtirok etib kelgani hali ham koʻz oʻngimizdan ketmaydi.
Ayni shu kunlar, yaʼni kuz faslini biz talabalar bilan paxta dalasida oʻtkazar edik. Buning natijasida taʼlim tizimida oʻsish, rivojlanish boʻlmadi. Birgina Termiz davlat universiteti misolida oladigan boʻlsak, 2017 yilgacha yaʼni, yaqin 7-8-yil ichida hech qanday dissertatsiya himoyasi boʻlmagan. 2017 yildan to hozirga qadar 50 dan ortiq oʻqituvchimiz oʻz ilmiy ishini himoya qildi.
100 dan ortiq monografiya chop etildi. Bunday ulugʻvor yangilanishlar Prezidentimizning siyosiy irodasi natijasida majburiy mehnatga barham berilgani, taʼlimga katta eʼtibor qaratayotganining yorqin namunasidir.
Xulosa qilib aytganda, Prezidentimizning joriy yil 23 sentyabrdagi BMTning 75-sessiyasida soʻzlagan tarixiy nutqi dunyo siyosiy maydonida Oʻzbekistonning tutgan oʻrnini yanada keng tarannum etishga xizmat qilgani bilan ahamiyatli boʻldi.
Abduqodir TOShQULOV,
Termiz davlat universiteti rektori,
Oʻzbekiston Oliy Majlisi Senati aʼzosi.