Ukrainalik sobiq deputatning Moskvadan oʻligi chiqdi
Ukraina Oliy Radasining sobiq deputati Ilya Kivaning jasadi Moskva yaqinidagi Suponevo qishlogʻidan topildi. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi. “U otib tashlandi. Kiva kabi xoinlarni ham shu taqdir kutmoqda”, deb yozdi…
Ukraina Oliy Radasining sobiq deputati Ilya Kivaning jasadi Moskva yaqinidagi Suponevo qishlogʻidan topildi. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.
“U otib tashlandi. Kiva kabi xoinlarni ham shu taqdir kutmoqda”, deb yozdi Ukrainaning “Babel” nashri oʻz manbalariga tayanib.
Kiva 2022 yilda Ukrainani tark etgan boʻlib, joriy yilning noyabr oyi oʻrtalarida Lvovning Lichakivskiy sudi uni sirtdan 14 yilga ozodlikdan mahrum qilgandi. “Muxolifat platformasi” partiyasidan Oliy Radaning sobiq deputati davlatga xiyonat qilish, nafrat uygʻotish, hokimiyatni egallashga chaqirish va agressiv urush, kommunistik totalitar tuzum belgilaridan ommaviy foydalanishda ayblangan. Xalqaro qidiruvga berilgan sobiq deputat esa Rossiyadan boshpana topgan edi.
Ukraina Mudofaa vazirligining Bosh razvedka boshqarmasi vakili Andrey Yusov ham Kivaning oʻlimini tasdiqladi. Unga koʻra, Oliy Radaning sobiq deputati Ukraina xavfsizlik xizmati tomonidan oʻtkazilgan maxsus operatsiya davomida yoʻqotilgan.
“Ha, biz buni tasdiqlaymiz. Putinga sotilgan barcha xoinlar birin-ketin oʻldiriladi”, deydi Yusov.
Kivaning oʻlimi haqidagi maʼlumotni RF Tergov qoʻmitasining Moskva viloyati boshqarmasi ham tasdiqlagan. Departament maʼlumotlariga koʻra, Oliy Radaning sobiq deputati oʻqdan olgan jarohatlari oqibatida vafot etgan. Voqea yuzasidan qotillik moddasi boʻyicha jinoiy ish ham qoʻzgʻatilgan.