Rossiya Federatsiyasi Kemerovo viloyatining Mariinsk shahrida oʻzbek xalqining otashin shoiri Usmon Nosirga haykal oʻrnatildi va 2023-yilning 4-sentyabr kuni ushbu yodgorlikning ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Bu haqda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi xabar qildi.

Tadbirni Kemerovo viloyati gubernatori Sergey Sivilyov ochib berdi. Marosimda Oʻzbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi favqulodda va muxbor elchisi Botirjon Asadov, Rossiya tashqi ishlar vazirligining Novosibirskdagi vakili Nikolay Afanasyev, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, Oʻzbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid va boshqa ijodkorlar soʻzga chiqdi.

Anjumanda Novosibirskda taʼlim olayotgan oʻzbekistonlik talabalar, xorijiy mamlakatlarda doimiy va vaqtincha yashayotgan vatandoshlar, shuningdek, mahalliy ijodkorlar va Kemerovo viloyati Mariinsk shahrining keng jamoatchilik vakillari qatnashdi.

Haykal muallifi Konstantin Zenich shoir Usmon Nosirning oʻziga xos siymosini yarata olgan.
Oʻzbekiston delegatsiyasi, Oʻzbekiston elchixonasining Novosibrskdagi bosh konsulxonasi hamda mahalliy aholi vakillari Mariinskdagi oʻrmonzor qaridagi qatagʻon qurbonlari mozorida dafn etilgan Usmon Nosirning qabrini ziyorat qildi. Qurʼon tilovat qilinib, oʻtganlar xotirasi yod etildi. Shoirning qabriga gullar qoʻyildi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan