Payshanba, 12-noyabr, 2026 Toshkent +2° USD 11 974,02 EUR 13 432,46 RUB 144,58

“Sud va yoshlar uchrashuvi”

Surxondaryo viloyat sudi raisi A.Ruziqulov Termiz Davlat universitetining Yuridik fakulteti talabalari bilan uchrashuv oʻtkazdi. Uchrashuvda viloyat sudi raisi A.Ruziqulov Oʻzbekiston Respublikasi “Korruptsiyaga qarshi kurashish…

“Sud va yoshlar uchrashuvi”

Surxondaryo viloyat sudi raisi A.Ruziqulov Termiz Davlat universitetining Yuridik fakulteti talabalari bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Uchrashuvda viloyat sudi raisi A.Ruziqulov Oʻzbekiston Respublikasi “Korruptsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi qonuni mazmun-mohiyati yuzasidan maʼruza qildi.
Mustaqillikning dastlabki yillaridan boshlab mamlakatimizda ijtimoiy hayotning barcha sohalarida qonuniylikni taʼminlash, korruptsiyaga qarshi kurashish va jamiyat rivojiga har tomonlama salbiy taʼsir koʻrsatuvchi illat boʻlgan korruptsiyaning har qanday koʻrinishlariga nisbatan murosasiz qarshi kurashish borasida bir qator chora-tadbirlar belgilanib, normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinganligini aytib oʻtdi.
Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasining “Korruptsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi 2017 yil 3 yanvardagi qonuni mazkur sohadagi faoliyatni bevosita tartibga soluvchi normativ hujjat hisoblanadi. Qonun 34 moddadan iborat boʻlib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi tomonidan 2016 yil 24 noyabrda qabul qilingan va Senat tomonidan 2016 yil 13 dekabrda maʼqullangan.
Ushbu Qonunning maqsadi korruptsiyaga qarshi kurashish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat boʻlib, qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
korruptsiya — shaxsning oʻz mansab yoki xizmat mavqeidan shaxsiy manfaatlarini yoxud oʻzga shaxslarning manfaatlarini koʻzlab moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi, xuddi shuningdek bunday nafni qonunga xilof ravishda taqdim etish;
korruptsiyaga oid huquqbuzarlik — korruptsiya alomatlariga ega boʻlgan, sodir etilganligi uchun qonun hujjatlarida javobgarlik nazarda tutilgan qilmish;
manfaatlar toʻqnashuvi — shaxsiy (bevosita yoki bilvosita) manfaatdorlik shaxsning mansab yoki xizmat majburiyatlarini lozim darajada bajarishiga taʼsir koʻrsatayotgan yoxud taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan hamda shaxsiy manfaatdorlik bilan fuqarolarning, tashkilotlarning, jamiyatning yoki davlatning huquqlari va qonuniy manfaatlari oʻrtasida qarama-qarshilik yuzaga kelayotgan yoki yuzaga kelishi mumkin boʻlgan vaziyat.
Korruptsiyaga qarshi kurashishning asosiy printsiplari qonuniylik, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining ustuvorligi, ochiqlik va shaffoflik, tizimlilik, davlat va fuqarolik jamiyatining hamkorligi; korruptsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlar ustuvorligi, javobgarlikning muqarrarligidan iborat.
Korruptsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:

  • aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korruptsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish;
  • davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida korruptsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirish;
  • korruptsiyaga oid huquqbuzarliklarni oʻz vaqtida aniqlash, ularga chek qoʻyish, ularning oqibatlarini, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish, korruptsiyaga oid huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun javobgarlikning muqarrarligi printsipini taʼminlash.
    Qonunga koʻra, korruptsiyaga qarshi kurashish boʻyicha faoliyatni bevosita amalga oshiruvchi davlat organlari quyidagilardan iborat:
    Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi; Oʻzbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati; Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi; Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi; Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, shuningdek korruptsiyaga qarshi kurashish boʻyicha faoliyatni qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiruvchi boshqa davlat organlari.
    Korruptsiyaga qarshi kurashish boʻyicha faoliyatni amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi organlar hamda tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtirish uchun Korruptsiyaga qarshi kurashish boʻyicha respublika idoralararo komissiyasi tashkil etiladi. Idoralararo komissiyani shakllantirish va uning faoliyati tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanadi.
    Idoralararo komissiyaning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
  • korruptsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat dasturlarining va boshqa dasturlarning ishlab chiqilishi hamda amalga oshirilishini tashkil etish;
  • korruptsiyaga qarshi kurashish boʻyicha faoliyatni amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi organlar hamda tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtirish va hamkorligini taʼminlash;
  • aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga, jamiyatda korruptsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga doir chora-tadbirlarning ishlab chiqilishi hamda amalga oshirilishini tashkil etish;
  • korruptsiyaga oid huquqbuzarliklarning oldini olishga, ularni aniqlashga, ularga chek qoʻyishga, ularning oqibatlarini, shuningdek ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etishga doir chora-tadbirlar samaradorligi oshirilishini taʼminlash;
  • korruptsiyaning holati va tendentsiyalari toʻgʻrisidagi axborotni yigʻish hamda tahlil etish;
  • korruptsiyaga qarshi kurashish boʻyicha chora-tadbirlar amalga oshirilishi yuzasidan monitoringni amalga oshirish, ushbu sohadagi mavjud tashkiliy-amaliy va huquqiy mexanizmlarning samaradorligini baholash;
  • korruptsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish va ushbu sohadagi ishlarni yaxshilash yuzasidan takliflar tayyorlash;
  • hududiy idoralararo komissiyalar faoliyatini muvofiqlashtirish.
    Shuningdek, qonunda davlat boshqaruvi sohasida korruptsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlar belgilab berilgan boʻlib, qonunning
    19-moddasiga koʻra davlat boshqaruvi sohasida korruptsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlar quyidagilardan iborat:
  • davlat organlari faoliyatining ochiqligini va ularning hisobdorligini taʼminlash, davlat boshqaruvi tizimining samaradorligini oshirish, davlat organlarining, ular mansabdor shaxslarining va boshqa xodimlarining oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishi yuzasidan masʼuliyatini kuchaytirish;
  • korruptsiyaga qarshi kurashish sohasida davlat organlarining faoliyati ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini amalga oshirish;
  • davlat organlarining va ular xodimlarining faoliyatida korruptsiyaga oid huquqbuzarliklarga yoʻl qoʻymaslik;
  • davlat organlarining mansabdor shaxslari va boshqa xodimlari tomonidan oʻz mansab yoki xizmat majburiyatlarining bajarilishi samaradorligi mezonlarini, standartlarini va uning sifatini baholash tizimlarini joriy etish;
  • davlat organlari xodimlarining kasbiy hamda xizmatdan tashqari faoliyatdagi odob-axloqining yagona printsiplari va qoidalarini belgilovchi odob-axloq qoidalarini samarali amalga oshirish;
  • davlat organlari xodimlari manfaatlarining toʻqnashuvini hal qilishning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish, ularga rioya etilishi yuzasidan monitoring oʻtkazilishini taʼminlash;
  • davlat organlari xodimlarining huquqiy maqomini belgilash, xizmatni oʻtashning shaffof tartibini oʻrnatish, shaxsiy va kasbiy sifatlar, ochiqlik, begʻarazlik, adolatlilik va xolislik printsiplari asosida tanlov boʻyicha saralash hamda xizmatda koʻtarilish tizimini joriy etish;
  • davlat organlari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etilishi, murojaatlarning toʻliq, xolisona va oʻz vaqtida koʻrib chiqilishi, ular tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning buzilgan huquqlari, erkinliklarini tiklash hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha oʻz vakolatlari doirasida choralar koʻrilishi ustidan nazoratni taʼminlash;
  • davlat organlari faoliyatida korruptsiyaning oldini olishga doir tadbirlarning amalga oshirilishi yuzasidan ushbu organlar tomonidan koʻrilayotgan chora-tadbirlar samaradorligini baholagan holda muntazam ravishda monitoring oʻtkazish;
  • normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining korruptsiyaga qarshi ekspertizasini tashkil etish;
  • davlat organlarining mansabdor shaxslari va boshqa xodimlarining samarali ijtimoiy himoya qilinishini, moddiy taʼminot olishini va ragʻbatlantirilishini taʼminlash.
    Bundan tashqari, A.Ruziqulov maʼruzasida korruptsiyaga oid huquqbuzarliklar sodir etganlik qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka sabab boʻlishi, korruptsiyaga oid huquqbuzarlik sodir etgan shaxslar sudning qaroriga koʻra muayyan huquqlardan, shu jumladan muayyan lavozimlarni egallash huquqidan qonunga muvofiq mahrum etilishi mumkinligini haqida tushuntirishlar berib oʻtdi.
    Uchrashuvda viloyat sudi raisi bilan talabalar oʻrtasida erkin savol-javoblar tarzida davom ettirildi.

Asqar Qudratov
Surxondaryo viloyat sudi jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boʻlimi bosh konsultanti

Mavzuga oid