Surxondaryo viloyati hokimi Toʻra Bobolovning Oʻqituvchi va murabbiylarga bayram tabrigi
Qadrli ustozlar, Aziz oʻqituvchi va murabbiylar, Avvalo, barchangizni xalqimizning umumxalq bayrami – Oʻqituvchi va murabbiylar kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman! 1 oktyabr sanasi yaqinlashgan sari har birimiz…
Qadrli ustozlar,
Aziz oʻqituvchi va murabbiylar,
Avvalo, barchangizni xalqimizning umumxalq bayrami – Oʻqituvchi va murabbiylar kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman!
1 oktyabr sanasi yaqinlashgan sari har birimiz bolaligimizni, eng avvalo, birinchi oʻqituvchimiz va qadrdon maktabimizni koʻz oldimizga keltiramiz.
Ilk bor qoʻlimizdan tutib, ota-ona, Vatan, ustoz degan muqaddas soʻzlarni oʻrgatgan, saboq bergan Siz – mehridaryo ustozlarimiz oldida bir umr qarzdor ekanimiz ham ayni haqiqatdir.
Chunki, murgʻak qalblarga ilm-maʼrifat ulashadigan, har bir bolani oʻzining farzandidek koʻrib, ardoqlab, taʼlim-tarbiya beradigan Siz, aziz oʻqituvchi va murabbiylar mehnati chindan ham fidoyilik namunasidir.
Bu yilgi oʻqituvchi va murabbiylar kuni tantanalari hali Mustaqilligimizning 30 yillik shodiyonalari qalbimizni quvonchga toʻldirib turgan ulugʻ ayyom kunlarida, muhim siyosiy jarayon ostonasida, qolaversa, mamlakatimizning xalqaro miqyosda nufuzi yuksalib borayotgan bir davrda boʻlib oʻtayotgani har birimizga iftixor baxsh etmoqda.
Aziz ustozlar!
Yurtimiz taʼlim sohasi ham davlatimiz taraqqiyotiga hamohang ravishda yuksalib, yangilanib borayotgani farzandlarimiz kelajagi uchun mustahkam poydevor boʻlayotir.
Xalqimizda “Maktab taqdiri – millat taqdiri” degan purmaʼno gap bor. Shu nuqtai nazardan Prezidentimiz va Hukumatimiz xalq taʼlimini rivojlantirishga katta eʼtibor qaratib kelmoqda. Bu nafaqat soha xodimlari, balki koʻp ming sonli oʻquvchilarimiz va ularning ota-onalarini behad quvontirmoqda.
Barchamiz oʻz faoliyatimizda hurmatli Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning “Maktab masalasi – bu kelajak masalasi, taʼbir joiz boʻlsa, hayot-mamot masalasi” degan iboralarining maʼnosini chuqur anglab, ishimizni shu asosda tashkil etsak, men oʻylaymanki, taʼlim sohasida koʻzlangan maqsadga, albatta, erishamiz.
Keyingi 5 yilda yurtimiz taʼlim tizimida amalga oshirilgan islohot va yangilanishlarni koʻz oldimizdan oʻtkazadigan boʻlsak, yosh avlod kelajagi yoʻlida asrlarga tatigulik ishlar boʻy koʻrsatadi.
Misol uchun, ota-onalar va jamoatchilikning istaklari inobatga olinib, umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining oʻn bir yillik majburiy taʼlimga oʻtkazilishi, oʻqituvchilarimizning turli majburiy mehnatlarga jalb etilmasligi, ularning oylik maoshlari bir necha baravarga oshgani ham sohaga koʻrsatilayotgan gʻamxoʻrlikning amaliy namunasidir.
Bu boradagi ishlar tahliliga eʼtibor qaratsak, bugun nafaqat maktab, balki maktabgacha, oʻrta maxsus va oliy taʼlimda ham katta oʻzgarishlar yuz berganining guvohi boʻlamiz.
Viloyatda keyingi 4 yilda maktabgacha taʼlim muassasalari soni 294 tadan
1 648 taga, yaʼni salkam 6 barobarga ortdi. Oʻz navbatida, qamrov ham 29 ming
254 nafardan 113 ming 878 nafarga oshdi. Yaʼni qamrov 13,6%dan 46,6 %ga koʻtarilib, 33%ga oshgan.
Bugungi kunda viloyatimizda 57 ta professional taʼlim muassasasi mavjud boʻlib, unda 14 ming 528 nafar oʻquvchi 107 ta kasb va mutaxassisliklar boʻyicha taʼlim olishmoqda.
Oliy taʼlim sohasida ham misli koʻrilmagan oʻzgarishlar yuz berdi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Maʼlumki, viloyatimizda bundan 4 yil oldin bor-yoʻgʻi 1 ta oliy taʼlim muassasasi boʻlib, unda 6500 nafar talaba oʻqir edi. Hozirga kelib oliy taʼlim muassasalarimiz soni 6 taga, undagi talabalar soni esa 37 ming nafarga yetgani sir emas.
Bundan tashqari, Hurmatli Prezidentimizning joriy yil 1-2 iyun kunlari viloyatimizga tashrifi chogʻida bergan topshiriqlariga asosan Agrotexnologiyalar va innovatsion rivojlanish institutini hamda Termiz muhandislik-texnologiya institutini tashkil etish yuzasidan ishlar olib borilayapti.
Qadrli murabbiylar va ustozlar!
Aziz vohadoshlar!
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning alohida eʼtibori tufayli farzandlar taʼlim-tarbiyaci uchun xalqaro andozalarga mos sharoit yaratilayapti, oʻqituvchi va murabbiylarimizning ijtimoiy ahvoli tobora yaxshilanib bormoqda, desak bu ham ayni haqiqat.
Viloyatda oʻquvchilarni 5 ta muhim tashabbusga toʻliq jalb etish uchun barcha zarur sharoitlar yaratilmoqda.
Mana shu islohotlarning samarasi sifatida bu yil umumtaʼlim maktablarimizda aʼlo baholarga oʻqigan 515 nafar bitiruvchi oltin va
161 nafar oʻquvchi kumush medal olishga muvaffaq boʻlgani, Respublika fan olimpiadasida esa 3 nafar oʻquvchimiz gʻolib boʻlgani, 100 dan oshiq 11-sinf oʻquvchimiz xorijning eng nufuzli oliy taʼlim muassasalariga imtiyozli ravishda muddatidan oldin oʻqishga kirgani barchamizni quvontirgani shubhasiz.
Qolaversa, joriy yilda mamlakatimizdagi oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirgan bitiruvchilarimiz salmogʻi oʻtgan yilgi 6,8 foizga nisbatan 2,5 baravarga koʻpayib, 19 foizga yetgani ham Siz, aziz fidoyi ustozlarimiz mehnatining samarasi, desam mubolagʻa boʻlmaydi.
Bugun oʻquvchilarimiz Respublika va Xalqaro sport musobaqalarida ham yaxshi natijalarga erishib, oltin, bronza va kumush medallarga sazovar boʻlayotganini eʼtirof etish joiz.
Jumladan, Osiyo birinchiligida 5 oʻquvchimiz oltin va bronza, Oʻzbekiston kubogi musobaqasida 71 nafari oltin, kumush va bronza, Oʻzbekiston chempionatida 389 nafari oltin, kumush va bronza medallari sohibi boʻldi.
Yoshlarimizning bunday yuksak natijalarida Siz, azizlarning xizmatingiz beqiyosdir. Ana shunday fidoyi muallimlarimizdan Uzun tumanidagi 3-sonli maktab-internatning biologiya fani oʻqituvchisi Muzaffar Rajabov “Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi mukofoti laureati” respublika koʻrik-tanlovida 3-oʻrinni qoʻlga kiritdi.
Rossiya Federatsiyasida tashkil etilgan Xalqaro ilmiy-amaliy onlayn festivalda Shoʻrchi tumanidagi 21-sonli maktabning rus tili fani oʻqituvchisi Albina Saloxiddinova “Eng yaxshi dars ishlanmasi” nominatsiyasi gʻolibi boʻldi. “Oʻzbek tili va adabiyotini oʻqitishning zamonaviy metodikasi: integratsiya, metodologiya, amaliyot” mavzusidagi Xalqaro konferentsiyada Termiz shahridagi 23-sonli maktab oʻqituvchisi Dilbar Nurmuhamedova ona tili fani yoʻnalishi boʻyicha eng yaxshi maqola muallifi sifatida eʼtirof etildi.
Bundan keyin ham fidoyi ustozlarimiz va iqtidorli oʻquvchilarimizning turli tanlov va musobaqalarda oʻz mahoratini munosib namoyish etishiga ishonamiz.
2021-2022 oʻquv yilidan viloyatimizda 15 ta chet tili, 5 ta matematika, 3 ta kimyo va biologiya, 6 ta informatika va axborot texnologiyalari fanlariga ixtisoslashgan maktablar faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Natijada viloyatimizdagi fanlarni chuqur oʻrganishga ixtisoslashgan maktab va maktab-internatlar soni 50 taga yetdi.
Bugungi kunda 901 ta (97 foiz) umumtaʼlim maktabimiz toʻliq zamonaviy kompyuter bilan, 931 ta (100 %) maktab optik tolali aloqa liniyalari bilan taʼminlandi.
Bu yil viloyatimizda Investitsiya dasturiga binoan 3 ta yangi maktab binosi qurildi, 29 ta maktab kapital rekonstruktsiya qilindi, 2 ta maktab kapital taʼmirlanib, 163 milliard soʻmlik qurilish-taʼmirlash ishlari amalga oshirildi. “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlariga binoan 29 ta maktabda 79 milliard 9 million soʻmlik qurilish-taʼmirlash ishlari bajarildi.
Termiz shahrida Respublika byudjeti mablagʻlari hisobidan 40 milliard soʻm mablagʻ hisobiga 168 oʻrinli Prezident maktabi barpo etilmoqda. Mazkur taʼlim muassasasiga 144 nafar oʻquvchi oʻqishga qabul qilindi.
Zamon shiddati tezlashib, oldimizga bir-biridan oʻtkir va murakkab masalalarni qoʻyayotgan bugungi davrda yoshlarning dunyoqarashini zamonaviy bilim, yuksak maʼnaviyat va maʼrifat asosida shakllantirish barchamizdan yanada masʼuliyat talab etmoqda.
Shuni ishonch bilan aytish mumkinki, Siz, hurmatli oʻqituvchi va murabbiylar farzandlarimizning Vatanga sadoqatli, ilmli, kasb-hunarli boʻlib kamol topishi yoʻlida bor bilim va tajribangizni ayamaysizlar.
Biz esa Siz, azizlarning mashaqqatli va sharafli mehnatingizni munosib qadrlashga, Sizlar bilan bir safda turib, yelkama-elka faoliyat olib borishga, qoʻllab-quvvatlashga hamisha tayyormiz.
Fursatdan foydalanib, Sizlarni, Sizlar orqali viloyatimizda taʼlim sohasida faoliyat koʻrsatayotgan barcha oʻqituvchilarni, murabbiylarni va ustozlarni yana bir bor kasb bayramingiz bilan tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, baxt va omad, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka tilayman.
Doimo sogʻ-omon boʻling, aziz ustozlar!