Yaponiyada O’zbekistonning boy madaniyati va sayyohlik salohiyati namoyish etildi
Yaponiyada yurtimizning boy madaniyati va sayyohlik salohiyatini keng targ’ib qilish maqsadida mamlakatimizning elchixonasi tomonidan joriy yil 7-8 oktyabr kunlari Tokio shahridagi Shiba bog’ida “Minato festivali”…
Yaponiyada yurtimizning boy madaniyati va sayyohlik salohiyatini keng targ’ib qilish maqsadida mamlakatimizning elchixonasi tomonidan joriy yil 7-8 oktyabr kunlari Tokio shahridagi Shiba bog’ida “Minato festivali” doirasida O’zbekiston milliy bo’lmasi tashkil etildi.
O’zbek xalqining boy madaniyati, urf-odatlari, milliy an’ana va qadriyatlarini o’zida mujassam etgan milliy hunarmandchilik va to’qimachilik mahsulotlari, yapon tilida tayyorlangan turli ma’lumotnoma, qo’llanma va fotomateriallar mamlakatimiz bo’lmasidan joy oldi.
Shuningdek, ko’rgazma doirasida milliy mahsulotlarimiz eksportini qo’llab-quvvatlash maqsadida Yaponiyada yurtimizning milliy mahsulotlari savdosi bilan shug’ullanadigan “Misty Caravan” kompaniyasi bilan hamkorlikda O’zbekistonda ishlab chiqarilgan to’qimachilik, kasanachilik, gilam, sharob va non mahsulotlarining savdosi ham uyushtirildi.
Mazkur tadbir tashkilotchisi – Minato meriyasi Xalqaro aloqalar departamenti direktori Sugai Mariko bu yilgi tadbirda 12 mamlakat elchixonasi tomonidan milliy bo’lmalar tashkil etilgani ma’lum qilindi. U mamlakatimiz milliy bo’lmasi ko’pchilikning e’tibori markazida bo’lganini qayd etar ekan, joriy yil sentyabr oyida Minato tumani bilan hamkorlikda mahalliy hamjamiyat vakillari o’rtasida O’zbekistonni keng tanitish imkonini beruvchi konsert dasturlari tashkil etilgani uchun minnatdorlik bildirdi. “Shubha yo’qki, bunday madaniy tadbirlar xalqlarimiz o’rtasida do’stlik rishtalarni mustahkamlashga va yapon sayyohlari oqimini ko’paytirishga ko’maklashadi”, dedi u.
Ma’lumot tariqasida qayd etish o’rinliki, “Minato festivali” har yili Tokio shahrining Minato tumani meriyasi tomonidan uyushtiriladi. Mazkur madaniy tadbir ishi bilan qariyb 200 ming kishi tanishadi.