FITCH Ratings xalqaro reyting agentligi Oʻzbekistonning xorijiy valyutadagi uzoq muddatli kredit reytingini “BB-” darajasida barqaror prognoz bilan tasdiqladi. Bu haqda agentlik rasmiy saytida keltirilgan.

Qayd etilishicha, Oʻzbekiston reytingi bir tomondan yaxshi tashqi va fiskal bufer zaxiralarini, davlat qarzi darajasi pastligini, shuningdek, xuddi shunday reytingga ega boʻlgan boshqa davlatlar bilan solishtirganda yalpi ichki mahsulotning yuqori oʻsish tarixini hisobga oladi. Boshqa tomondan, “xomashyo sektoriga yuqori darajada qaramlik va aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot tomondan tarkibiy kamchiliklar, davlatning iqtisodiyotdagi kamayib borayotgan boʻlsada sezilarli darajadagi, raqobatbardosh boʻlmagan ishtiroki, shuningdek, yaxshilanayotgan boʻlsada haligacha zaif hisoblanadigan boshqaruv standartlari” kuzatilmoqda.“Oʻzbekiston hukumati iqtisodiyotdagi raqobatni ragʻbatlantirish maqsadida davlat korxonalarini xususiylashtirish va imtiyozli kreditlash hajmini yanada qisqartirishni oʻz ichiga olgan asosiy tarkibiy iqtisodiy islohotlarni amalga oshirmoqda. Hukumat 2023-yil may oyida qoldirilgan elektr energiyasi tariflari islohotini qayta boshlashni rejalashtirmoqda. Ushbu islohotning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi uzoq muddatli istiqbolda davlat moliyasiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi va davlatga tegishli elektr taqsimlovchi kompaniyalarning shartli majburiyatlari xavfini kamaytiradi”, deyiladi hisobotda.

Taʼkidlanishicha, ayni paytda milliy iqtisodiyot Ukrainadagi harbiy harakatlar va Rossiyaga qarshi sanksiyalar oqibatlariga chidamliligini koʻrsatmoqda, Oʻzbekiston banklari esa Gʻarb sanksiyalariga rioya qilish uchun nazorat choralarini amalga oshiryapti. Oʻzbekiston hukumati ikkinchi darajali sanksiyalardan qochish maqsadida Gʻarb davlatlari bilan mustahkam aloqalarni saqlab qolgan holda Rossiya bilan yaqin savdo aloqalarini davom ettiradi.

“Iyul oyida Konstitutsiyaning prezidentlik muddatini 5 yildan 7 yilga uzaytirgan yangi tahririga mufoviq oʻtkazilgan navbatdan tashqari saylovda prezident Shavkat Mirziyoyev gʻalaba qozondi. Oʻzbekiston tartibga solish sifati va hukumat samaradorligini oshirish orqali Jahon banki talqini boʻyicha boshqaruv sifati koʻrsatkichlarini yaxshiladi”, deydi mutaxassislar.
Shuningdek, yillik budjet taqchilligi yomonlashuv tomoniga qayta koʻrib chiqilganidan keyin 5,1 foizni tashkil etishini kutmoqda (qonun bilan 2023-yil uchun 3 foizlik defitsit rejalashtirilganiga qaramay). Koʻrsatkich yanada manzilli ijtimoiy xarajatlar va subsidiyalarni ratsionalizatsiya qilish boʻyicha kutilmalarni inobatga olgan holda 2024-yilda 4,3 foiz va 2025-yilda 3,4 foizgacha tushishi prognoz qilingan.
Fitch joriy hisob taqchilligi 2023-yilda 4,8 foizgacha (chet elda ishlayotgan fuqarolarning pul oʻtkazmalari normallashishi va savdo kamomadi yomonlashgani sababli) va 2024-2025-yillarda oʻrtacha 4,7 foizga oshishini kutmoqda. Shuningdek, 2023-2025-yillarda umumiy davlat yalpi qarzi (shu jumladan hukumat tashqi kafolatlari) yalpi ichki mahsulotning 37 foizidan sal yuqoriroq darajasida barqarorlashishini prognoz qilyapti.
”Elektroyenergetikadagi subsidiyalar boʻyicha keng koʻlamli islohot qancha kechiktirilsa, budjet taqchilligi shunchalik sekin kamayadi”, deb hisoblamoqda agentlik tahlilchilari.
Tashkilot birinchi yarim yillikda real yillik iqtisodiy oʻsish 5,6 foizni (2022-yilda — 5,7 foiz) tashkil etganini maʼlum qilib, Oʻzbekiston uchun yaxshi oʻsish istiqbollarini qayd etdi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan