Payshanba, 12-noyabr, 2026 Toshkent +2° USD 11 974,02 EUR 13 432,46 RUB 144,58

TRANSPORTDA QOIDABUZARLIK

U bilan bogʻliq jinoyat ishlarini koʻrishning ayrim masalalari xususida Mamalakatimizda keng tarmoqli transport tizimi barpo etilgan. Transport vositalarining koʻpayishi esa, transport bilan bogʻliq ijtimoiy munosabatlarni…

TRANSPORTDA QOIDABUZARLIK

U bilan bogʻliq jinoyat ishlarini koʻrishning ayrim masalalari xususida
Mamalakatimizda keng tarmoqli transport tizimi barpo etilgan. Transport vositalarining koʻpayishi esa, transport bilan bogʻliq ijtimoiy munosabatlarni yanada sifatli tartibga solinishini, bu sohada sodir etilayotgan ijtimoiy xavfli qonunbuzilishlarning oldini olishga qaratilgan keng qamrovli chora-tadbirlar ishlab chiqilishini taqazo etadi.
Mazkur toifadagi jinoyatlar (tansport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) garchi ehtiyotsizlik natijasida sodir qilinsa-da, yoʻllarda baxtsiz hodisalar yuz berishi oqibatida fuqarolarning hayoti va sogʻligʻi xavf ostida qolishi hamda jabrlanuvchining oilasi ogʻir ahvolga tushib qolishi sababli sudlar tomonidan ushbu toifadagi ishlarni koʻrishda alohida yondashuv talab qilinadi.
Sudlar ushbu toifadagi jinoyat ishlarini koʻrishda sudlanuvchining harakatlarini toʻgʻri malakalash, jabrlanuvchining qonuniy manfaatlarini himoya qilish, vakolatli davlat idoralari va keng jamoatchilikni yuz bergan hodisaga eʼtiborini jalb qilish, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi va Jinoyat-protsessual kodeksi normalarini toʻgʻri qoʻllay bilishi nihoyatda muhim hisoblanadi.
Taʼkidlash lozimki, hozir mamlakatimizda transport harakati va undan foydalanish xavfsizligini taʼminlash boʻyicha yetarli huquqiy baza yaratilgan.
Bu borada sudlar uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining “Transport harakati va undan foydalanish xavfsizligiga qarshi jinoyatlar bilan bogʻliq ishlar yuzasidan sud amaliyotining ayrim masalalari toʻgʻrisida” 2015 yil 26 iyundagi 10-sonli qarori muhim normativ hujjat hisoblanadi. Mazkur qaror transport harakati va undan foydalanish borasida sodir etilayotgan jinoyatlarga qarshi samarali kurashish, jinoyatlarning oldini olishda sudlar tomonidan foydalaniladigan keng qamrovli huquqiy hujjat hisoblanadi.
Ushbu qaror Oʻzbekiston Respublikasida transport harakatining huquqiy va tashkiliy asoslarini belgilovchi qonun va normativ huquqiy hujjatlar nazarda tutilganligi, transport harakati va undan foydalanish xavfsizligiga oid atamalar va transport turlariga sharhlar berilganligi, jinoyatlarning obʼekti, obʼektiv tomoni, subʼekti va subʼektiv tomonini ifodolovni belgilar, tushunchalar mavjudligi, shuningdek jinoyatlarni bir-biridan farqlash, ularni kvalifikatsiya qilish va jazo tayinlashga oid tushuntirishlar berilganligi bilan ahamiyatlidir.
Amaldagi qonunchilik talabiga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasida nazarda tutilgan jinoyat subʼekti sifatida haydovchilik guvohnomasiga ega, yoʻl harakati qoidalarini buzganligi uchun haydovchilik guvohnomasi olib qoʻyilgan, tegishli turdagi transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilingan, umuman transport vositasini boshqarish huquqiga ega boʻlmagan, qoʻsh boshqaruvli oʻquv (mashq) transport vositasida transportni boshqarishni oʻrgatayotgan shaxslar topilishi mumkin.
Shuningdek, yoʻl transport hodisasi sabablarini tekshirishda  yoʻl harakati yoki transport vositalaridan foydalanish qoidalarining qaysi bandlari buzilganligini va ulardan qaysilari Jinoyat kodeksining 266-moddasida nazarda tutilgan oqibatlar bilan bogʻlanishda boʻlganligini aniqlash muhimdir.
Yoʻl harakati qoidalari ikki yoki undan ortiq yoʻl harakati ishtirokchisi tomonidan buzilgan hollarda, Jinoyat kodeksining 266-moddasi boʻyicha jinoiy javobgarlik faqat transport vositasini boshqarish borasidagi harakatlari yuqoridagi moddada koʻrsatib oʻtilgan oqibatlar bilan sababiy bogʻlanishda boʻlgan haydovchidagina kelib chiqadi. Transport vositasini boshqarish borasidagi harakatlari kelib chiqqan oqibatlar bilan sababiy bogʻlanishda boʻlmagan boshqa haydovchi esa yoʻl harakati qoidalarini buzganligi uchun maʼmuriy javobgarlikka tortilishi lozim.
Shuningdek, sudlar yoʻl transport hodisasida aybdor, deb topilgan shaxsga nisbatan jazo turi va muddatini belgilashda insonparvarlik, odillik tamoyillaridan kelib chiqib, har bir ish boʻyicha alohida yondashuv toʻgʻrisidagi qonun talabiga qatʼiy rioya qilishlari, sodir etilgan jinoyatning  ijtimoiy xavflilik darajasiga hodisa sodir boʻlgandan keyin shaxsning xatti-harakatiga, xususan uning jabrlanuvchiga tibbiy yordam koʻrsatish uchun qilgan harakatlari, jabrlanuvchi va uning oilasiga moddiy va boshqa tarzda yordam berganligi, jinoyat natijasiga yetkazilgan moddiy va maʼnaviy zararni qoplaganligi, jazoni yengillashtiruvchi yoki ogʻirlashtiruvchi boshqa holatlarga alohida eʼtibor berishlari lozim.
Bu bir tomondan, aybdor, uning himoyachisi yoki yaqin qarindoshlarida yoʻl transport hodisasi natijasida yuzaga kelgan salbiy oqibatlar bartaraf etilgan taqdirda aybdorga nisbatan yengillik berilishi mumkinligi hissini tugʻdirsa, ikkinchi tomondan jabrlanuvchining buzilgan huquq va manfaatlarini ortiqcha ovoragarchiliklarsiz, tez kunlarda tiklanishiga xizmat qiladi. Bu pirovard natijada mamlakatimizda amalga oshirilayotgan liberallashtirish siyosatiga muvofiq boʻladi.
Shuningdek, tashkilot, korxona, muassasalarda xizmat vazifalarini bajarishga vijdonsiz munosabatda boʻlish, transport vositalarining qoniqarsiz ahvoli, mehnat va ijro intizomini buzish, avtomobil yoʻllari, koʻchalar, temir yoʻldan oʻtish joylari va boshqa yoʻl inshootlarini saqlash qoidalarini buzish kabi jinoyat sodir etilishiga imkon yaratib bergan hollar aniqlanganda, sudlar xususiy ajrim chiqarish yoʻli bilan tegishli davlat organlari mansabdor shaxslari eʼtiborini shu holatlarga qaratishlari, shuningdek ish boʻyicha avtomobil yoʻllari, koʻchalar, temir yoʻldan oʻtish joylari va boshqa yoʻl inshootlarini saqlash qoidalarining qoʻpol ravishda buzilishi, yaʼni yoʻllarning choʻkishi, yer osti inshootlari lyuklarining ochiq qoldirilishi, ogohlantiruvchi belgilar qoʻyilmaganligi holatlari aniqlanib, ushbu holatlar Jinoyat kodeksining 266-moddasida nazarda tutilgan oqibatlarni keltirib chiqargan yoʻl-transport hodisasi uchun sharoit tugʻdirgan boʻlsa, sudlar mazkur qoidalarga rioya etilishiga masʼul shaxslar harakatiga huquqiy baho berish uchun tegishli materiallarni prokurorga yuborishlari lozim.
Xulosa qilib aytganda, transport harakati va undan foydalanish xavfsizligini taʼminlash yoʻllarda baxtsiz hodisalar sonini kamaytirish – fuqarolarning hayoti va sogʻligʻini himoya qilishning muhim omilidir.

A.Raxmatov,
Jinoyat ishlari boʻyicha Boysun tuman sudining raisi

Jinoyat ishlari boʻyicha Denov tuman sudining sudyasi J.Xursandov

Mavzuga oid