Tojikistonlik hamkasblariga yaqindan koʻmak bergan shifokorlarimiz yurtimizga qaytdi
Avval xabar berganimizdek, koronavirus infektsiyasiga qarshi kurashish, kasallikka chalingan bemorlarni samarali davolashda katta tajriba va malakaga ega bir guruh shifokor mutaxassislarimiz Tojikiston Respublikasiga yoʻl…
Avval xabar berganimizdek, koronavirus infektsiyasiga qarshi kurashish, kasallikka chalingan bemorlarni samarali davolashda katta tajriba va malakaga ega bir guruh shifokor mutaxassislarimiz Tojikiston Respublikasiga yoʻl olishgan edi. Bugun tojikistonlik hamkasblari bilan hamkorlikda samarali faoliyat olib borgan shifokorlarimiz yurtimizga qaytishdi. Bu haqda sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.
Taʼkidlash joizki, muxassislarimiz tomonidan safar davomida Tojikiston Sogʻliqni saqlash vazirligi masʼullari hamda shifokorlari ishtirokida qator anjumanlar tashkil etilib, ularda Oʻzbekistondagi epidemik vaziyat va kasallikning oldini olishda amalga oshirilgan chora-tadbirlar va erishilgan yutuqlar haqida batafsil maʼlumot berildi, oʻzaro fikr va tajriba almashindi. Shuningdek, kasallikka chalingan bemorlarni samarali davolash, shaxsiy himoya vositalaridan toʻgʻri foydalanish, gigiyena qoidalariga rioya qilish va shifoxonalarda zararsizlantirish tadbirlarini amalga oshirish tartib-qoidalari boʻyicha master-klass mashgʻulotlari ham oʻtkazildi.
Umuman olganda, yurtimiz mutaxassislarining 14 kun davomida tojikistonlik mutaxassislar bilan birgalikda olib borgan koronavirus infektsiyasining oldini olish hamda davolashga qaratilgan amaliy chora-tadbirlari katta samara berayotganligi ular tomonidan ham alohida eʼtirof etildi. Darhaqiqat, oʻzbek-tojik xalqlari hamisha bir-biriga yelkadosh boʻlib kelgan. Buni zarur koʻmak va kerakli tavsiyalari bilan tojik xalqiga yaqindan yordam bergan fidoyi shifokorlarimiz misolida ham guvoh boʻlishimiz mumkin.